Noyabr sovuqlaridan saqlanish uchun 10 ta "shinam" film

Noyabr oyi oʻzining sovuq ob-havosi bilan kirib keldi. Hali yangi yil filmlari ni qayta tomosha qilishni boshlashga biroz erta, biroq koʻngil hozir ham issiq koʻrpaga oʻranib, kuzgi kayfiyatni ulashadigan ichimliklar bilan kino koʻrishni tusaydi.
Afisha.uz ushbu jamlanmada kuzgi uzun tunlarni maroqli oʻtkazish uchun oʻziga xos “shinam” filmlar haqida ma’lumot beradi.
“A Man Called Otto”

Tom Henks rol ijro etgan filmlarning darajasi avtomatik tarzda koʻtariladi. Ushbu kinokartina ham mana shu tarifga toʻgʻri keladi. Syujet biroz klishe boʻlsa ham, sovuq kunlarda koʻrpaga oʻranib koʻrish va hayotga boʻlgan muhabbatni yana bir bor his qilish uchun ayni muddao boʻladi.
Quvnoq yosh oila qo‘shni uyga ko‘chib o‘tganda, Otto yangi oilani o‘z uslubida kutib oladi, lekin tez orada aqlli va homilador Marisol bilan kutilmagan do‘stlik uning dunyosini ostin-ustun qilib yuboradi.
“Lost in Translation”

Noyabrning xuddi cheksizdek koʻrinadigan uzun tunlarini mazmunli oʻtkazish uchun rejissyor Sofiya Koppola tomonidan suratga olinga, Bill Myurrey va Skarlett Yoxansson rol ijro etgan “Lost in Translation” filmi ham tavsiya etiladi.
Tokio, tun, qimmatbaho mehmonxonaning hashamatli bari… Bu yerda uyqusizlikdan qochgan, ikki amerikalik televideniye aktyori Bob Xarris va yosh ayol Sharlotta uchrashadi.
“Her”

Yuqoridagi filmdan keyin, albatta, Xoakin Feniksning solosiga aylangan “Her” kinokartinasini koʻrish lozim. Chunki bu ikki kino bir-biriga koʻrinmas ip bilan bogʻlangan. Ushbu film rejissyori Spayk Jonz va Sofiya Koppola 1999-yil turmush qurgan va 2003-yilda ajrashgan. “Lost in Translation” Sofiya Koppolaning sobiq turmush oʻrtogʻiga maktubi boʻlsa, “Her” Jonzning javob xati hisoblanadi.
Yolg‘iz yozuvchi Teodor foydalanuvchining har qanday xohishini bajarishga mo‘ljallangan yangi texnik ishlanma — operatsion tizimni sotib oladi. Tez orada operatsion tizim va Teodor oʻrtasida ishqiy munosabat boshlanadi.
“Vicky Cristina Barcelona”

Bunday sovuq kunlarda koʻpchilik issiq oʻlkalarga ketishni orzu qiladi. Bunday mamlakatlar doim filmlari orqali iliqlik kayfiyatini ulashishda yetakchi boʻladi. Barselona shahri ham shular jumlasidan. Rejissyor Vudi Allen tomonidan olingan filmda nafaqat Barselona balki Ispaniyaning boshqa goʻzal goʻshalarini koʻrish mumkin.
Amerikalik ikki yosh qiz Viki va Kristina yozgi ta’tilni Barselonada o‘tkazadi va bu shaharga juda maftun bo‘lib qoladi. Ular Antonio ismli yosh rassom bilan tanishadi. Viki yolgʻiz qolishga qaror qiladi, Kristina esa Antonio bilan birga ketadi.
“Into the Wild”

Inson va tabiatning oʻzaro chambarchas bogʻliq ekanini his qilish uchun bu filmni koʻrish kifoya. Real voqealarga asoslangan kinokartina yolgʻizlikni yoqtiradiganlar uchun ham ayni muddao boʻladi.
Kristofer MakKendless Emori kollejini eng yaxshi talabalar va sportchilar qatorida tamomlaganidan soʻng, oʻqish davrida toʻplab qoʻygan 24 ming dollarni xayriya jamgʻarmasiga berib, yovvoyi tabiatga shoʻngʻish uchun, avtostop uslubida Alyaskaga yoʻl oladi. Yoʻlda hayotiga u yoki bu tarzda ta’sir oʻtkazadigan turli insonlar bilan tanishadi.
“Little Miss Sunshine”

Har bir odam qalbida katta orzular bilan yashaydi. Ba’zida esa bu orzularni roʻyobga chiqarish uchun yaqin insonlarning yordami kerak boʻladi. Film oilaviy munosabatlar va egoizm mavzusini yaxshi ochib bergan deyish mumkin.
Oliv — “Kichik miss Baxt” tanlovida g‘olib bo‘lishni orzu qiladigan qizaloq. Uning oilasi ham Olivning orzusini ro‘yobga chiqishini xohlaydi, lekin ular o‘zlarining injiqliklari, asabbuzarliklari va muammolari bilan shunchalik bandki, qizga yordam berish qiyinchilik tugʻdiradi.
“Dead Poets Society”

Afsonaviy Robin Uilyams ijrosidagi ajoyib rollardan birini ushbu filmda koʻrish mumkin. 1989-yilda premyera qilingan kinokartina har xil reytinglarda yuqori oʻrinlarda turadi. Film “eng yaxshi ssenariy” nominatsiyasida Oskar mukofotini qoʻlga kiritgan.
Nufuzli xususiy maktab Amerika elitasi uchun yangi a’zolarini tayyorlaydi. Bir kuni maktabga yangi adabiyot oʻqituvchisi — xarizmatik va ekssentrik Jon Kiting keladi. Uning oʻqitish usullari boshqa oʻqituvchilarning konservativ yondashuvidan keskin farq qiladi. U oʻz shogirdlariga tanqidiy fikrlash koʻnikmalarini singdiradi va ularni “Carpe diem” (lahzadan zavqlaning) tamoyiliga amal qilishga undaydi. Kitingning shogirdlari uning otashin nutqlaridan ilhomlanib, bir paytlar uning oʻzi a’zo boʻlgan yashirin Oʻlik Shoirlar Jamiyatini qayta tiklashga qaror qiladi.
“Ishdagi ishq”

Hamkasblar Anatoliy Novoseltsev va Lyudmila Prokofyevna oʻrtasidagi noodatiy muhabbat haqidagi film haligacha sevib tomosha qilinadi. Eldar Ryazanov tomonidan suratga olingan kinokartina nafaqat komediya, balki oʻsha davrdagi oʻrtastatistik odamlar qanday hayot kechrishini ham koʻrsatib bergan.
Butun hayotini ishga bagʻishlagan Lyudmila Kalugina statistika muassasida ishlaydi. Anatoliy Novoseltsev esa shu muassasada katta statistik boʻlib ishlaydi va boshligʻini yomon koʻradi. Ammo ularning hayoti oʻzaro kesishishni boshlaydi.
“Muhabbat qissalari”

Afsonaviy hind aktyori Shohruhxon rol ijro etgan “Muhabbat qissalari” filmi syujet jihatidan “Dead Poets Society” kinokartinasini eslatib yuboradi. Biroq “Muhabbat qissalari"da oʻzgacha hindcha koloritdan, xususan, raqslar va musiqadan zavq olish mumkin.
Uch nafar yosh talaba elita uchun moʻljallangan va qattiqqoʻl Narayan Shankar rahbarlik qilayotgan erkaklar kollejida o‘qiydi va uning yotoqxonasida yashaydi. Shankar talabalar uchun o‘zining qat’iy qoidalarini o‘rnatadi: ular kollej hududini tark etishlari, tashqi dunyo bilan muloqot qilishlari, qizlar bilan uchrashishlari mumkin emas. Ammo musiqa oʻqituvchisining kelishi bilan hammasi oʻzgaradi.
“Little Women”

“Barbi” filmi bilan tanish boʻlgan rejissyor Greta Gervig avvalroq ushbu filmga ham rejissyorlik qilgan. Bundan tashqari, Garri Potter haqidagi filmlar seriyasida Germiona Greynjer obrazini gavdalantirgan va bir obraz asiri deya ta’riflanadigan Emma Uotson ham asosiy rollardan birini ijro etgan.
Film bir-biriga o‘xshamaydigan to‘rt opa-singilning voyaga yetishi haqida hikoya qiladi. Voqealar AQShdagi fuqarolar urushi davrida sodir bo‘ladi, ammo qizlar duch keladigan muammolar, jumladan, birinchi muhabbat, umidsizlik, azobli ayriliq va hayotda o‘z o‘rnini topish har qachongidan ham dolzarb.