Vaqtga sayohat haqida eng yaxshi 10 ta filmlar

E’lon qilingan sana· 186
Vaqtga sayohat haqida eng yaxshi 10 ta filmlar

Hayotimizda hech bo‘lmaganda bir marta o‘ylaganmiz: “Agar o‘tmishga qaytish imkonim bo‘lsa, o‘sha xatoni tuzatardimmi yoki aynan oʻsha xato meni bugungi “men”ga aylantirdimi?”

Vaqt to‘xtamasdan oqadi, na orqaga burilsa boʻladi, na oldinga o‘tsa boʻladi. Balki shuning uchun ham vaqtga sayohat haqidagi filmlar bizni shunchalik o‘ziga tortar, axir ular orzular, pushaymonlik hissi va umuman inson taqdirini doim oʻrtaga qoʻyadi.

Quyidagi filmlar nafaqat fantastik, balki ular bizni hayot, tanlov va hozirgi lahzaning qiymati haqida yana bir bor o‘ylashga undovchi manba.

1. Interstellar (2014)

Nolan bu filmda vaqtni fizika orqali emas, sevgi orqali o‘lchaydi. Astronavt Kuper koinotning sovuq bo‘shlig‘ida qoladi, ammo yuragida qizi bilan bo‘lgan rishta uni ushlab turadi. “Interstellar” ilmiy fantastika ko‘rinishida bo‘lsa-da, aslida bu film ota va farzand o‘rtasidagi vaqt bilan kurashi haqida.

Reyting: IMDb 8.7 | Letterboxd 4.3/5 | Kinopoisk 8.6

2. Kelajakka qaytib (1985)

Bu film vaqt mashinasidan ham kattaroq hikoya — oilaviy tarix haqidagi hikoya. Marti Makflay o‘tmishga qaytib, ota-onasining taqdirini o‘zgartirishga urinadi. Film o‘zining sodda mantigʻi bilan jozibador: har bir kichik harakat butun kelajakni o‘zgartiradi. “Kelajakka qaytib” bizga vaqtning mexanik oʻlchovini emas, inson hislari qanday o‘lchanishini ko‘rsatadi.

Reyting: IMDb 8.5 | Letterboxd 4.2/5 | Kinopoisk 8.6

3. Vaqt haqida (2013)

Bu film vaqt haqida emas, hayot ritmi haqida. Tim o‘tgan lahzalarga qayta kira oladi, lekin oxir-oqibat tushunadi: hayotni go‘zal qiladigan narsa uni qayta yashash emas, to‘liq his qilish. Filmning har bir kadri mehr, sokinlik va hayotning bejirim go‘zalligini eslatadi. Ushbu film tomoshabinni vaqtni emas, lahzani qadrlashga o‘rgatadi.

Reyting: IMDb 7.8 | Letterboxd 4.1/5 | Kinopoisk 7.9

4. Vaqt qorovuli (2014)

Bu film aqlni sinovdan o‘tkazadi. Maxfiy agent vaqt orqali jinoyatchini to‘xtatmoqchi bo‘ladi, lekin oxirida o‘zining kimligini anglab, halqani yopadi. Filmning o‘ziga xosligi shundaki, u vaqtni hodisa emas, o‘zlikning shakli sifatida ko‘rsatadi. Biz unda faqat kelajakni emas, kimligimizni izlaymiz.

Reyting: IMDb 7.4 | Letterboxd 4.0/5 | Kinopoisk 7.6

5. Kapalak effekti (2004)

Bu film “agar” so‘zini eng koʻp eslatadigan voqealarga ega. Qahramon o‘tmishni tuzatmoqchi bo‘ladi, ammo har bir o‘zgarish yangi og‘riq keltiradi. Film bizga shuni eslatadiki, ba’zan narsalarni tuzatmaslik — ularni qabul qilishning eng samimiy shaklidir. Vaqt bu yerda fojia emas, balki hayot sabogʻi.

Reyting: IMDb 7.6 | Letterboxd 3.6/5 | Kinopoisk 7.8

6. Kelajak chegarasi (2014)

Bu film “qayta tugʻilish” g‘oyasini boshqacha ko‘rsatadi. Qahramon har safar o‘ladi va yana qayta tiriladi. Har gal xato qiladi, har gal yaxshiroq jang qiladi. Bu nafaqat jangari film, balki inson irodasining kuchi qanchalik boʻla olishi haqidagi hikoya. Har o‘lim — yangi saboq, har qaytish — yangi imkon.

Reyting: IMDb 7.9 | Letterboxd 3.9/5 | Kinopoisk 8.0

7. Tenet (2020)

Nolan bu safar vaqtni orqaga oqizadi, ammo tomoshabin hislarini oldinga itaradi. Gʻoyoki ushbu film tushunish uchun emas, sezish uchun ishlangandek. Film matematik jumboq ichida sadoqat va tanlov haqida so‘zlaydi. Har bir kadr, har bir burilish inson qarorining kuchini eslatadi.

Reyting: IMDb 7.3 | Letterboxd 3.6/5 | Kinopoisk 7.6

8. Vaqt gʻubori (2012)

Bu film o‘tmish va kelajak o‘rtasidagi eng keskin savolni qo‘yadi: inson o‘z taqdirini o‘ldira oladimi? Rayan Jonson jinoyat va vaqtni birlashtirib, fojiali hikoya yaratdi. Bu film zamonaviy fantastika uchun noyob hodisa boʻlgan: Vijdonni markazga qoʻygan texnologiya.

Reyting: IMDb 7.4 | Letterboxd 3.8/5 | Kinopoisk 7.3

9. Janob Hech kim (2009)

118 yoshli janob Hech kim — Nemo o‘z hayotining har bir yo‘lini eslaydi: har bir tanlov — boshqa hayot. Film “to‘g‘ri yo‘l yo‘q, faqat yashash bor” degan falsafani ko‘rsatishga harakat qiladi. Rejissyor tomoshabinni javob izlashga emas, his qilishga undaydi.

Reyting: IMDb 7.8 | Letterboxd 4.3/5 | Kinopoisk 7.4

10. Yerlik odam (2007)

Hech qanday sun’iy effekt, hech qanday vaqt mashinasi yo‘q. Faqat suhbatdan iborat film. Professor “Men 14 ming yildan beri yashayman,” deydi va ayna shu bir og‘iz so‘z film dinamikasini agʻdar-toʻndar qiladi. Film juda sokin, ammo yetarlicha oʻz ta’siriga ega. Rejissyor vaqtni falsafiy tajriba sifatida his qildirishga urinadi: inson o‘tkinchi, ammo uning hikoyasi abadiy.

Reyting: IMDb 7.9 | Letterboxd 4.2/5 | Kinopoisk 7.8

Xulosa

Bu filmlar vaqt haqida emas, inson haqida. Ular texnologiya yoki mexanika emas, hayotning o‘zini tahlil qiladi. Kamera uchun vaqt bu nur va harakat bo‘lsa, inson uchun — his va xotira. Menimcha, eng yaxshi filmlar esa shu ikkalasini birlashtira olganlaridir.

Samandar Erkinjonov
Muallif
Samandar Erkinjonov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling