Qozoq filmi uchun "Gorillaz" guruhing "Feel Good Inc." trek litsenziyasi deyarli 260 ming dollarga sotib olindi

E’lon qilingan sana· 4 554
Qozoq filmi uchun "Gorillaz" guruhing "Feel Good Inc." trek litsenziyasi deyarli 260 ming dollarga sotib olindi

Qozog‘istonlik rejissyor Aytore Joldaskalining yangi filmi “Auru” mamlakat kino sanoatida sezilarli hodisaga aylandi. Filmda britaniyalik mashhur guruh Gorillazning afsonaviy treklaridan biri — “Feel Good Inc.” ishlatilgani katta yangilik bo‘ldi. Bu Qozog‘iston kinosi tarixida ilk bor xalqaro musiqiy asarga rasmiy litsenziya olingan holatdir. Ayrim manbalarga ko‘ra, litsenziya narxi 127 million tenge atrofida baholangan. Bu oʻzbek soʻmida 3 milliard soʻmga yaqin hisoblanadi.

Bu bitim Topspot Records kompaniyasi orqali amalga oshirilgan. “Auru” jamoasi mualliflik huquqlarini hurmat qilgan holda, filmni global miqyosda e’tirof etilishi mumkin bo‘lgan darajaga olib chiqdi. “Feel Good Inc.” trekining filmda ishlatilishi esa ramziy ahamiyatga ega boʻlib, u tashqi “baxt” va ichki bo‘shliq o‘rtasidagi kontrastni ifodalaydi deyilgan.

Loyiha ustida Tartaria Films kompaniyasi va prodyuser Anna Kachko ishlagan. Film syujeti er-xotinning yolg‘on xayriya kampaniyasi atrofida kechadi. Ayol o‘zini og‘ir kasallikka chalingandek ko‘rsatadi, biroq bu aldov kutilmagan oqibatlarga olib keladi.

Bosh rollarni Ayan Otepergen va Dilnaz Kurmangali ijro etgan. Ssenariy mualliflari Kazibek Orazbek va Aldiyar Japarxan, operator Bag‘dat Arginov. Film xalqaro kinobozor Cannes Marche du Film dasturida taqdim etilgan bo‘lib, u orqali loyihaga xalqaro kompaniya Loco Films qiziqish bildirgan.

“Auru"ning Qozog‘istondagi premyerasi 2025-yil 13-noyabrda bo‘lib o‘tadi.

Gorillaz guruhi 1998-yilda Britaniyada musiqachi Deymon Albarn (Blur guruhi solisti) va rassom Jeymi Hevlet tomonidan yaratilgan virtual guruh. Ularning a’zolari haqiqiy odamlar emas, balki animatsion obrazlar boʻlgan 2-D, Murdok Nikals, Nudl va Rassel Hobs. Har bir obrazning o‘z tarixi, xarakteri va hatto “hayot yo‘li” mavjud bo‘lib, bu ularni nafaqat musiqiy, balki vizual hodisaga aylantirgan.

Guruhning birinchi albomi “Gorillaz” (2001) darhol jahon sahnasida portlagan, keyingi “Demon Days” (2005) esa “Feel Good Inc.” singari hitlar bilan ularning nomini abadiylashtirdi. Ushbu trek “Eng yaxshi pop-duet” yo‘nalishida Grammy mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling