Oldin va hozir: “Merlin” seriali aktyorlari 17 yil ichida qanchalik o‘zgardi?

Britaniya televideniyasining eng mashhur fantastik seriallaridan biri — “Merlin” 2008-yilda efirga uzatilgan va qisqa vaqt ichida butun dunyo tomoshabinlarining e’tiborini qozongan. Julian Jons, Jeyk Michi, Jonni Keps va Julian Myorfi tomonidan yaratilgan bu serialda Kolin Morgan, Bredli Jeyms, Keti Makgrat, Angel Kolbi va Richard Uilson kabi aktyorlar ishtirok etgan. U Artur afsonalarini zamonaviy tarzda qayta talqin etgan holda, sadoqat, do‘stlik va taqdir o‘rtasidagi murakkab bog‘liqlikni yoritadi.
Agar “Brigada” do‘stlik, mafia va hokimiyat o‘rtasidagi ziddiyatni ko‘rsatgan bo‘lsa, “Merlin” esa yosh sehrgar Merlin va kelajakdagi qirol Artur o‘rtasidagi murakkab, ammo samimiy rishtani tasvirlaydi. Sehr va sarguzashtlarga to‘la bu hikoya o‘rta asrlar fonida insoniy qadriyatlar, fidoyilik va jasoratni chuqur yoritadi.
BBC One kanali orqali efirga uzatilgan ushbu serial 5 mavsum davom etdi va ko‘plab tomoshabinlar uchun afsonaviy ertakni yangicha ko‘z bilan ko‘rish imkonini berdi. Qahramonlarning o‘sishi, do‘stlik sinovlari va sehrli dunyo — bularning barchasi “Merlin"ni haqiqiy klassikaga aylantirgan.
Bugun esa Afisha.uz “Merlin” aktyorlarining bugungi hayotiga nazar tashlaydi — ular qayerda, nimalar bilan band, va serialdan keyin ularning ijodiy yo‘li qanday davom etgani haqida qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etadi.
Kolin Morgan
1986-yilda Shimoliy Irlandiyaning Armag shahrida tug‘ilgan britaniyalik aktyor Kolin Morgan “Merlin” serialidagi bosh qahramon — yosh sehrgar Merlin roli orqali butun dunyoda tanildi. Serial boshlanganida u 22 yoshda edi va o‘z qahramonining samimiyligi, sadoqati va ichki kuchini mahorat bilan ifodalab, millionlab tomoshabinlarning qalbidan joy oldi.
“Merlin"dagi muvaffaqiyat Morgan ijodiy faoliyatidagi burilish nuqtasiga aylandi. Keyingi yillarda u “Insonlar”, “Oltin kuz”, “Hayot va o‘lim” kabi loyihalarda ishtirok etib, o‘zining dramatik mahorati va obrazlar xilma-xilligini yana bir bor isbotladi.
Bugun Kolin Morgan nafaqat kino va televideniye olamida, balki teatr sahnasida ham faol ijod qilmoqda. U Britaniya sahna san’ati namoyandalaridan biri sifatida zamonaviy aktyorlik maktabining eng iste’dodli vakillaridan deb e’tirof etiladi.
Bredli Jeyms
1983-yilda Angliyaning Devon grafligida tug‘ilgan britaniyalik aktyor Bredli Jeyms “Merlin” serialidagi Artur Pendragon roli orqali butun dunyoda mashhurlikka erishdi. Serial boshlangan paytda u 25 yoshda edi va o‘z qahramonining jasorati, sadoqati hamda insoniy zaif tomonlarini birdek ifodalab, tomoshabinlarda chuqur taassurot qoldirdi.
“Merlin"dagi muvaffaqiyat Bredli uchun katta sakrash maydoniga aylandi. U keyinchalik “Men Zombi”, “Shifokorlar: O‘z ishining ustalari”, “Xaloskor” kabi loyihalarda bosh rollarni ijro etib, o‘zining jozibali xarakter va dramatik mahoratini namoyish etdi.
Bugun Bredli Jeyms xalqaro miqyosda faoliyat yuritayotgan aktyor sifatida turli kino va seriallarda ishtirok etishda davom etmoqda. U o‘zining tabiiy xarizmasi va obrazlarga chuqur kirish qobiliyati bilan ingliz aktyorlik maktabining yorqin vakillaridan biri sifatida tan olingan.
