Nolan fenomeni: nega uning filmlari hammaga birdek qiziqarli?

Kristofer Nolan haqida gap ketganda, bir qiziq qarama-qarshilik paydo boʻladi, ya’ni uning filmlari juda murakkab, chuqur falsafiy ma’noga ega, hatto ba’zida birinchi marta koʻrib tushunish deyarli mumkin emas. Biroq shunga qaramay, uning har bir filmi kassada yuzlab million dollarlar ishlaydi va oddiy tomoshabinlar ham, filmning chuqur ma’nosini tushunmoqchi boʻlgan aqlli odamlar ham bir xil zavq bilan tomosha qilishadi.
Axir qanday qilib buni eplash mumkin? Nega “Tenet” kabi vaqt teskari aylanadigan, hatto fiziklarni boshini qotiradigan film butun dunyoda mashhur boʻldi? Yokida qanday qilib “Interstellar” oliy fizika va nisbiy vaqt tushunchalari haqida gapira turib, millionlab odamlarni yigʻlatdi?
Albatta, bu savollarga javob oddiy emas, lekin aniq qaysidir omillar boʻlishi kerak. Keling, bugun Nolanning ushbu hammaga ishlaydigan “hiylalarini” birma-bir koʻrib chiqamiz.
Ikki qavat: Har bir sahna ikki xil odamlarga moʻljallangan

Nolanning eng katta ustunligi shundaki, u har bir sahnani, har bir gapni ikki qatlamda yasaydi.
Birinchi qatlam (oddiy tomoshabin uchun): Vizual jihatdan koʻzni qamashtiruvchi sahnalar, jang sahnalari va ruhiy ta’sir. Siz “Muqaddima"dagi tush mantigʻini tushunmasangiz ham, otishma sahnalari, qulab tushayotgan bino ichida jang — bularning hammasi sizni oʻrningizdan turolmaydigan darajada qiziqtiradi.
Ikkinchi qatlam (chuqurroq fikrlovchilar uchun): Har bir jang sahnasi aslida falsafiy savolga javob. Aylanuvchi koridor sahnasi shunchaki chiroyli effekt emas, balki bu ong va reallik haqidagi noyob metafora.

Yokida “Interstellar"dagi kitob javoni sahnasini olaylik: oddiy tomoshabin shuni koʻryaptiki, ota qiziga xabar yuborishga harakat qilyapti va bu juda ta’sirli. Chuqurroq fikrlovchi kishi esa buni koʻryapti: vaqt toʻrtinchi oʻlchovdan qanday koʻrinadi, muhabbat tortishish kuchidan kuchliroqmi degan savolga koʻzga koʻrinadigan javob turibti.
Natijada esa, hech kim “men buni tushunmadim, shuning uchun yoqmadi” deb ketmaydi. Sababi doim birinchi, hissiy qatlam doimo ishlaydi va kuzatuvchini ushlab qoladi.
Har doim oddiy his-tuygʻular mavjud

Nolanning eng katta sirlaridan biri shuki, u faqatgina intellektual filmlar yaratmaydi. Har bir murakkab gʻoya orqasida oddiy, hamma tushunadigan biror his-tuygʻu boʻladi.
- “Interstellar”: Murakkab fizika haqida emas, balki ota va qiz haqida;
- “Muqaddima”: Tush dunyosi haqida emas, oʻlgan xotinini unuta olmayotgan er haqida;
- “Afsungar”: Sehrgarlik haqida emas, biror narsaga mukkasidan ketish va biz nima uchun hamma narsani qurbon qilishimiz haqida;
- “Dankirk”: Urush strategiyasi haqida emas, tirik qolish instinkti haqida.
Yokida “Oppengeymer” filmida ham, murakkab siyosiy va ilmiy munozaralar ichida — voqealar markazida oddiy bir insoniy his turadi: pushaymonlik. Robert Oppengeymerning “Men endi dunyolarni vayron qiluvchi o‘limga aylandim” degan so‘zi ilmiy da’vo emas, balki yurakdan chiqayotgan faryodligini ushbu film his qildiradi.
Shunday qilib, Nolan tomoshabinlari faqatgina “murakkab film” koʻrishga kelmagan, balki ular his-tuygʻu uchun ham kelishgan. Murakkablik esa shunchaki qoʻshimcha sovgʻadir (?).
Har safar yangi narsa topiladigan film

Nolan filmlarini piyozga oʻxshatsak, xafa boʻlmasa kerak. Axir har safar qayta koʻrganizda, xuddi piyozni keyingi qavatini ochganingizdek yangi narsa topasiz.
Birinchi marta koʻrishda siz hikoyaning asosiy yoʻnalishini va ajoyib sahnalarni his qilasiz. Yonayotgan voqealar rivoji, film oxirigacha yuqorilab boradigan qiziqishingiz va koʻzni rom qiluvchi sahnalar — bularning hammasi sizni filmni bir oʻtirishda tugatishga yetaklaydi. Filmdagi har bir detal ahamiyatini tushunmasangiz ham, filmni tomosha qilish sizga ajib hislar beradi.
Ikkinchi marta koʻrishda esa, endi siz oxirini bilasiz. Boshidan, diqqat bilan qaytib tomosha qilganingizda, har bir kichik detal ma’noga ega ekanligini koʻra boshlaysiz. Misol uchun, “Muqaddima"ni ikkinchi marta koʻrganingizda, har bir sahna aslida keyingi voqealarni koʻrsatib turishini koʻrasiz.
Uchinchi va undan keyingi safarlarda esa, endi siz internetda memlar koʻrasiz, tahliliy videolarini tomosha qilasiz yoki nazariyalarni oʻqiysiz. Film endi chuqur muhokama mavzusiga aylanadi.
Menimcha, Nolanning bu strategiyasi ajoyib, chunki oddiy tomoshabin filmni bir marta koʻrib zavqlanadi, fan odamlari esa u haqida yillar davomida gaplashishi muymkin. Ikkalasi ham oʻziga doim nimadir oladi.
Tovush va katta ekran — hamma tushunadigan til

Hans Zimmer bilan hamkorligi Nolanning eng kuchli qurollaridan biri deb oʻylayman, chunki orqa fondagi tovush va musiqalar til toʻsigʻidan oʻta oladi.
“Dankirk"dagi soat tiqillashining tovushi: Siz ingliz tilini bilmasangiz yokida urush strategiyasini tushunmasangiz ham, bu tovush yuragingizdagi xavotirni oshiradi. Ushbu reaksiya esa hamma uchun bir xil.
IMAX format (katta ekran): Nolan katta ekranni shunchaki chiroyli qilish uchun emas, balki hikoyani yanada kuchli qilish uchun ishlatadi. Katta ekranda katta sahnalar — bu siz qanchalik kichkina ekanligingizni his qilish. Bu usulda urgʻu sizni koʻzlaringizda, xuddiki tarjima ham kerak emas degandek.
Sukunatni strategik ishlatish: “Interstellar"da Kuper stansiyadan ajralib ketganida, tovush toʻxtaydi. Kosmosda tovush yoʻq. Ushbu sukunat — har qanday nutqdan koʻra koʻproq ma’no bera olishi mumkin. Yokida “Oppenhaymer"dagi atom bombani sinab koʻrishyotgan sahnasidagi tovushning to‘satdan yo‘qolishi tomoshabinni ichkariga tortadi. O‘sha sukut, o‘sha bir necha sekundlik bo‘shliq — shunchaki ilmiy emas, xuddiki falsafiy hodisa, ya’ni vaqt ham dahshatdan jimib qolgandek.
Natija: Tovushlar va katta ekran hech qanday tushuntirish talab qilmaydi, ya’ni u sizdan tushunishni emas, his qilishni talab qiladi.

“Men ham tushunmayapman” personaji
Nolan har doim bitta personajni biz kabi sarosimaga soladi. Menimcha, bu juda aqlli va ayyorona usul.
“Muqaddima"da: Ariadna — yangi, hamma narsani oʻrganayotgan qahramon. Bizga tushuntirish kerak boʻlganda, Ariadnaga tushuntiriladi. Shunday qilib, biz hech qachon faqat oʻzimiz “nodon” emasmiz.
“Tenet"da: Bosh qahramon ham bizday aniq sabab va mantiqni bilmaydi. “Tushunishga urinma, his qil” — bu faqat qahramonga emas, bizga ham aytiladi.
“Interstellar"da: Kuper uchuvchi, olim emas. Biz bilan birga bilmaganlarini oʻrganadi.
Bu usul tomoshabinlar uchun psixologik xavfsizlik yaratadi: “Agar filmdagi odam ham tushunmayotgan boʻlsa va men ham tushunmasam — bu normal”.
“Vau!” sahnalarining oʻrni

Nolan aniq biladiki qachon siz aqlan charchayotganingizda, koʻzingizga ajoyib sahna kerak.
“Muqaddima” — buklanuvchi shahar: Siz tush darajalari haqida ovozli tushuntirishni tinglab charchayapsiz. Keyin Parij buklanib ketadi. Diqqatingiz qaytadi, siz yana filmda boʻlasiz.
“Interstellar” — stansiyaga qoʻnish sahnasi: Siz vaqt tenglamalari boshingizni qotirib oʻtirasiz. Keyin esa epik qoʻnish sahnasi, Hans Zimmerning fenomenal musiqasi. Shu tariqa, siz his-tuygʻu toʻlqinida suzasiz.
“Dankirk” — “Spitfire” uchishi: Yonilgʻi tugadi, lekin samolyot hali ham uchmoqda. Ushbu sahna hech qanday gaplarsiz, faqat koʻrish uchun.
Natija: Fildamgi murakkablik oʻz choʻqqisiga chiqqanda, Nolan sizga doim nafas olish va “vau!” deya hayratlanish imkoniyatini beradi.
Xulosa: ikki yoʻl, bir manzil

Nolan muvaffaqiyatining siri shundaki, u ikkala xil tomoshabin uchun ham birdek hurmat koʻrsatadi. U oddiy tomoshabinga qarab: “Siz ham aqllisiz, men sizni oddiy narsa bilan qoniqtirmayman” deydi. Va ajoyib sahnalar, his-tuygʻu va qiziqish beradi. Lekin ayni paytda, chuqurroq fikrlovchiga qarab: “Sizning vaqtingiz qimmat, chuqurroq boqing” deydi va tahlil uchun qatlamlar, metaforalar, falsafiy savollar beradi.
Shuning uchun biz Nolan filmlaridan keyin, bir vaqtning oʻzida hayajonlangan va oʻychan boʻlamiz. Balki aynan shu sababli uning har bir yangi filmi katta hodisaga aylanar.
Yana bir sababi — u bizga oddiy tanlov qilishni soʻramaydi: “ajoyib sahnalarmi yoki purma’no metaforalar?”. Yoʻq, u boshqacha savol soʻraydi: “nima uchun ikkalasi ham emas?”