Maksimal minimalizm: voqealari faqat bitta lokatsiyada kechadigan filmlar

E’lon qilingan sana· 254
Maksimal minimalizm: voqealari faqat bitta lokatsiyada kechadigan filmlar

Bugungi kunda kinematografiyada jangari janrdagi ekshnga boy filmlar koʻplab ishlanmoqda va tomosha qilinmoqda. Tinimsiz harakatlar, otishmalar va hokazolar odamni vizual jihatdan ham ruhiy jihatdan ham charchatib qoʻyishi tabiiy.

Minimalizmni yoqtiruvchi kinochilar esa ba’zida oʻz filmlarini bir lokatsiyadan chiqmagan holda suratga olishadi. Bunday hollarda kadrda dialoglar, inson xarakteri, kechinmalari ustun boʻladi.

Afisha.uz quyida mana shunday bir lokatsiyada olingan filmlar haqida ma’lumot beradi.

12 Angry Men

Bu film haqida gap ketganda koʻpincha “1957-yilda ishlangan filmni koʻrib, buncha zavq olaman deb oʻylamagandim”, ta’rifi ishlatiladi. Oʻz davrining eng yaxshi aktyorlar tarkibini toʻplagan kinokartina asosan dialoglardan iborat. Siz ham sud maslahatchilariga qoʻshilib kalavaning uchini izlay boshlaysiz.

Yigit o‘z otasini o‘ldirganlikda ayblanmoqda, u oʻlim jazosiga hukm qilinishi mumkin. Uning aybdor yoki aybdor emasligi haqida hukm chiqarish uchun o‘n ikki nafar sud maslahatchilari yig‘iladi. Sud majlisi boshlanganidan beri deyarli hamma sudlanuvchini aybdor deb hisoblamoqda va o‘n ikkitasidan faqat bittasigina bundan shubhalanmoqda. Va u boshqalarni o‘zining haqligiga ishontirishga qaror qiladi.

Filmni tomosha qilish.


The Hatefull Eight

Kventin Tarantinoning yetarlicha baholanmagan filmlaridan biri. Toʻgʻri, kino oʻrmondagi kadrlar bilan boshlanadi, lekin voqealarning asosiy qismi bir-biriga notanish boʻlgan personajlar tunab qolishi kerak boʻlgan chekka hududdagi uyda sodir boʻladi.

Fuqarolar urushidan keyingi AQSh. Odamlar ovchisi boʻlgan afsonaviy Jon Rut xavfli mahbusni qo‘riqlamoqda. Yo‘l-yo‘lakay ularga yana bir necha sayohatchi kelib qo‘shiladi. Qor bo‘roni ularni bir uyga yashirinishga majbur qiladi, u yerda allaqachon konfederatlar generali, meksikalik odam, kovboy joylashgan. Ulardan biri esa o‘zini tanishtirayotgan odam emasligi ma’lum boʻlmoqda.

Filmni tomosha qilish.


The Whale

Aktyor Brenden Freyzerga Oskar mukofotini yutishida yordam bergan film 2022-yilda ishlangan. Kinokartina voqealari bir xonada yuz beradi. Bosh qahramon ham umuman tashqariga chiqmaydi.

Juda semirib ketgan Charli bir paytlar oʻynashi sabab oilasini tashlab ketgan. U o‘lim arafasida bir necha yillar davomida ko‘rmagan o‘smir qizi Elli bilan munosabatlarini tiklashga harakat qiladi.

Filmni tomosha qilish.


Locke

Haqiqiy bir aktyor teatri. Tom Hardining solosiga aylangan film toʻliq mashinaning ichida olingan va telefon suhbatlaridan iborat.

Ayven Lok bir maromda hayot kechiradi va muvaffaqiyatga erishish uchun juda ko‘p mehnat qiladi. Ertangi kun uning hayotidagi eng muhim kunlardan biri, uning martabasi o‘sishi kutilmoqda. Ammo kechqurun uning hayotini ostin-ustun qilib yuboradigan telefon qo‘ng‘irog‘i yangraydi. Endi u vaqt bilan kurashda g‘alaba qozonishi va to‘g‘ri qaror qabul qilishi kerak.

Filmni tomosha qilish.


Here

Ushbu film rejissyor Robert Zemekisning eksperimenti hisoblanadi. Unda yoshartirilgan Tom Henksni ham koʻrish mumkin. Bir uyning burchagidagi kamera orqali uzoq yillar davomida qanday voqealar yuz berganini koʻrish mumkin.

Yangi Angliyadagi uyning odatiy amerikancha mehmonxonasi. Unda yashovchilar asrlar davomida o‘zgarib turadi. 1950-yillarda bu yerda Richard tug‘ilgan. Mana shu xonada uning bolaligi va yoshligi o‘tadi. U maktabni tugatadi, uyga sevgani Margaretni olib keladi. Yosh oila farzandli bo‘ladi, hayotining eng baxtli damlari shu yerda o‘tkazadi, qayg‘uli damlari ham shu yerda o‘tadi. Richard va Margaret esa vaqt o‘tayotganini anglay boshlaydi.

Filmni tomosha qilish.


Carnage

Mashhur rejissyor Roman Polanski tomonidan 2011-yilda suratga olingan kinokartina Kristof Valts va Keyt Uinslet ijro etgan. Shuning oʻzi ham kinokartinaga boʻlgan qiziqishni oshiradi.

Ikki ota-ona farzandlari maktabda janjal chiqargandan keyin bir-biri bilan uchrashishga majbur bo‘ladi. Madaniy suhbat dushmanlikka aylanadi, yo‘l-yo‘lakay er-xotinning sirlari fosh bo‘ladi.

Filmni tomosha qilish.


This Is Not a Film

Eronlik mashhur rejissyor Ja’far Panohiy 2009-yil iyun oyida suratga olgan filmi sababli sudlangan. Hukmga koʻra, rejissyor 6 yil qamoq jazosini oʻtashi va 20 yilga film suratga olish, sayohat qilish yoki intervyu berish huquqidan mahrum qilinishi kerak edi.

Ushbu kinokartinada esa sud qarori ustidan apellyatsiya natijalarini kutayotganlarning bir kuni ko‘rsatilgan. Kinoni suratga olish taqiqini rasmiy ravishda chetlab o‘tish uchun rejissyor o‘z uyida o‘tirib, mavjud sharoitlarda ijod qiladi. U kamera qarshisida oddiy haqiqatni isbotlaydi: agar sen rejissyor bo‘lsang, qo‘ling bog‘lanmagan bo‘lsa, film suratga olishning yo‘lini topasan…

Filmni tomosha qilish.


The Commuter

Aktyor Liam Nisson bunday usulda olingan bir necha filmda rol ijro etgan. Biz ushbu roʻyxat uchun poyezdda suratga olingan kinoni tanladik. Toʻliq saspens ustiga qurilgan filmda tomoshabin zerikib qolmasligi aniq.

Kechagina bosh qahramon odatdagidek tanish odamlar davrasida poyezdda ishga jo‘nagan edi. Bugun esa, sirli bir notanish ayol unga tajribada qatnashishni taklif qildi. Qaror qabul qilish uchun atigi bitta bekat va g‘alaba qozonish uchun mingtadan yagona imkoniyat bor edi.

Filmni tomosha qilish.


Dogville

“Dogville” oʻzining provakatsion filmlari bilan ajralib turadigan rejissyor Lars fon Trier tomonidan 2003-yilda ishlangan. Shuningdek, 2005-yilda filmning “Manderley” nomli sikveli ham taqdim etilgan.

Yosh Greys gangsterlar to‘dasidan qochib, Qoyali tog‘lardagi Dogvill shaharchasida panoh topadi. Biri-biridan go‘zal mahalliy aholi uni yashirishga tayyor. Buning evaziga ularga uy ishlariga yordam berish yoki bolalarga qarashdan boshqa hech narsa kerak emas. Ammo asta-sekin sevimli Dogvil qiz uchun qamoqxonaga aylanadi.

Filmni tomosha qilish.


Kasallik tarixi

Rejissyor Zulfiqor Musoqov faoliyati davomida koʻplab filmlar olgan. Ularning masshtabi ham turlicha. 2022-yilda esa u oʻzining “sevimli aktyorlari” bilan birgan barcha voqealar bir xonada sodir boʻladigan film ishlaydi.

Film bir shifokorning kechinmalarini o‘zida aks ettirgan. Undagi voqealar do‘stlik, xiyonat, yolg‘on, amal kursisiga qo‘yilgan ruju va sof insoniy tuyg‘ular haqida hikoya qiladi.

Filmni tomosha qilish.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling