Happy Halloween! "Dahshatlar" haqidagi kulgili film va multfilmlar jamlanmasi

E’lon qilingan sana· 1 194
Happy Halloween! "Dahshatlar" haqidagi kulgili film va multfilmlar jamlanmasi

Etni junjuktiradigan salqin havo, sarg‘ayib yerga to‘kilgan barglar, qovoq va uzun tunlarsiz kuzni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ayniqsa qovoqsiz, u nafaqat mazali qovoq mantining ajralmas qismi, balki butun kuz ramzi sifatida qaraladi. Ammo bugun gap manti haqida emas. Chunki qovoq Halloween bayramining ramzi hamdir.

Halloween — 31-oktabrda nishonlanadigan qadimiy bayramlardan biri. Uning kelib chiqishi kelt xalqining “Samhain” nomli hosil terimi marosimiga borib taqaladi. O‘sha davrlarda odamlar bu kechada yovuz ruhlar yerga tushadi, deb ishonishgan va o‘zlarini himoya qilish uchun niqoblar kiyib, olov yoqishgan. Bugun esa bu an’ana zamonaviy shaklga kirib, dunyodagi eng mashhur “dahshatli” bayramlardan biri sifatida nishonlanadi.

Ammo qo‘rqishga hojat yo‘q, Afisha.uz Halloween munosabati bilan tomosha qilish uchun komediya janridagi film, multfilm va seriallar jamlanmasini taqdim etadi.


Ghostbusters

Bu film nafaqat klassika balki butun boshli madaniy fenomen ham hisoblanadi. 1984-yilda katta ekranlarda paydo bo‘lgan “Ghostbusters” filmi dahshat va komediyani ajoyib tarzda birlashtirgan kino tarixida o‘chmas iz qoldirdi. Filmning rejissyori Ivan Reitman, ssenariysi esa Dan Aykroyd va Harold Ramis tomonidan yozilgan. Asarda Nyu-York shahrida ilmiy tajribalari tufayli ishsiz qolgan uch olim — Piter Venkman, Ray Stants va Egon Spengler g‘ayritabiiy hodisalarni o‘rganishga kirishib, arvohlar bilan kurashuvchi “Ghostbusters” jamoasini tuzadi.

Film o‘z davrining eng muvaffaqiyatli komediyalaridan biri bo‘lib, o‘ziga xos atmosfera, yodda qoluvchi Rey Pekerning saundtreki, Bill Murrayning kinoyali hazillari va maxsus effektlari bilan tomoshabinlarni hayratga solgan.

Katta muvaffaqiyatdan so‘ng 1986-yilda “The Real Ghostbusters” nomli animatsion serial paydo bo‘ldi. U bir necha yil davomida efirda bo‘lib, bolalar orasida juda mashhur bo‘ldi. Serialdan keyin 1997-yilda “Extreme Ghostbusters” nomli spin-off ham chiqdi. Unda yangi avlod ovchilarining sarguzashtlari tasvirlanadi.

Filmning mashhurligi natijasida 1989-yilda “Ghostbusters II” nomli davomi suratga olindi. Bu safar jamoa yana Nyu-Yorkni yovuz ruhlardan qutqarishga majbur bo‘ladi. Film birinchi qismdagi iliq kayfiyatni saqlagan holda, biroz ko‘proq fantastika elementlarini qo‘shgan.

2016-yilda Pol Fieg rejissyorligida ayollar jamoasi bilan yangi talqin — “Ghostbusters"namoyish etildi. Bu filmda Melissa Makkarti, Kristen Vig, Keyt Makkinnon va Lesli Jones bosh rollarni ijro etishdi. Film tanqidchilar orasida turlicha baholangan bo‘lsa-da, yangi avlod tomoshabinlariga “Ghostbusters” olamini qayta eslatib qo‘ydi.

2021-yilda esa “Ghostbusters: Afterlife” nomli film chiqdi. Rejissyori Ivan Reytmanning o‘g‘li Jeyson Reytman bo‘lib, bu qism asl filmlar hikoyasining davomchisi sifatida yaratilgan. Filmda yoshlar avlodi bobolari merosini eski “Ghostbusters” uskunalarini topib, yangi arvohlar bilan to‘qnashadi. 2024-yilda esa uning davomi “Ghostbusters: Frozen Empire” taqdim etildi, unda eski va yangi qahramonlar birlashadi.

Filmni tomosha qilish.


Family Addams

Eng mashhur oilalardan biri “Addamslar oilasi” dastlab 1938-yilda rassom Chas Addams tomonidan “The New Yorker” jurnali uchun yaratilgan karikatura sifatida paydo bo‘lgan. Ularning o‘ziga xos qora yumori, g‘ayritabiiy hayoti va o‘zaro mehrga boy munosabatlari o‘quvchilarni hayratda qoldirgan. Shu tariqa, bu oila keyinchalik televizion seriallarga, filmlarga va hatto multfilmlarga asos bo‘ldi.

1964-yilda “The Addams Family” nomli birinchi teleserial efirga uzatildi. Qora-oq formatdagi bu serial klassik g‘aroyib oila obrazini yaratib berdi va tez orada kult darajasiga ko‘tarildi. Ammo bu oila haqidagi eng mashhur talqin 1990-yillar boshida yaratilgan: “The Addams Family” va “Addams Family Values” filmlari. Har ikkala filmni Berri Sonnenfeld suratga olgan bo‘lib, unda Anjelika Xyuston — Morticia, Raul Julia — Gomez va Kristina Richi — Uensdey rollari bilan tomoshabinlar qalbidan joy olishgan.

Yillar o‘tib, Addamslar yana qaytdi. 2019 va 2021-yillarda “The Addams Family” va “The Addams Family 2” nomli animatsion filmlar chiqdi. Ular oila haqidagi hikoyani zamonaviy vizual uslubda, lekin klassik ruhda davom ettirdi. Eng katta qaytish esa Netflix’ning “Wednesday” seriali orqali bo‘ldi. Rejissyori Tim Burton, bosh rolni esa Jenna Ortega ijro etdi. Serial Uensdeyning sirli maktabdagi hayoti va sarguzashtlarini tasvirlaydi. Serial bir zumda ommalashdi va yosh avlod uchun Addamslar merosini qayta tiriltirdi.

Filmni tomosha qilish.


Scooby-Doo

Bu afsonaviy multserial ilk bor 1969-yilda Hanna-Barbera studiyasi tomonidan yaratilgan. Asarning asl nomi “Scooby-Doo, Where Are You!” (“Scooby-Doo, qayerdasan?”) bo‘lib, unda sirli jinoyatlarni tergov qiluvchi yoshlar jamoasi va ularning qo‘rqoq, ammo mehribon iti Scooby-Doo sarguzashtlari tasvirlanadi.

Multserialning mashhurligi sababli u asosida o‘nlab film va spin-offlar yaratildi. Ularning orasida 1972−1973-yillarda “The New Scooby-Doo Movies”, 2002−2006-yillarda zamonaviy talqindagi “What's New, Scooby-Doo?”, 2015−2018-yillarda “Be Cool, Scooby-Doo!” hamda 2019−2021-yillarda “Scooby-Doo and Guess Who?” kabi talqinlari ishlab chiqilgan.

2000-yillar boshida Scooby-Doo olami katta ekranga ham ko‘chdi. “Scooby-Doo” va “Scooby-Doo 2: Monsters Unleashed” filmlari rejissyor Raja Gosnell tomonidan suratga olingan bo‘lib, unda Freddie Prinze Jr., Sarah Mishel Gellar, Matyuv Lillard va Linda Kardellini o‘z rollarini ijro etishdi. Bu filmlar klassik multfilm ruhini saqlab qolgan holda, jonli ijrodagi va zamonaviy effektlar bilan yangi avlod uchun qayta talqin qilindi.

Keyinchalik 2020-yilda “SCOOB!” nomli animatsion film chiqdi. U Skubi-du va Sheggi qanday tanishgani, ularning do‘stligi qanday boshlanganini hikoya qiladi. Filmda nostalgik unsurlar va kulgili sahnalar uyg‘unlashgan.

Multserialni tomosha qilish.


Beetlejuice

1988-yilda rejissor Tim Burton yaratgan “Beetlejuice” — bu qora yumor, gotik estetikasi va g‘ayritabiiy sarguzashtlarni birlashtirgan o‘ziga xos film. Filmda yangi uylangan juftlik kutilmaganda halok bo‘ladi va o‘z uylari yangi egalar tomonidan olinganini bilib qoladi.

Tim Barton bu filmda o‘zining eng mashhur uslubini yaratgan. Maykel Keaton ijrosidagi Bitljus o‘sha paytdanoq kino tarixidagi eng g‘ayrioddiy, ammo unutilmas obrazlardan biriga aylandi. Film tanqidchilar va tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olingan, hattoki eng yaxshi grim uchun “Oscar” mukofotini ham qo‘lga kiritgan.

Yillar davomida film kult maqomiga ega bo‘lib, 2019-yilda u asosida Broadway musiqiy spektakli sahnalashtirildi. Va nihoyat, 2024-yilda muxlislar orziqib kutgan “Beetlejuice Beetlejuice” ekranga chiqdi. Bu safar ham Barton o‘zining qora hazilini va vizual jlosini yo‘qotmadi, Keaton esa Bitljus roliga yana qaytdi.

Filmning muvaffaqiyati natijasida 1989-yilda “Beetlejuice: The Animated Series” nomli multfilm ham yaratilgan. Unda Beetlejuice yosh qizcha Lidiya bilan hayot va mamot oralig‘idagi g‘aroyib olamda turli sarguzashtlarga kirishadi. Multfilm bolalar uchun mo‘ljallangan bo‘lsa-da, u ham o‘zining sirli va kulgili ruhi bilan kattalarni ham o‘ziga qiziqtira olgan.

Filmni tomosha qilish.


Casper

1995-yilda rejissor Brad Silberling tomonidan “Casper” suratga olingan. Filmda “arvohlar uyi” deb atalgan eski saroyga yosh qiz Kat va uning otasi, arvohlar bilan muloqot qila oladigan psixolog doktor Xarvi ko‘chib kelishadi. U yerda ular kichkina, oppoq va mehribon arvoh Kasper bilan tanishadi.

Kasper boshqalardan farqli boʻlib, u odamlarni qo‘rqitishni emas, do‘st orttirishni xohlaydi. Uning beg‘uborligi, quvnoqligi va mehrga to‘la yuragi filmni bolalar uchun quvnoq, kattalar uchun esa nostaljik qiladi. Shu bilan birga, u yolg‘izlik, o‘lim va kechirim kabi chuqur mavzularni yumshoq, samimiy tilda yoritadi.

Film o‘z davrida texnologik jihatdan ham inqilobiy bo‘lgan — Casper ilk bor kompyuter grafikasida yaratilgan animatsion qahramonlardan biri sifatida tarixda qolgan. Uning jonli aktyorlar bilan tabiiy o‘zaro harakati 90-yillarning eng katta texnik yutuqlaridan biri deb e’tirof etilgan.

Muvaffaqiyatdan so‘ng “Casper” bir nechta davom filmlari va spin-offlarga ega bo‘lgan. Bular 1997-yilda Kasperning qanday qilib arvohga aylangani haqida “Casper: A Spirited Beginning”, 1998-yilda “Casper Meets Wendy” va 2000-yillarda esa turli multfilm va serial talqinlari paydo bo‘lgan, jumladan “The Spooktacular New Adventures of Casper”.

Filmni tomosha qilish.


The Mask

Chak Rassel tomonidan 1994-yilda chiqarilgan “The Mask” komediya, fantastika va aksiyaga boy film hisoblanadi. Filmning bosh rolida esa o‘z davrining eng iste’dodli komik aktyori Jim Karri ishtirok etgan.

Syujet markazida oddiy bank xodimi Stenli Ipkis, u hayotda juda tortinchoq, omadsiz va o‘zini ifoda eta olmaydigan inson sifatida koʻrsatiladi. Bir kuni u daryo bo‘yida sirli yashil niqob topadi. Uni taqqan zahoti Stenli quvnoq, betakror va o‘ziga ishongan qahramonga aylanadi. U niqob ostidagi g‘aroyib xarakterni jonlantirib, filmni o‘z davrining eng unutilmas komediyalaridan biriga aylantirgan. Yashil yuz, sarg‘ish kostyum va “Smokin'!” degan ibora pop-madaniyatda afsonaga aylangan.

“The Mask” katta muvaffaqiyat qozonib, bir nechta mukofotlarga sazovor bo‘lgan. Film asosida keyinchalik “The Mask: Animated Series” nomli multfilm ham yaratilgan. Unda Stenli va niqobning sarguzashtlari kulgili va bolalarga mos shaklda davom ettiriladi.

2005-yilda filmning davomi “Son of the Mask” chiqdi, ammo u original film darajasiga yetmadi. Shunga qaramay, “The Mask” bugun ham o‘z o‘rnini yo‘qotmagan.

Filmni tomosha qilish.


The Nightmare Before Christmas

1993-yilda ekranlarga chiqqan “The Nightmare Before Christmas” bu nafaqat Halloween, balki butun animatsiya tarixidagi eng o‘ziga xos filmlardan biri. Uni Genri Selik rejissyor sifatida boshqargan, biroq filmning asosiy g‘oyasi, obrazlari va estetikasi Tim Burton tomonidan yaratilgan.

Filmning markazida Jek Skellington Halloween Town shahrining “Qo‘rqinchlar qiroli”. Har yili dahshatli bayramni o‘tkazishdan charchagan Jek bir kuni tasodifan Christmas Town’ga kirib qoladi va bu yorqin, iliq, sovg‘alarga to‘la dunyoga oshiq bo‘lib qoladi. Shundan so‘ng u o‘z shahrida ham Rojdestvoni o‘tkazishga qaror qiladi ammo, tabiiyki, Halloween uslubida.

Film o‘zining “stop-motion” texnikasida ishlanganligi bilan ajralib turadi. Har bir kadr qo‘lda, soatlab mehnat bilan yaratilgan, bu esa filmga Tim Burton’ga xos atmosferani beradi. Denni Elfmen yaratgan “This Is Halloween” qo‘shig‘i saundtreki bugun ham bayramning ajralmas qismiga aylangan.

“The Nightmare Before Christmas” yillar davomida kult maqomini oldi: u Halloween va Christmas orasidagi chegarani buzib, har ikki bayramni o‘ziga xos tarzda birlashtirdi. Film asosida turli merchlar, o‘yinlar, teatr sahnalashtirishlari va hatto Disneyland’da maxsus attraksionlar yaratilgan.

Multfilmni tomosha qilish.


Hotel Transylvania

2012-yilda rejissor Gendi Tartakovskiy tomonidan yaratilgan “Hotel Transylvania” bu Halloween mavsumining eng quvnoq va oilaviy multfilmlaridan biri. Filmda mashhur yovuz qahramonlar — Drakula, Frankenshteyn, Mumiyalar, Bo‘rilar va boshqa maxluqlar o‘zini tinch his qiladigan joy Transilvaniya mehmonxonasi haqida so‘z boradi.

Multfilmning markazida Graf Drakula mehmonxonaning egasi. U bu joyni arvohlar, jinlar va maxluqlar uchun xavfsiz maskan sifatida yaratgan. Biroq, Drakula uchun eng muhim mehmon uning qizi Mavis boʻladi.

Film katta muvaffaqiyat qozonib, keyinchalik bir necha davomiy qismlar ham yaratiladi. 2015-yilda “Hotel Transylvania 2”, 2018-yilda Drakula nihoyat o‘ziga sevgi izlab butun oila dengiz sayohati haqidagi “Hotel Transylvania 3: Summer Vacation” va 2022-yildagi “Hotel Transylvania: Transformania”.

Shuningdek, “Hotel Transylvania” asosida “Hotel Transylvania: The Series” nomli multserial ham yaratilgan. Unda Mavisning yoshlik yillari va mehmonxona ichidagi kulgili sarguzashtlar aks etadi.

Multfilmni tomosha qilish.


Hazbin Hotel

Yana bir mehmonxona “Hazbin Hotel” — bu oddiy multfilm emas, balki qora yumor va musiqa uyg‘unlashgan o‘ziga xos animatsion serial. Uning g‘oyasi va dunyosi Viven Medrano tomonidan yaratilgan. Dastlab 2019-yilda YouTube’da chiqgan 30 daqiqalik pilot epizod butun internetni hayratda qoldirgan va millionlab tomoshabin to‘plagan. Keyinchalik loyiha A24 studiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, 2024-yilda to‘liq serial sifatida premyera qilindi.

Serial o‘zining aql bovar qilmas animatsiyasi, Broadway uslubidagi qo‘shiqlari va o‘tkir dialoglari bilan ajralib turadi. Har bir kadr rang, hazil va dramatik ohang mukammal uyg‘unlashgan. “Hazbin Hotel"'ning eng qiziqarli tomonlaridan biri — uning kulgili, lekin falsafiy mazmuni. Har bir personaj o‘zgarish istagi bilan tomoshabinni o‘ylantiradi. Bu serial “yovuz” degan tushunchaga yangi, murakkab qarash olib kirgan.

Multserialni tomosha qilish.


Qayd etilgan film, serial, multfilm va multseriallarning barchasi tomosha qilishga arzigulik. Biz esa sizga faqat ularning muqaddimasini havola qildik, xolos. Qaysi birini tanlash bu sizning kayfiyatingizga bog‘liq. Yoqimli tomosha tilaymiz!

Farangiz Akbarova
Muallif
Farangiz Akbarova
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling