O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Mirabbos Mirzaahmedov vafot etdi

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli boshlovchi va rejissyor Mirabbos Mirzaahmedov 84 yoshida vafot etdi. Bu haqda Oʻzbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi xabar berdi.
Mirabbos Mirzaahmedov 1941-yil 30-sentabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U teleradio sohasidagi ijodiy faoliyatini 1965-yilda boshlagan va ellikdan ortiq videofilmlar, turli ko‘rsatuvlar va loyihalar ustida ishlagan. Jumladan, u “Bahor qaytmaydi”, “Qalbingga quloq sol”, “Dunyoning ishlari”, “Inson sadoqati”, “Billur qandillar”, “E'tirof”, shuningdek, “Buni hayot deydilar” turkumlarda ishtirok etgan.
Ijodkor yarim asrdan ortiq vaqt davomida “Otalar so‘zi — aqlning ko‘zi” loyihasida boshlovchi va rejissyor sifatida ishlagan.
Mirzaahmedov o‘z mehnatlari uchun “Mehnat shuhrati” va “Do‘stlik” ordenlari bilan mukofotlangan.