Angel Kolbi
1980-yilda Angliyaning London shahrida tug‘ilgan britaniyalik aktrisa Angel Kolbi “Merlin” serialidagi Gvinevra (Gven) roli orqali keng tanildi. Serial boshlanganida u 28 yoshda edi va o‘z qahramonining mehribonligi, sadoqati va kuchli irodasini nozik ifodalab, tomoshabinlar qalbidan chuqur o‘rin oldi.
“Merlin"dagi ishtiroki Kolbining ijodiy faoliyatida muhim bosqich bo‘ldi. Keyingi yillarda u “Chekkadagi raqs”, “Tunel”, “Qolipdan tashqarida” va “Gumon” kabi loyihalarda ishtirok etib, dramatik obrazlarni mahorat bilan yaratishda o‘z salohiyatini yana bir bor namoyon etdi.
Hozirda Angel Kolbi kino va televideniye sohasida faol ishlashda davom etmoqda. U o‘zining tabiiy jozibasi, mayin ovozi va chuqur hissiy o‘yin uslubi bilan britan ekranlarining eng e’tiborga molik aktrisalaridan biri sifatida tan olingan.
Keti Makgrat
1983-yilda Irlandiyaning Uiklou grafligi hududida tug‘ilgan aktrisa Keti Makgrat “Merlin” serialidagi Morgana roli orqali xalqaro miqyosda tanildi. Serial boshlanganida u 25 yoshda edi va o‘z qahramonining begunohlikdan zulmat tomon o‘tishini, ichki iztiroblarini va kuchli xarakterini mahorat bilan ifodalab, tomoshabinlarni hayratda qoldirdi.
“Merlin"dagi muvaffaqiyat Makgratning aktyorlik faoliyatidagi burilish nuqtasiga aylandi. Keyinchalik u “Drakula”, “Yura davri dunyosi”, “Super qiz” va “Qirol Arturning afsonaviy qilichi” kabi yirik loyihalarda rol o‘ynab, turli janr va xarakterlarni ishonarli tarzda yaratish qobiliyatini namoyish etdi.
Ayni vaqtda Keti Makgrat xalqaro darajadagi mashhur aktrisa sifatida faoliyatini davom ettirmoqda. U o‘zining xarizmasi, chuqur nigohi va murakkab ayol obrazlarini yaratishdagi mahorati bilan zamonaviy kinematografiyaning eng jozibali yuzlaridan biri sifatida tan olingan.
Entoni Xed
1954-yilda Angliyaning London shahrida tug‘ilgan britaniyalik aktyor Entoni Xed “Merlin” serialidagi qirol Uter Pendragon roli orqali keng auditoriya e’tiborini qozondi. Serial boshlanganida u 54 yoshda edi va o‘z qahramonining qat’iyligi, adolatparvarligi hamda otalik hissiyotlarini chuqur ifodalab, hikoyaning dramatik ohangiga mustahkam asos yaratdi.
“Merlin"dan avval Entoni Xed allaqachon mashhur edi — u “Baffi vampir qotili” serialidagi Rupert Jayls roli orqali xalqaro tanlovga sazovor bo‘lgan. Keyinchalik esa “Kichik britaniyalik”, “Doktor kim?”, “Ted Lasso” va boshqa ko‘plab loyihalarda ishtirok etib, o‘zining keng ijro diapazonini namoyish etdi.
Bugun Entoni Xed aktyorlik, qo‘shiqchilik va teatr sahnasidagi faoliyatini birdek davom ettirayotgan san’atkor. U o‘zining jozibali ovozi, intellektual obrazlari va sahnadagi tabiiyligi bilan britan aktyorlik maktabining hurmatli vakillaridan biri sifatida tan olingan.
Richard Uilson
1936-yilda Shotlandiyaning Grinok shahrida tug‘ilgan shotlandiyalik aktyor Richard Uilson “Merlin” serialidagi saroy tabibi — Gaius roli orqali yosh tomoshabinlar avlodi orasida ham mashhurlikka erishdi. Serial boshlanganida u 72 yoshda edi va o‘z qahramonining donoligi, mehribonligi va hazilkash tabiati bilan hikoyaning ruhiy markaziga aylandi.
“Merlin"dan oldin Uilson allaqachon Britaniya televideniyasining sevimli yuzlaridan biri edi. U “Bir oyog‘i go‘rda” sitkomidagi Viktor Meldryu roli orqali millionlab tomoshabinlarning qalbidan joy olgan, shuningdek “Doktor kim?”, “Hindistonga sayohat” va “Gulliverning sayohatlari” kabi loyihalarda ham yuksak mahorat ko‘rsatgan.
Bugun Richard Uilson uzoq yillik sahna va ekran faoliyati ortidan Britaniya san’atining faxriy arbobi sifatida e’tirof etiladi. U nafaqat aktyor, balki teatr rejissyori va san’at sohasida yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlovchi inson sifatida ham hurmatga sazovor.
Nataniel Parker
1962-yilda Angliyaning London shahrida tug‘ilgan britaniyalik aktyor Nataniel Parker “Merlin” serialida Arturning amakisi Agraveyn De Bua rolini ijro etib, tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Serialda u hiylakorlik va siyosiy ambitsiyalar bilan yo‘g‘rilgan murakkab xarakterni mohirlik bilan gavdalantirdi.
“Merlin"dagi roli Parker uchun allaqachon shakllangan ijodiy faoliyatining navbatdagi yorqin bosqichi bo‘ldi. U bundan avval “Inspektor Linley sirlari” teleserialida bosh rolni ijro etib, keng tanilgan. Shuningdek, “Tansoqchi”, “Arvohlar saroyi” va “Yulduz changi"kabi loyihalarda ham ishtirok etgan.
Bugun Nataniel Parker kino, teatr va televideniyada faol ijod qilayotgan tajribali san’atkorlardan biridir. U o‘zining salobatli ovozi, chuqur sahna madaniyati va murakkab obrazlarga jon kiritish mahorati bilan ingliz aktyorlik san’atining yuksak namunalaridan biri sifatida e’tirof etiladi.
Santyago Kabrera
1978-yilda Chilining Santyago shahrida tug‘ilgan aktyor Santyago Kabrera “Merlin” serialidagi Ser Lanselot roli orqali xalqaro tanlovda yanada katta e’tirofga sazovor bo‘ldi. Serialda u jasur, vafodor va yuragi toza ritsar obrazini samimiylik bilan gavdalantirib, tomoshabinlar qalbini zabt etdi.
“Merlin"dan avval Kabrera “Qahramonlar” serialidagi Ayzek Mendez roli orqali mashhurlikka erishgan edi. Keyinchalik u “Mushketyorlar”, “Katta kichik yolg‘onlar, “Najot” va “Yulduzli yo‘l: Pikard” kabi yirik loyihalarda ham ishtirok etib, har bir obraziga o‘ziga xos chuqurlik va karizma baxsh etdi.
Bugun Santyago Kabrera xalqaro miqyosda tanilgan aktyor sifatida turli kino va seriallarda faol ishlamoqda. U o‘zining jozibali tashqi ko‘rinishi, tabiiy aktyorlik iste’dodi va har bir rolda samimiylikni ustuvor qo‘ygan o‘yini bilan zamonaviy ekran san’atining eng e’tiborga molik yuzlaridan biri sifatida tan olingan.
Rupert Yang
1978-yilda Angliyaning London shahrida tug‘ilgan britaniyalik aktyor Rupert Yang “Merlin” serialidagi Ser Lion roli orqali keng auditoriya e’tiborini qozondi. Serialda u sadoqatli, jasur va sharafli ritsar obrazini yaratib, Kamelot qirolligining eng ishonchli himoyachilaridan biriga aylandi. Uning obrazidagi sokin kuch va sadoqat tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi.
“Merlin"dagi roli Yang uchun faoliyatidagi muhim bosqichlardan biri bo‘ldi. U shundan so‘ng “Doktor kim?”, “Foyl jangi”, “Odamlar shunchaki hech nima qilmaydi” kabi loyihalarda, shuningdek Netflix strim xizmatining mashhur “Bridjerton” seriali ikkinchi mavsumida ham muhim rol o‘ynab, o‘zining professional diapazonini kengaytirdi.
Hozirda Yang kino, teatr va televideniye olamida faol ijod qilishda davom etmoqda. U sahnadagi tabiiy jozibasi, ishonarli ijrosi va inglizcha muloyimlik bilan yaratilgan obrazlari orqali zamonaviy britan aktyorlik maktabining sevimli vakillaridan biri sifatida tan olingan.
Eysa Batterfild
1997-yilda Angliyaning London shahrida tug‘ilgan britaniyalik aktyor Eysa Batterfild “Merlin” serialida yosh Mordred rolini ijro etib, ilk bor keng auditoriya e’tiboriga tushgan. U o‘z qahramonining sokin, ammo ich-ichida kuchli ziddiyatlarni yashirgan tabiati bilan tomoshabinlar yodida qolgan.
Keyinchalik Batterfild “Yo‘l-yo‘l pijamali bola” filmidagi Bruno roli orqali xalqaro miqyosda tanildi va “Hyugo”, “Ender o‘yini”, “Peregrin xonimning g‘alati bolalar uyi” kabi yirik loyihalarda ham muvaffaqiyat qozondi. Eng katta mashhurlikka esa Netflix’ning “Jinsiy tarbiya” serialidagi Otis obrazi orqali erishdi — bu rol unga global miqyosda taniqlilik va yoshlar orasida ulkan muxlislar armiyasini olib keldi.
Bugun Eysa Batterfild yosh bo‘lishiga qaramay, zamonaviy ingliz kinosining eng istiqbolli va universal aktyorlaridan biri sifatida tan olingan. U o‘zining hissiyotlarga boy o‘yini, tabiiy xarizmasi va obrazlarga chuqur kirish qobiliyati bilan tomoshabinlar qalbini zabt etishda davom etmoqda.
“Merlin” serialining suratga olish jarayonlari haqida qiziqarli faktlar

“Merlin” seriali 2008-yildan 2012-yilgacha suratga olingan. Bu davr ichida serialning jami 5 ta mavsumi va 65 ta epizodi yaratilgan. So‘nggi, beshinchi mavsum 2012-yil dekabr oyida yakunlangan. Tasvirga olish jarayonida kuzatilgan g‘ayrioddiy faktlarni ko‘rib chiqamiz.
- Merlinning sehrli ko‘zlar effekti aslida oddiy linzalar va kompyuterda keyingi tahrir bilan yaratilgan. Kolin Morgan bir necha marotaba linzalar sabab ko‘z og‘rig‘idan shikoyat qilgan.
- Kolin Morgan vegetarian hisoblanadi. Shu sababli serialdagi barcha ziyofat sahnalarida u go‘shtli taomlar o‘rniga sabzavotli variantlardan foydalangan. Hatto ba’zi sahnalarda “go‘sht” sifatida tofu ishlatilgan.
- Loyihaning bir nechta epizodlari Uelsdagi qishloqlarda qishda olingan. Aktyorlar zirh kiyimida titrab turishgan, ammo kamera qarshisida o‘zini “jasur ritsar"dek tutishgan.
- Bredli loyihadagi eng sho‘x va shaddod aktyor bo‘lgan. U ko‘pincha Kolin Morganning sehrli so‘zlarini aytayotgan paytda uni kuldirib yuborgan.
- Haqiqiy ko‘rinish uchun yaratilgan ritsarlik zirhlari juda og‘ir bo‘lib, aktyorlar ularni ko‘tarib yurishda jarayonida charchab qolgan. Natijada yengil “plastik” variantlar ishlab chiqilgan.
- Angel Kolbi bir oʻlimdan omon qolgan: jang sahnalaridan birida ot qo‘rqib, yo‘nalishni o‘zgartirib yuborgan. Aktrisa tezda sakrab tushib, jiddiy jarohatdan omon qolgan.
- Serialdagi mashhur Kamelot qal’asi sahnalari Fransiyadagi Pyerfon qasrida suratga olingan. Aksar tomoshabinlar bu joyni haqiqiy Uels deb o‘ylashgan.
- Morgana obrazining qorong‘ilashib borishini ifodalash uchun uning liboslari har mavsumda asta-sekin yanada to‘q ranglarda tanlangan.
- Qirol Uter Pendragon obrazini yaratgan aktyor aslida otlardan biroz cho‘chigan. Jang sahnalarining ko‘pi dubl bilan olingan.
- Oxirgi epizod suratga olinayotgan kuni butun jamoa, jumladan rejissyorlar ham, hissiyotga berilib yig‘lashgan. Morgan keyinroq bu kunni “hayotimdagi eng og‘ir, ammo faxrli lahza” deb atagan.
Saundtrek
Serial rasmiy musiqasini taniqli bastakor Robert Leyn yozgan. 2008-yilda dastlab ikki qism uchun saundtrek yozilgan bo‘lib, serialning yakuniy mavsumida yana ikkita qo‘shiq bastalangan. Shu tariqa “Merlin” musiqiy albomi 4 ta bir-biridan musqatil trekdan iborat bo‘ldi. Bastakor ushbu asarlari ortidan ko‘plab mashhur mukofotlarga sazovor bo‘lgan.



















