Oʻzbekistondagi ilk toʻliq metrajli bolalar multfilmi — "Sehrlandiya"ga taqriz

E’lon qilingan sana· 23 692
Oʻzbekistondagi ilk toʻliq metrajli bolalar multfilmi — "Sehrlandiya"ga taqriz

25-dekabr kuni Milliy kino san’ati saroyida Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tomonidan ishlangan ilk toʻliq metrajli multfilm — “Sehrlandiya"ning premyerasi boʻlib oʻtdi.

Afisha.uz muharriri ham premyerada qatnashib, multfilmni tomosha qildi va quyida oʻz fikrlarini bildiradi. Ehtiyot boʻling, spoylerlar bor.

Premyerada Bolalar kontentini rivojlantirish markazi direktori Jahongir Ahmedov, multfilmga ovoz bergan Boir Xolmirzayev, Behzod Muhammadkarimov, Alisher Uzoqov kabi aktyorlar qatnashdi.

“Multfilmni bu formatda tayyorlash koʻp vaqt — 2−3 yil talab qiladi. Biz esa yilni natija bilan tugatmasak boʻlmaydi degan fikrga keldik. Butun kuchimizni bir joyga yigʻib, olti yarim oyda bu multfilmni tayyor holatga keltirdik”, — dedi Jahongir Ahmedov.

Multfilm syujeti haqida qisqacha

Multfilm qahramonlari 4 nafar bola boʻlib, ularning ismlari Jaloliddin, Bobur, Temurbek va Ulugʻbek hisoblanadi. Bu ismlar oʻz-oʻzidan qoʻyilmagan, balki tarixiy shaxslarga ishora qilingan.

Bolalar sirpanchiq orqali parallel olamga tushib qoladi. Ularni Behzod Muhammadkarimov ovozlashtirgan Zamon personaji kutib oladi. Zamon bolalarga Filantropiyaga borishi va yoʻqolgan toʻpni olib kelishini, lekin Olaboʻjidan ehtiyot boʻlish kerakligini aytadi.

Boir Xolmirzayev dublyajidagi Olaboʻji personaji multfilmning asosiy antogonisti hisoblanadi. Bolalar unga duch kelishidan oldin superkuchga ega boʻladi, keyin esa 2082-yilga tushib qoladi va Olaboʻji bilan jangga kirishadi.

Mashhur filmlarni eslatib yuboradigan sahnalar

Jahongir Ahmedov aytganidek, mutlfilm 6,5 oyda ishlangani seziladi. Toʻgʻri, uning sifati shu vaqtgacha Oʻzbekistonda ishlangan multfilmlardan tubdan farq qiladi. Lekin jahon darajasida emasligini ham ta’kidlash lozim.

Shunga qaramay, multfilmni yaratish uchun koʻproq vaqt boʻlganda bemalol hozir turli rekordlarni yangilayotgan “Hayvonlar shahri” kabi sifatda multfilm ishlash mumkin edi.

Syujet ekshnga boy boʻlib, bolalarni zeriktirib qoʻymaydi. Multfilm davomida bizga tanish boʻlgan bir qancha mashhur multfilmlarni eslash mumkin. Masalan, Filantropiyadagi voqealar “Muzlik davri 3"ni eslatib yuboradi.

Shuningdek, 2082-yildagi Olaboʻjiga qarshi jang “Qasoskorlar: Final” filmining soʻnggidagi jang sahnalarini eslatib yuboradi. Olaboʻjining tashqi koʻrinishi Voldemortga oʻxshab ketadi. Oʻzbek qahramonlari esa takrorlanaverib siyqasi chiqqan syujetga boshqacharoq kolorit beradi.

Bundan tashqari, hozirgi kunda trendda boʻlgan vaqt boʻylab sayohat hamda parallel olamlar mavzularini ham multfilmda koʻrish mumkin. Umuman olganda juda ham original hikoya tomosha qilish istagida boʻlsangiz, “Sehrlandiya” siz uchun emas.

Dialoglar va yumorni ham yuqoridagidek baholash mumkin. Kulgili vaziyatlar yetarlicha topiladi. Bularning barchasi bolalar uchun ishlangani hisobga olinsa multfilm yaratuvchilari maqtovga loyiq, chunki bolalarni kuldirish qiyin ishlardan biridir.

“Sehrlandiya” — multfilm yaratuvchilarining ilk ishi boʻlgani uchun ba’zi masalalarda koʻz yumish mumkin. Aynan ushbu multfilm sababli kelajakdagi oʻzbek bolalar kontentiga umid paydo boʻladi.

Multfilm yakuniga qaraganda, “Sehrlandiya"ning ikkinchi qismi ham suratga olinishi mumkin. Zamonning qaytishi va Jaloliddinning soʻzlari bunga ishora qiladi.

Yakuniy xulosa esa shunday: agar farzandingiz yoki jiyanlaringizni yangi yil bayrami kunlarida milliy multfilm bilan xursand qilishni istasangiz ushbu animatsion film yaxshi variant boʻla oladi.

Multfilm uchun chiptalarni Afisha.uz orqali sotib olishingiz mumkin.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Muzaffar Bobomurodov
Fotosuratchi
Muzaffar Bobomurodov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling