Oldin va hozir: “Janob hech kim” filmi aktyorlari 17 yil ichida qanchalik o‘zgardi?

E’lon qilingan sana· 43 878
Oldin va hozir: “Janob hech kim” filmi aktyorlari 17 yil ichida qanchalik o‘zgardi?

O‘zbek kinosan’atining eng yorqin namunalaridan biri hisoblanuvchi “Janob hech kim” filmi rejissyor Mirmaqsud Oxunov tomonidan suratga olingan. Komedik drama janridagi film 2008-yilda tomoshabinlar e’tiboriga havola etilgan.

Syujetga ko‘ra, yoshligidan yetim qolgan Alisher tog‘asining oilasida ulg‘ayadi. U bora-bora qarindosh emas, shunchaki oilaning xizmatkoriga aylanadi. Bu paytda esa farzandlarining tarbiyasini unutib qo‘ygan tog‘asining oilasi parokandalikka yuz tutayotgan edi.

Alisher tog‘asining o‘gli Jahongirning o‘rniga uchrashuvga boradi. Uchrashuvda u avvaldan tanigan Oydin ismli qizni uchradi. Alisher uchrashuvga chiqib, qizga yoqmasdan, tog‘asining o‘g‘li to‘yini to‘xtashi kerak edi. Lekin bunday bo‘lib chiqmadi…

Afisha.uz ushbu maqolada “Janob hech kim” aktyorlarining bugungi hayotiga nazar tashlaydi — ular qayerda, nimalar bilan band, va loyihadan keyin ularning ijodiy yo‘li qanday davom etgani haqida qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etadi.

Alisher Uzoqov

  • false
  • false

2010-yillar o‘zbek kinosining eng yorqin yulduzlaridan biri, deyarli har bir kinosi katta qiziqish uyg‘otgan va foyda keltirgan aktyor Alisher Uzoqov filmda bosh qahramon Alisher rolini ijro etgan. 41 yoshli aktyor hozir asosan prodyuserlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqda.

Uzoqov bir necha yillik tanaffusdan so‘ng televideniyedagi faoliyatiga qaytib, Zo‘rTV kanalida The Cover Up loyihasini yo‘lga qo‘ydi. Ushbu ko‘rsatuv 5-mavsumdan iborat bo‘ldi va ularning to‘rttasida aktyorning o‘zi boshlovchilik qildi.

U, shuningdek, so‘nggi yillarda “Kuzda gullagan daraxt”, “Hayotda” va “Muzlagan” kabi filmlarda turli obrazlarda ko‘rinish berdi. Serqirra ijodkor 2025-yil sentyabr oyida o‘zining navbatdagi “Oshiqman” qo‘shig‘i va unga ishlangan klipni ham taqdim etdi.

Asal Shodiyeva

  • false
  • false

Aktrisa va qo‘shiqchi Asal Shodiyeva filmda Oydin rolini ijro etgan. Shodiyeva ham 2000-yillar oxiri va 2010-yillar boshida o‘zbek kinokomediyalarida o‘ynagan rollari bilan shuhrat qozongan. U bir necha qo‘shiq ham kuylagan.

Wikipedia`dagi ma’lumotga ko‘ra, 2013-yil aktrisa film san’atini tark etayotganini e’lon qilgan. Ammo undan keyingi yillarda bir necha filmda rol ijro etdi. Jumladan, u joriy yil 10-mart kuni premyera qilingan “Uyga qaytish” badiiy filmida bosh rolni ijro etdi.

Kinokartina ssenariy muallifi va postanovkachi rejissyor Dilshoda Qosimova hisoblanadi. Bosh rollarni Shodiyeva bilan birgalikda Feruza Yusupova va Sitora Alimjonovalar ijro etgan.

Hamid Toshpo‘latov

  • false
  • false

Filmda Alisherning tog‘asi Komilboy rolini ijro etgan aktyor Hamid Toshpo‘latov ayni paytda 68 yoshda. U 1969-yildan beri aktyorlik faoliyati bilan shug‘ullanib keladi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist 2007-yildan beri O‘zbek milliy akademik drama teatrida o‘z faoliyatini yuritadi. U so‘nggi marta 2024-yilda chiqarilgan “Ishq va anduh” filmida rol ijro etdi.

Toshpo‘latov keyingi yillarda ham kino va teatrda faol ijod qilib kelmoqda. U turli avloddagi tomoshabinlar tomonidan hurmat bilan tilga olinadigan, o‘z yo‘nalishida o‘zbek aktyorlik maktabiga katta hissa qo‘shgan san’atkorlardan biridir.

Mahfuza Bobotillayeva

  • false
  • false

1961-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan Mahfuza Bobotillayeva filmda Komilboyning rafiqasi rolini ijro etgan. U 1983-yildan O‘zbek milliy akademik drama teatri aktrisasi sifatida o‘z faoliyati boshlagan. Aktrisaning teatrdagi ilk roli “Parvona” spektakli bo‘lib, unda Yulduz rolini o‘ynagan

Mahfuza Bobotillayevaning kinofilmlardagi ilk roli 1987-yilda taniqli o‘zbek rejissori Melis Abzalov tomonidan suratga olingan “Armon” film bo‘ladi. Uni keng omma orasida yanada tanitgan loyiha aynan “Janob hech kim” hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist ayni vaqtda ham teatr va kinoda faol ravishda rollar ijro etib kelmoqda. Uni telenovellalar muxlislari “Iqror” loyihasida ham tez-tez uchratishi mumkin.

Muhammadsoli Yusupov

  • false
  • false

O‘zbek teatr san’ati darg‘alaridan biri Muhammadsoli Yusupov hozirda 70 yoshda. U “Janob hech kim"da Oydinning otasi Tohir rolini ijro etgan. U nafaqat aktyor, balki uzoq yillik tajribaga ega rejissyor ham hisoblanadi.

Ijodkor 1995-yildan boshlab bir necha yillar davomida Farg‘ona viloyat musiqali drama va komediya teatrida bosh rejissyor sifatida ishlagan. Aktyor 1999-yilda O‘zbekiston xalq artisti unvoniga sazovor bo‘lgan.

Bugun Yusupov nafaqat rejissyor, balki yosh ijodkorlar uchun ilhom manbai hisoblanadi. U o‘zbek teatrini zamonaviy, hayotga va tomoshabinga yaqin shaklda rivojlantirish tarafdori hisoblanadi.

Yulduz Hamidova

  • false
  • false

Mashhur aktrisa Yulduz Hamidova o‘zbek teletomoshabinlariga mehribon va oqko‘ngil ona obrazlari bilan yaxshi tanish. U filmda Oydinning onasi rolini ijro etgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Yulduz Hamidova 10-noyabr kuni 61 yoshni qarshi oldi.

Yulduz Hamidova tomoshabinlar uchun juda “yopiq” ijodkor hisoblanadi. Sababi aktrisa OAVga deyarli intervyu bermaydi, ijtimoiy tarmoqlarda faol emas, ustiga-ustak u salkam 10 yildan beri Amerikada istiqomat qiladi.

Aktrisa ellik yoshdan oshganda Los-Anjeles shahar kollejiga o‘qishga kirgan. U yerda moliyaviy yordam berilishi va til to‘liq o‘rgatilishi ijodkorni hayratga qoldirgan. U 70 dan oshgan kursdoshlari borligini ham qayd etgan.

Gulchehra Eshonqulova

  • false
  • false

“Fotima va Zuhra”, “Panoh” va “Shabnam” kabi filmlardagi rollari orqali mashhurlikka erishgan aktrisa Gulchehra Eshonqulova ham hozirda oilasi bilan AQSHda yashaydi. U 20-iyun kuni 44 yoshni qarshiladi.

Eshonqulova filmlardagi faoliyatini 2005-yilda Bahrom Yoqubov tomonidan suratga olingan “Fotima va Zuhra” filmida Fotima rolini o‘ynash orqali boshlagan. Keyinchalik aktrisa ketma-ket tarzda 10 dan ortiq film va seriallarda suratga tushdi.

Aktrisa 2024-yilda premera qilingan “Ishq va anduh” filmida bosh rollardan biri hisoblangan Nilufar rolini ijro etgan. Rejissyor Ibrohim Rasulovning aytishicha, filmni suratga olish ishlari 7 yil davom etgan. Ushbu kartina hozircha aktrisa ijrosidagi so‘nggi ijod mahsuli hisoblanadi.

Abdushukur Abdurahmonov

  • false
  • false

“Janob hech kim” filmida Jahongir (Joha) rolini ijro etgan san’atkor Abdushukur Abdurahmonov so‘nggi 10 yil davomida Rossiyada yashab, ijod qildi. U 2024-yil boshida Toshkentga qaytib keldi.

U 2000-yillarda “Fazo” guruhi vakili, keyinchalik Shukur Fazo taxallusi ostida qo‘shiqlar yaratib, yakkaxon xonanda sifatida tanilgan. U Rossiyaga mashhur “Golos” loyihasida ishtirok etish uchun ketgan.

“Janob hech kim"ning ssenariysini o‘qiganimda, qahramonimning hayoti menga yoqqan. Narkoman rolini ijro etsam, bu karyeram yoki shaxsiy hayotimga salbiy ta’sir qiladi, degan fikr bo‘lmagan, — deb ta’kidlaydi Abdurahmonov Afisha.uz`ga bergan intervyusida.

Iroda Nosirova

  • false
  • false

2010-yillar o‘zbek kinosining eng mashhur vakillaridan biri bo‘lgan Iroda Nosirova hozirda 44 yoshda. U faoliyatini teleboshlovchilikdan boshlagan. FIlmda rolini ijro etgan. Ijodkor 21 yoshidayoq “zapret"ga tushgani va bu 18 yil davom etganini ta’kidlaydi.

Dastlab, Nosirova televideniyedagi faoliyatidan chetlatilgan. Oradan biroz vaqt o‘tib, u kinolarda suratga tusha boshlagan. Biroq ayrim rahbarlarning nojo‘ya takliflariga rozi bo‘lmagani uchun kinodan ham chetlatilgan. Uning qo‘shiqlari ham efirga berilmagan.

So‘nggi yillarda Iroda Nosirova yana qayta faol ravishda boshlovchilik faoliyatini davom ettirmoqda. U bir muddat Zo‘rTV kanalidagi “Bu Kun” dasturida ishladi. Hozirda Milliy telekanalida ishlamoqda.

Madina Mumtoz

  • false
  • false

35 yoshli aktrisa Madina Mumtoz filmda Komilboyning sportchi qizi Gulzoda rolini ijro etgan. “Janob hech kim"dan keyin aktrisa muxlislar orasida yana ham tanilgan va ko‘plab filmlarga taklif etila boshlangan. Undan keyingi yillarda akrisa bir necha kinokomediyalarda rol ijro etdi.

Xususan, 2010-yilda katta ekranlarda namoyish etilgan “O‘zimdan o‘zimgacha”, 2012-yilda sur’atga olingan “Endi dadam bo‘ydoq” filmlari aktrisaga katta shuhrat olib keldi.

Madina Mumtoz hozirda faol ravishda blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanadi. U Instagram’dagi sahifasiga doimiy tarzda ovqatlar va ularning retseptlarini joylab boradi. U, shuningdek, Moozy bolalar kiyim do‘koni egalaridan biri hisoblanadi.

Halima Ibragimova

  • false
  • false

Aktrisa va so‘z ustasi Halima Ibragimova filmda Nozikbonu rolini ijro etgan. Ijodkor asosan komediya janridagi rollari bilan tomoshabinlarga tanilgan. U 2024-yil 7-dekabr kuni 45 yoshida sog‘lig‘idagi muammolar sabab vafot etdi.

Ibragimovaning ijodiy faoliyati ilk bor 2006-yilda “Anora” filmidagi kichik roli bilan boshlangan. U ko‘p yillar mobaynida Mirzabek Xolmedovning teatr-studiyasida faoliyati yuritgan. So‘nggi yillarda faol ravishda blogerlik bilan shug‘ullangan.

Aktrisa, shuningdek, taniqli xonanda Yulduz Usmonova va oilasining eng yaqin do‘stlaridan biri edi. Ijodkorning ikki nafar (bir o‘g‘il, bir qiz) farzandi bor.

Lola Eltoyeva

  • false
  • false

“Janob hech kim"ning onasi rolini o‘ynagan aktrisa Lola Eltoyeva hozirda 53 yoshda. Ijodkor faoliyati davomida 60 dan ortiq spektakllarda, 45 ga yaqin filmlarda rol ijro etgan. 200 ga yaqin filmlarga va bir necha teleseriallarga ovoz bergan.

U hozirgi kunda O‘zbek milliy akademik drama teatrida faoliyat olib bormoqda. Aktrisa 2023-yilda chiqarilgan “Abdulla Oripov” filmida Klara Xadjayevna, 2024-yilda sahna yuzini ko‘rgan “Birinchi qaldirg‘och” spektaklida Ma’suma Qoriyeva rollarini ijro etdi.

Eltoyeva O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist unvoniga ega. U, shuningdek, “Do‘stlik” ordeniga ham sazovor bo‘lgan. Aktrisa hozirda O‘zDSMI dotsenti hisoblanadi.

Saundtrek

Filmda Sardor Rahimxonning Boborahim Mashrab g‘azali asosida kuylangan “Yo Rab” nomli taronasi saundtrek sifatida foydalanilgan. Xonandaning o‘zi barcha rasmiy relizlarini tarmoqlardan olib tashlagani sababli qo‘shiqning asl varianti mavjud emas. Internetda faqat muxlislar tomonidan yuklangan versiyalar bor.

Humoyun Mahkamov
Muallif
Humoyun Mahkamov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling