"Matritsa"ning yashirin kodi: Nega Neo aslida XXI asrning Buddasi edi?

1999-yilda aka-uka Vachovskilar dunyoga “Matritsa"ni taqdim etishganda, ko‘pchilik uni navbatdagi ajoyib vizual effektlarga boy jangari film deb o‘ylagan edi. Qora plashlar, otishmalar, havoda to‘xtab qolgan o‘qlar… Bularning barchasi ko‘zni qamashtiradi. Ammo oradan chorak asr o‘tib, shovqin tingach, biz bir haqiqatni anglay boshladik. Biz ekranda shunchaki kiberpank emas, balki zamonaviy libos kiygan qadimiy matnni, ya’ni Budda dostonini ko‘rgan ekanmiz.
“Matritsa"ning yashil kodlarini o‘chirib, uning zamirida yotgan g‘oyaviy asosga nazar tashlasak, hayratlanarli manzaraga duch kelamiz: Tomas Anderson shunchaki ofisda zerikib o‘tirgan ischi emas. U o‘z saroyini tark etib, haqiqat izlab safarga chiqqan shahzoda Siddhartha Gautamaning o‘zidir.
Keling, bu ehtimoliy “kutilmagan bog‘lam"ni ipidan-ignasigacha tahlil qilamiz. Balki, siz ham o‘z Matritsangizda yashayotgandirsiz?
1. Zirapcha va Samsara: Uyg‘onishdan oldingi bezovtalik

Filmning boshlanishini eslang. Tomas Anderson (Neo) ikki xil hayot kechiradi: kunduzi — namunali xodim, kechasi — xaker. Uning hayotida hamma narsa borga o‘xshaydi, lekin u o‘zini baxtsiz his qiladi. Morfius unga aytganidek: “Sen buni tushuntirib berolmaysan, lekin his qilyapsan. Butun umring davomida dunyoda nimadir noto‘g‘ri ekanligini sezib yashading. Bu xuddi miyangga kirib qolgan zirapchaga o‘xshaydi”.
Buddizmda bu holat “Dukkha” (azob yoki qoniqmaslik) deb ataladi. Shahzoda Siddhartha ham o‘zining oltin saroyida, hamma narsasi muhayyo bo‘lishiga qaramay, xuddi shunday bo‘shliqni his qilgan. U devorlar ortida boshqa bir haqiqat borligini sezgan.
Matritsa xuddiki Sansaradek (charxpalak dunyosi) tasvirlanadi. Bu bizni chalg‘itib, uxlab yotishimizni ta’minlaydigan illyuziyalar tizimi. Neoning “kompyuter oldida uxlab qolishi” tasodifiy kadr emas, balki insoniyatning ma’naviy uyquda ekanining vizual metaforasidir.
2. Qizil tabletka va To‘rt Haqiqat

Filmning eng kult sahnasi Morfius Neoga ikkita tabletka taklif qilgan sahnasi boʻlsa kerak. Unga koʻra, Neoda tanlashga ikkita tabletka bor:
- Ko‘k tabletka: Uyquga qaytish, shirin yolg‘onda yashash.
- Qizil tabletka: Haqiqatni ko‘rish, garchi u achchiq va qo‘rqinchli bo‘lsa ham.
Buddizmda bu “Uyg‘onish” (Enlightenment) lahzasidir. Budda so‘zi sanskrit tilidan tarjima qilinganda “Uyg‘ongon” degan ma’noni anglatadi. E’tibor bering, Neo qizil tabletkani ichgach, u birdaniga jannatga tushib qolmaydi. Aksincha, u dahshatli haqiqatga, ya’ni insonlar batareyka sifatida ishlatiladigan vayrona dunyoga uyg‘onadi.
Shunday qilib, Buddaning “To‘rt oliy haqiqat"ining birinchisiga to‘g‘ri keladi: “Hayot — bu azobdir”. Haqiqiy ozodlik jannat bog‘larida sayr qilish emas, balki reallikni bor shafqatsizligi bilan qabul qilishdan boshlanadi. Neo o‘zining qulay ofis stulidan (illuziyadan) turib, sovuq va qorong‘i dunyoga (reallikka) qadam qo‘yadi. Faqat og‘riq orqaligina u ozod bo‘lishi mumkin edi.
3. “Qoshiq yo‘q”: Mayya va “Bo‘shliq” falsafasi

Matritsaning ilk qismini o‘rtalarida Neo bir bolakayga duch keladi. Bola diqqat bilan qarab, qoshiqni egadi va Neoga mashhur so‘zlarni aytadi: “Qoshiqni egishga urinma. Bu imkonsiz. Buning o‘rniga shunchaki haqiqatni anglashga harakat qil: Qoshiqning o‘zi yo‘q”.
Bu jumlani ko‘pchilik shunchaki fantastika deb o‘ylaydi. Aslida esa bu Mahayana buddizmining markaziy g‘oyasi boʻlmish “Shunyata” (Bo‘shliq) konsepsiyasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtibosidir.
Buddistlar ta’limotiga ko‘ra, biz ko‘rib turgan dunyo — Mayya (illyuziya). Narsalar o‘z-o‘zidan mavjud emas, ular faqat bizning ongimizdagi proyeksiyalardir. Agar “qoshiq” (materiya) faqat kodlardan, ongimizdagi signallardan iborat bo‘lsa, demak, uni o‘zgartirish uchun qoshiqni emas, ongni o‘zgartirish kerak.
Neo qachonki “Matritsa bu — shunchaki kod” (ya'ni dunyo bu — illyuziya) ekanligini to‘liq anglaganida, u o‘qlarni to‘xtatish, havoda uchish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Bu superqahramonlik emas, balki Nirvanadir. Nirvana — Buddizm ta’limotuda dunyodan qochish emas, balki dunyoning mohiyatini anglab, uning qonunlaridan ustun turishdir.
4. Agent Smit va “Mara”: Ego bilan kurash

Har bir qahramonga anti-qahramon kerak. Neo uchun bu Agent Smit edi. Lekin Smit shunchaki “davlat xavfsizlik xizmati xodimi” emas. Buddizm matnlarida yozilishicha, Siddxarta daraxt tagida meditatsiya qilayotganda, unga Mara ismli iblis hujum qiladi. Mara — bu bizning Egomiz, qo‘rquvlarimiz, g‘azabimiz va bog‘liqliklarimiz timsoli. U Siddxartani chalg‘itib, uni yana Samsaraga (dunyoviy hislarga) qaytarishga urinadi.
Agent Smitning vazifasi ham xuddi shunday va u tizimni saqlab qolish uchun boricha harakat qiladi. U tartibni, nazoratni va o‘zgarishsizlikni istaydi. Film oxirida Neo Smit bilan jang qilar ekan, u Smitni “o‘ldirmaydi”, balki uning ichiga kirib, uni yorib yuboradi.
Bu esa chuqur ramziy ma’noga ega: Inson o‘z Egosini (Smitni) tashqaridan turib yenga olmaydi. U Egoning illyuziya ekanligini anglab, u bilan birlashib, uni ichkaridan yo‘q qilishi kerak.
Xulosa: 2026-yilning “Qizil Tabletka"si nima?

Shunday qilib, Vachovskilar bizga shunchaki ertak aytib berishmagan ekan. Ular 21-asrning eng muhim falsafiy savolini o‘rtaga tashlashgan. Bugungi kunda bizning Matritsamiz yashil kodlardan iborat emas. U ijtimoiy tarmoqlar algoritmlari, iste’molchilik madaniyati, “muvaffaqiyatli bo‘lish shart” degan soxta qadriyatlar va dopaminga qaramlikdan tashkil topgan. Biz ham hozir xuddi Tomas Anderson singari ekranga tikilib turib, bu hayotda nimadir noto‘g‘ri ekanligini his etgan holda yashayapmiz. Agent Smitlar esa bizning ongimizda “o‘zgarish uchun kech”, “shunday yashayver”, “tavakkal qilma” degan ichki ovozlar shaklida mavjud.
“Matritsa” filmi sizga tanlov beradi. Siz maqolani yopib, yana “ko‘k tabletka"ni ichishingiz — Instagramni varaqlab, shirin uyquga ketishingiz mumkin. Yokida “qizil tabletka"ni tanlab, o‘zingizdan so‘rashingiz mumkin: “Mening qoshig‘im (cheklovlarim) aslida mavjudmi? Yoki u faqat mening miyamdami?”
Uyg‘onish vaqti keldi, Neo.