Davolovchi kinokartinalar: terapevtik kuchga ega 8 ta film

Kinofilm nima? Ko‘ngil ochish, chalg‘ish, vaqt o‘tkazish imkoniyati? To‘g‘ri! Bundan tashqari, yaxshi kino biz hayotda duch keladigan ko‘plab vaziyatlarning metaforasidir. U bizga o‘zimizni va atrofdagilarni yaxshiroq tushunishga yordam beradi. Shuning uchun ham kino ko‘rayotganda kulamiz yoki xafa bo‘lamiz.
Ushbu maqolada kinoterapiya seansini oʻtkazamiz. Hozir sizni qiynayotgan muammo haqida oʻylang. Toʻgʻri, quyidagi filmlar muammoni hal qilib qoʻymaydi, lekin yolgʻiz emasligingizni koʻrsatadi, qoʻllab-quvvatlash yoki motivatsiyani qayerdan olish mumkin ekanini namoyish etadi.
“Angel-A”, Fransiya (2005)
28 yoshli Andreni Parij banditlari ta’qib qilmoqda. Yigit umrining soʻnggi kunlarini yashayotgani haqida oʻylay boshlaganda, yoʻlida toʻsatdan bir qiz paydo boʻladi. Ha, aynan yoʻlida. Qora ko‘ylak kiygan qiz bosh qahramonning ko‘z o‘ngida oʻzini koʻprikdan Sena daryosiga tashlaydi.
Andre ham notanish ayolni qutqarish uchun o‘zini suvga otdi. Lekin kim kimni qutqarishi soʻroq ostida qoladi? Ma’lum bo‘lishicha, qizning ismi Farishta-A bo‘lib, u muhtojlarga yordam beradi.
Farishta-A paydo bo‘lishi bilan Andrening hayotida hayratlanarli o‘zgarishlar sodir bo‘la boshlaydi. Ehtimol, ushbu yorqin fentezi-komedik melodramani tomosha qilgandan so‘ng, sizni ham shunga o‘xshash holat kutishi mumkin.
Yolg‘izlik hissidan azob chekayotganlar koʻrishi tavsiya etiladi.
“The Kingʻs Speech”, Buyuk Britaniya (2010)
Albert — York gertsogi. U akasi taxtdan voz kechganidan keyin taxtga o‘tirishga tayyorlanmoqda. Albert Britaniya monarxiyasining buzilmas an’analarini davom ettirib, qirol Jorj IV bo‘lishi kerak. Lekin u sulolaning davomchisi bo‘lishni sira istamaydi. Buning jiddiy sababi bor — u duduqlanadi.
Bu ssenariy muallifi Devid Saydlerning fantaziyasi emas, balki tarixiy haqiqat hisoblanadi. Georg IV haqiqatan ham ko‘p duduqlanardi, ayniqsa, omma oldida nutq so‘zlash arafasida. Millat va jahon hamjamiyati bunday qirolni jiddiy qabul qiladimi?
Qo‘rqoqlik, qat’iyatsizlik, fobiya yoki nomukammallik kompleksi, motivatsiyaning yo‘qligidan qiynalayotganlar uchun tavsiya qilinadi.
“Sugʻur kuni”, AQSh (1993)
“Bu hayotingizdagi eng yomon kun. Balki uni yana qaytadan yasharmiz”, — filmdagi ibora voqealar mohiyatini toʻliq aks ettiradi.
Teleboshlovchi Fil Konnors har yili Pensilvaniyaga keladi, u yerda 2-fevral sug‘ur kuni nishonlanadi. Bu hazil bayram bo‘lib, u har doim quvnoqlik va kulgi bilan birga keladi. Ammo bu safar hammasi boshqacha bo‘ladi.
Fil har tongda 2-fevral kuni uygʻonishni boshlaydi. Avvaliga bu g‘alati tuyuladi, keyin esa g‘ashiga tegadi. Oxir-oqibat, bosh qahramon deyarli aqldan ozish darajasiga kelib qoldi (bunga ajablanmasa ham bo‘ladi).
“Sug‘ur kuni” komediya janrida bo‘lishiga qaramay, falsafiy kinokartina ham hisoblanadi. Tomoshabin bosh qahramon bilan birgalikda ko‘plab savollarga javob topadi. O‘tmishni qanday tuzatish mumkin? U yoki bu hodisaning oldini olish mumkinmi? Bizning xatti-harakatlarimiz o‘zimiz va atrofdagilar uchun qanday oqibatlarga olib keladi?
Depressiyada, hayot mazmunini yoʻqotib qoʻyganda “qabul qilish” tavsiya etiladi.
“Run, Lola, Run”, Germaniya (1998)
Insonning oʻz taqdiri va atrofdagilarga boʻlgan munosabati haqida yana bir “vaqt halqasi"ni oʻzida jamlagan kinokartina. Butun filmni qamrab olgan asosiy savol “Agar shunday bo‘lganida nima bo‘lardi?” Ammo taqdir ham o‘z shartlarini qo‘yadi.
Film “Lego” prinsipi asosida qurilgan. Qismlarning o‘rnini almashtirish mumkin — harakatlar ketma-ketligi unchalik muhim emas. Qochayotgan qizning yo‘lida uchraydigan odamlarning hammasi muhimroq.
Ushbu “preparat” o‘z hayotiga ta’sir qila olmaslik, resurslar qolmagani va charchoq hissida qabul qilinadi.
“1+1”, Fransiya (2011)
Aristokrat Filipp og‘ir jarohat natijasida nogironlar aravachasiga mixlanib qolgan. Unda hamma narsa bor: obro' ham, saroy ham, pul ham. Lekin asosiy narsa salomatlik yo‘q. Unga jismonan kuchli yordamchi kerak.
Yaqinda qamoqdan ozod bo‘lgan Driss ismli yigit bu vazifaga eng kam mos keladi. Buning ustiga u ishlashni ham istamaydi — Filippning oldiga faqat rasmiy rad javobini olish uchun keladi (mehnat birjasining talabi).
Ammo ish beruvchi boshqacha qaror qabul qiladi. Driss rad javobini olmaydi. Buning o‘rniga u Filippning yordamchisiga aylanadi.
Kommunikativ muammolarni hal qilish uchun ajoyib vosita. Tushunmovchiliklarni yengishga, yaqinlar, do‘stlar, hamkasblar bilan umumiy til topishga yordam beradi.
“An Angel At My Table”, Yangi Zellandiya, Avstraliya, Buyuk Britaniya (1990)
Janetning ota-onasi, to‘rtta singlisi, ukasi bor, sochlari olovrang. Baxtli bo‘lish uchun yana nima kerak? Qani endi hammasi shunchalik oddiy bo‘lsa…
Filmning bosh qahramoni — kamgap, tortinchoq, uyatchan, iste’dodi yaqqol namoyon bo‘lgan qiz. U she’rlar va hikoyalar yozadi. Ularni avval maktabda baholashdi, keyinroq, qiz kollejda o‘qiyotganda, hatto nashr eta boshlaydi.
Biroq u o‘zini juda xunuk deb hisoblaydi. Uyatchanlik va tashqi ko‘rinish bilan bog‘liq kompleks tufayli qizda iste’dodli odamlarning asosiy hamrohi bo‘lgan depressiya rivojlanadi. Ammo Janet ruhiy kasalliklar shifoxonasiga tushib qoladi, u yerda unga noto‘g‘ri tashxis qo‘yiladi — shizofreniya.
Iroda kuchini mustahkamlash uchun, qat’iyat, maqsadga intilish yetishmaganda tavsiya etiladi.
A Street Cat Named Bob, Buyuk Britaniya (2016)
Rejissyor Rojer Spottisvudning yorqin avtobiografik filmi, u giyohvand moddalarga qaramlikdan aziyat chekkan va iroda kuchi hamda malla mushuk tufayli tuzalib ketgan. Bosh qahramon deyarli hamma narsasini ishini, uy-joyini yoʻqotgandi, ota-onasi undan yuz oʻgirgandi.
Bir payt u zararli odatidan voz kechishga qat’iy qaror qiladi. Albatta, bu oson bo‘lmaydi. Giyohvandlik odamni darhol qo‘yib yubormaydi, ba’zida esa hech qachon qo‘yib yubormasligi mumkin.
Zararli odatlarga qarshi kurashayotganlar uchun tavsiya etiladi.
“The Blues Brothers”, AQSh (1980)
Ikki aka-uka Jeyk va Elvud katolik boshpanasiga yordam berishga qaror qiladi. Ular hozirgi kunlari yaxshi bo‘lmagan bu muassasada ulg‘ayishgan. Agar boshpana 5000 dollarlik ko‘chmas mulk solig‘ini to‘lamasa, 11 kundan keyin buzib tashlanadi.
Aka-ukalar boshpana foydasiga xayriya konserti uyushtirishga qaror qilishadi. Ammo buni amalga oshirish oson emas. Jeyk qamoqdan endigina ozodlikka chiqqan, Chikagodagi butun jinoyat olami Elvudni ta’qib qilmoqda. Shunga qaramay, aka-ukalar bir vaqtlar mashhur bo‘lgan “The Blues Brothers” guruhini to‘plash uchun o‘zining Blyuzmobilida yo‘lga chiqadi.
Barcha narsalarni ochib tashlamaymiz. Shunchaki, odatiy Gollivud filmlarida bo‘lgani kabi, tomoshabin adrenalin olishi ta’minlangan.
Kino o‘zini toliqqan, loqayd his qilayotgan, o‘z kuchiga ishonmay qo‘ygan odamlar uchun tavsiya etiladi.
