"Pakaxontas", "Gʻarbga sayohat", "Oq it va qora it": mashhur va qadrdon multseriallar

Ko‘pchilik bolaligida multfilmlar, multseriallarni sevib tomosha qilgan. 2000-yildan keyin tug‘ilganlarning multfilm bo‘yicha xotiralari ham “rangli” — ular keng turdagi multiklarni turli tillarda rangli tarzda tomosha qilgan.
Multfilmlar asosan yosh bolalar vaqtni chog‘ o‘tkazishi uchun ishlanadi. Hozirgi kunda bolalar uchun kontentlar ko‘p, katta ehtimol bilan farzand ota-ona tomosha qilgan multfilmlarni tomosha qilmaydi, chunki variantlar cheksiz.
Ehtimol, agar quyidagi multfilmlarni qo‘yib bersangiz hozirgi bolalarga qiziq tuyulmasligi mumkin. Lekin sizni bolalikka qaytarishi va oʻsha begʻubor davrlarni eslatishi aniq.
“Tom va Jerri”
Uddaburon sichqon va tinim bilmas mushuk obrazlarini ko‘rmagan bola bo‘lmasa kerak. Bu multfilm 1940-yilda Uilliam Hanna va Jozef Barbara tomonidan yaratilgan. Orada 80 yildan ko‘p vaqt o‘tgan bo‘lsa-da bu kartina muxlislarga birdek manzur bo‘ladi.
Uning boshlanishidagi “Metro-Goldwyn-Mayer” sheri va uning ovozi, uy bekasining ko‘rinmas yuzi, Tomning har xil shaklga kirishi… hammasi bolalikning bir qismi. Hozir uni yana bir qayta ko‘rib, o‘sha damlarni bir eslang, agar farzandingiz bo‘lsa, u bilan birga ko‘ring.
“Dengiz itlari”
Ushbu fransuz multfilmi haqida gap ketganda koʻpchilikning xayoliga “Quvnoq daydi paraxodining kema jurnali…” deb boshlanadigan jumlalar keladi. Bu itlar dunyosi — kutilmagan voqealar va sarguzashtlarga to‘la dunyo. “Joli Rover” degan eski yuk kemasi yetti dengiz kengliklarida suzmoqda. Garchi yangi bo‘lmasa ham uning qalbi bor.
Bu shunchaki kema emas, balki eng jasur dengiz itlari bilan birgan yoshlik tomon suzish imkoniyatidir. Bu multfilm bolalikdagi ilk travel-vloglardan boʻlganini ham e’tirof etish lozim. Unda muhandis Roki o‘z jamoasini uzoq ekzotik portlardan tortib, yomgʻir va qorli shaharlargacha olib boradi.
“Senimi, shoshmay tur”
Bu multfilm ssenariysi ham “Tom va Jerri"nikiga o‘xshab ketadi. Ammo unda qahramonlar boshqa — bo‘ri va quyon. Buni sovetlarning gʻarbga oʻziga xos “javobi” deyish ham mumkin. Multfilm 1968−1969 yillarda “Союзмультфильм” kinostudiyasi tomonidan ishlangan.
Eng qizig‘i, bu sevimli multik kompaniya direktori Mixail Valkov toʻrtta yosh hazil-mutoyiba yozuvchilari — Aleksandr Kurlyandskiy, Feliks Kamov, Arkadiy Xait va Eduard Uspenskiyga “Bolalar uchun qiziqarli nimadir ishlab chiqing”, degan soʻzi bilan boshlangan. Ko‘ring, faqat yig‘lamang.
“O‘rgimchak Zina”
Kutilmagan vaqtda yoshligingizda koʻrgan bir multfilm xayolingizga keladi. Lekin uning nomini eslashga qiynalasiz, faqatgina musiqasi miyangizda aylanadi. Hatto qidirish uchun Google’ga nima deb yozishni ham bilmay qolasiz. “Oʻrgimchak Zina” — mana shu siz oʻylagan multfilm.
Quyidagi linkka o‘ting, kirish qismidagi musiqani eshiting — vaqt orqaga qaytgandek bo‘ladi, ayniqsa siz opa-ukalaringiz bilan katta bo‘lgan bo‘lsangiz. Bu multikni boshqa ta’riflab o‘tirish shart emas.
“Qunduz amaki qissalari”
“Bittasini aytdingiz, endi yana bitta aytib bering. Haligi, sichqonlarning nikoh haqidagisi bor-u, o‘shanisini…”. Qadrdon ovozlar, qadrdon ertaklar. Bolaligingizda dublyajga e’tibor bermagan bo‘lishingiz tayin, lekin hozir bu multfilmni ko‘rsangiz, ovoz egalari ham endi sizga tanish bo‘lishi mumkin.
Ba’zi ertaklar va masallarning qunduz amaki tomonidan aytiladigan varianti
“Chip va Deyl”

Oʻsha vaqtlarda namoyish etilgan multseriallar asosan kirish qismidagi musiqa bilan yodda qolgan. “Chip va Deyl” animatsiyasiga ham shu ta’rifni berish mumkin. Axir “ular kulfat bor yerga tez kelar va bu ishda ustadirlar”.
“Chip va Deyl” Tad Stones va Alan Zaslove tomonidan yaratilgan bu multserial ilk marotaba 1989-yil 4-martda Disney Channel telekanali orqali premyera qilingan. Yakuniy qism esa 1990-yil 19-noyabrda efirga uzatildi.
“Skruj Makdak”
Bolaligida bir marta bo‘lsa ham janob Makdakdek tillolarga cho‘milishni xohlamagn odam boʻlmasa kerak. Lekin multfilm faqat boylik ortidan quvish haqida emas.
Skruj, uning jiyanlari — Xyu, Dyui, Lui va, albatta, uchuvchi Zig-zag bilan har bir epizod sarguzashtga aylanar edi. Yo‘qolgan xazinalar, qadimiy sirlar, kosmosga chiqish shular jumlasidan.
“Mittivoylar” / “Smurflar”
Jodulangan qishloq. Mitti ko‘m-ko‘k mavjudotlar. Har birining o‘ziga xos xarakteri, o‘ziga xos jihatlari bor. Smurf-ota esa qishloqda eng kattasi. Ularga birgina Gargamel va uning mushugi halal beradi, xolos. Lekin smurflar har doim Gargameldan ustun kelaveradi.
Nonushta vaqti “Smurflar"ni ko‘rib, unda bir muhim obrazdek “maktabga borishni yomon ko‘raman” deb, maktabga otlanish boshqacha edi, eh.
“Shumtakalar”
Bular shumtakalar emas, haqiqiy ishbilarmonlar! Ushbu multfilm fransuz multiplikatorlari tomonidan ishlangan. Ma’lumotlarda qayd etilishicha, bu multfilmda bir nechta tarixiy shaxslarga murojaat bor.
Masalan, sohibjamol Loren — italiyalik mashhur aktrisa Sofiya Loren, biznesmen Dou Jons — AQSH fond bozoridagi Dow Jones indeksi, kichkintoy Zigmund — mashhur psixoanalitik Zigmund Freyd, kichkintoy Papon esa Al Kaponega o‘xshatma qilib olingan.
“Gʻarbga sayohat”
2000-yillar Xitoy va Kanada ijodkorlari tomonidan ishlangan bu multfilmni ko‘pchilik sevib tomosha qilgani aniq. Undagi obrazlar o‘z vaqtining “Marvel superqahramonlari” bo‘lgan. Musiqasi ham barchaga juda tanish.
“Aka-uka Grimm ertaklari”
“Hoy, shirintoy bolalar, qo‘shiling davramizga, ertaklarning sururli sirin ochamiz sizga…”. Bu ovozni eshitib, televizor qarshisiga “mixlanish” mumkin. Yana o‘sha davrlar qaytgandami… Buning iloji yo‘q, shu sababdan iloji bor narsa bilan shug‘ullanish mumkin — multfilmni ko‘ramiz!
“Dunyo bo‘ylab 80 kun”
Dunyoni 80 kunda aylanib chiqishning iloji bormi? Travel-vlog uslubidagi yana bir multserialda koʻpchilikka tanish boʻlgan syujetning navbatdagi talqinini koʻrish mumkin.
Mister Fog lordning qiziga uylanish uchun buni uddalay oladimi? Paspartu xoʻjayiniga qanday yordam beradi? Janob Fiks qanday hiylalar ishlatadi?
“Gami ayiqchalari”
Bu ayiqchalar bolaligingizda do‘stingizdek ko‘ringan bo‘lsa, hozir yoqimtoy mitti mavjudotchalardek ko‘rinadi. Ularni sehrli damlamasi esingizdami? Deyarli barcha mana shunday damla tayyorlashni, ichib koʻrishni va super kuchga ega boʻlishni xohlardi.
“Pakaxontas”
Amerikaning tub aholisi haqidagi ilk ma’lumot kitoblardan emas aynan shu multfilmdan olingandi, deyish mumkin. Multserial nafaqat sarguzasht, balki tabiatga hurmat, ichki ovozni tinglash, odamlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni tinchlik bilan hal qilish haqida edi.
Paxakontasning shamol bilan “gaplashishi”, daryoga qarab fikrlashi, hayvonlar bilan yaqinligi bolalarga tabiatni asrash qanchalik muhim ekanini oʻrgatadi.
“Trollar mamlakati”
Qalin oʻrmonda trollar Quvnoq va Doʻmboq hamda ularning doʻstlari yashaydi. Ular oʻyin oʻynashadi, shoʻxliklar qilishadi va jahldor katta trollarning jigʻiga tegadi.
“Andersen ertaklari”
Bu 1998-yildan 2003-yilgacha Hans Kristian Andersen ertaklari asosida suratga olingan Daniya animatsion seriali hisoblanadi. Har bir qism boshida bolalar ertakchini kutadi. Tomoshabinlar har safar real dunyodan sehrli ertaklar dunyosiga sayrga otlanadi.
“Andersen ertaklari” ham hammamizga yod boʻlib ketgan syujetlarni oʻz talqinida, Yevropacha uslubda namoyish etadi.
“Ertaklar olamida”
Bu multserialni avvalgilariga qaraganda yangiroq deyish mumkin. “Ertaklar olamida” ham aka-uka Grimmlar ertaklari asosida yaratilgan. Unda kitob qahramonlari turli ertaklarga tushib, bosh qahramonlarning maqsadiga yetishiga yordam beradi.
Xarakter jihatdan bir-biriga qarama-qarshi boʻlgan ikki asosiy personajning oʻzaro suhbatlari har bir inson oʻzaro doʻst boʻlishi mumkinligini uqtiradi. Shu bilan parallel ravishda ular bir oddiy qishloq yigitiga sevgan malikasiga erishishi yoʻlida yordam berib, hayotiy saboqlar chiqarishga ham sabab boʻladi.
“Oq it va qora it”
Ushbu eston multseriali ancha avvalroq 1969−1971 yillarda ishlangan boʻlsa-da, 2010-yillarda bolaligini oʻtkazgan oʻzbek teletomoshabini uchun yaxshi tanish hisoblanadi.
Multserialning qiziq tomoni shunda ediki unda har xil yovuz personajlar yo‘q, dunyoni qutqarish yo‘q, osmonda uchib yuradigan superqahramonlar ham yo‘q. Shunchaki ikki itning soddaligi, mehribonligi va kundalik hayotdagi kulgili vaziyatlari koʻrsatilardi. Oq it — quvnoq, biroz beparvo, lekin yuragi keng. Qora it — vazmin, o‘ylab ish qiladigan, lekin do‘sti uchun borini beradigan qahramon.
“Kichik Nikolya”
2009-yilda bir vaqtning oʻzida “Kichik Nikolya"ning ham filmi, ham multseriali premyera qilingan. Multserialda asosan maktab hayoti va turli qiyinchiliklar oldida qolgan bolalarning yechimlari namoyish etiladi.
Asosan bolalar auditoriyasida mashhurlikka erishgan “Kichik Nikolya” oʻzbek telekanallarida dublyaj qilingan. Multserial 2 mavsumdan iborat.
“Lolek va Bolek”
Bolaligimizda namoyish etilgan multfilmlarni oʻrganar ekanmiz, ularning geografiyasi ancha keng ekanini sezish mumkin. “Lolek va Bolek” polshalik ijodkorlar tomonidan ishlangan. Ular har qismda dunyo boʻylab sayohat qilishadi va turli sarguzashtlarni boshdan kechiradi.
“Madagaskar pingvinlari”
Mashhur “Madagaskar” multfilmining spin-offi hisoblangan “Madagaskar pingvinlari” multseriali ham yuqoridagilarga qaraganda yangiroq hisoblanadi.
Koʻpchilik uchun sevimliga aylangan qahramonlar — Shkiper, Kovalski, Riko va Zobitning hayvonot bogʻidagi sarguzashtlari haqiqiy bolalar detektivi kayfiyatini beradi. Hatto multserial saundtreki uchun “Uddalab boʻlmas topshiriq” filmi saundtreki kaver qilingan.
"Saroy javohiri", "Esmeralda", "Xinoli qor": televizorda tomosha qilgan mashhur seriallarimiz
Onlayn striming platformalarida deyarli har kuni yangi serial chiqariladi. Hozirgi kunda bu seriallarning yakuniga yetish qiyin. Ammo XXI asr boshida seriallarni tomosha qilish uchun yagona vosita televizor boʻlgan. Oʻzbekiston telekanallarida har xil vaqt oraligʻida turli davlatlar seriallari namoyish etilgan. Afisha.uz sizni bolalikka qaytarish maqsadida Oʻzbekiston telekanallarida namoyish etilgan 15 ta mashhur serialni bir yerga yigʻishga qaror qildi.