“Jujutsu Kaisen” 3-mavsum treyleri taqdim etildi

“Jujutsu Kaisen” anime serialining uchinchi mavsumi treyleri taqdim etildi. Bu haqda Crunchyroll o‘zining Anime Awards mukofotini qo‘lga kiritgan serialning besh yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan maxsus jonli efir davomida e’lon qildi.
Yangi mavsum, shuningdek, “Jujutsu Kaisen: The Culling Game” nomi bilan ma’lum bo‘lib, manga asosidagi xuddi shu nomli arcning ekranlashtirilgan talqinidir. Serial Osiyodan tashqari barcha hududlarda Crunchyroll tomonidan eksklyuziv tarzda namoyish etiladi va har bir yangi qism Yaponiyadagi premyera kuni bilan bir vaqtda haftalik tarzda efirga uzatiladi.
Chiqarilgan ilk tizerda bosh qahramon Yuji Itadori Shibuya fojeasidan so‘ng chuqur ichki azob va ayb hissi bilan kurashayotgani ko‘rsatiladi. Unda Yujining Yuta Okkotsu bilan jang sahnasi, shuningdek, yangi qahramon Naoya Zenin va Choso o‘rtasidagi to‘qnashuv ham namoyish etiladi. Tizerdan Megumi Fushiguro, Yuki Tsukumo va Maki Zeninning qisqa ko‘rinishlari ham joy olgan.
Uchinchi mavsumda manga asosidagi Itadori’s Extermination(Itadorining yo‘q qilinishi), Perfect Preparation (Mukammal tayyorgarlik) va Culling Game (Qonli o‘yin) boʻlimlari yoritilishi rejalashtirilgan. Unda Yujining jamiyat tomonidan xavf sifatida qabul qilinishi, Maki Zeninning o‘zgarishi va qahramonlarning yangi ittifoqlar, shuningdek, qarama-qarshiliklarga duch kelishi tasvirlanadi.
Loyihani MAPPA studiyasi ishlab chiqmoqda. Rejissyorlikni Shota Goshozono, ssenariy va kompozitsiyani Hiroshi Seko, personaj dizaynlarini esa Yosuke Yajima va Hiromi Niva tomonidan yaratiladi.
Yapon ovoz beruvchilari tarkibida Junya Enoki (Yuji Itadori), Yuma Uchida (Megumi Fushiguro), Daisuke Namikava (Choso) va Megumi Ogata (Yuta Okkotsu) ishtirok etadi.
Premyeraga qadar muxlislar uchun maxsus film — “Jujutsu Kaisen: Qatl — Shibuya fojeasi va Qonli o‘yin” (Execution — Shibuya Incident x The Culling Game)taqdim etiladi. U Yaponiyada 2025-yil 7-noyabrda, Shimoliy Amerikada esa 5-dekabrda namoyish qilinadi hamda 3-mavsumning dastlabki ikki qismini o‘z ichiga oladi.
Anime serialning premyerasi 2026-yil yanvar oyida boʻlishi rejalashtirilgan.