Oʻzbekiston qanday yangraydi?: "Sounds of Uzbekistan" loyihasining ilk filmi taqdim etildi

kinoxona art-kinoteatrida 30-yanvar kuni “Sounds of Uzbekistan (Margilan)” filmining yopiq namoyishi boʻlib oʻtdi. Qisqa metrajli kartina Fargʻona viloyatining Margʻilon shahrida suratga olingan boʻlib, asosiy e’tibor shaharda eshitish mumkin boʻlgan ovozlarga qaratilgan.
Film yakunlangandan soʻng, uning ustida ishlagan ijodkorlar va tomoshabinlar oʻrtasida kinokartinaning yaratilishi va kelajakdagi rejalar boʻyicha savol-javob boʻlib oʻtdi.

Kino ixlosmandlari shu kungacha koʻplab eksperiment asosida ishlangan kartinalarning guvohi boʻlgan. Masalan, 2006-yilda suratga olingan “Perfume: The Story of a Murderer” filmi ekran orqali tomoshabinga hidlarni yetkazishga harakat qiladi. 2007-yilda chiqarilgan “Ratatuy” multfilmi esa ta’mlarni his qilishingizga yordam berishi mumkin.
“Sounds of Uzbekistan” eksperimental kinosi ijodkorlari esa shaharni ovozlar orqali his qilish vazifasini oʻz oldiga qoʻygan. 2025-yilda ekspeditsiyaga yoʻl olgan musiqachilar va kinoijodkorlar jamoasi oʻziga shunday savol beradi — “Oʻzbekiston qanday yangraydi?”.

Film oʻzida bir qator qahramonlarni va manzillarni jamlagan. “Har bir kun, albatta, azon ovozi bilan boshlanadi”, — deydi kinokartina ishtirokchilaridan biri. Bundan tashqari, manzillar orasida bozor, tikuvchilik ustaxonasi, musiqiy maktab, teatr sahnasi, karnay cholgʻu asbobi yasaladigan temirchilik ustaxonasi va xalq tilida “Kabutarli mozor” deya ataladigan Pir (Pur) Siddiq ziyoratgohini koʻrish mumkin.

Har bir manzilda alohida ovozlar yozib olingan va ularga zamonaviy musiqiy ohanglar bilan ishlov berilgan. Ular orasida ajoyib kollaboratsiyalarni eshitish mumkin. Kadrda ovozlarni film ijodkorlaridan biri Katerina Nepruk tomonidan yozib olinayotganini koʻrish mumkin.

Ijodkorlar ushbu kadrlar filmdan joy olganiga sabab, ovozlarga reallik hissini berish, sun’iy intellekt orqali qilinmaganini koʻrsatish ekanini ta’kidladi. Manzillarda shahar va undagi hayot, odamlar hamda boshqa turli hikoyalarni soʻzlab beradigan qahramonlar monologlarini eshitish mumkin.

Loyiha muallifi va prodyuseri hisoblangan Diyor Kamalov fargʻonalik boʻlib, aynan u lokatsiyalarni topish ishlari bilan shugʻullangan. Kinokartina uchun kadrlar 2 sutka davomida yigʻilgan boʻlsa, keyingi musiqa yozish, ovozlarni tozalash va aranjirovka qilish ishlariga 2 oy vaqt sarflangan. Barcha musiqalarni Katerina Nepruk bastalagan.
Film ijodkorlarining ta’kidlashicha, ushbu qisqa metrajli film katta loyihaning “nolinchi (0) epizodi” hisoblanadi. “Sounds of Uzbekistan” doirasida Oʻzbekistonning 12 ta shahriga borish va u yerda insonlar qanday ovozlar bilan yashayotganini oʻrganish rejalashtirilgan. Keyingi film ishlanadigan shahar Buxoro hisoblanadi.

Ushbu kinoni suratga olgan rejissyor Nikita Bakusov kelajakdagi rejalar haqida gapirar ekan, uni turli festivallarga yuborish koʻzda tutilgani haqida gapirdi. Shuningdek, bu va keyingi suratga olinadigan epizodlar birlashtiriladi va katta toʻliq metrajli filmga aylantiriladi.

Rejissyorning ma’lum qilishicha, filmdan koʻzlangan yana bir asosiy maqsad bu shaharlarni ko‘zi ojizlar insonlar his qilishini ham ta’minlash. Shu sababdan kadrda minimum voqealarni namoyish etish va asosan ovozlarni yanada mukammallashtirish ustida ishlangan.

Film hozircha onlayn platformalarga joylanmagan, ammo kinoijodkorlar tomosha uchun premyera oʻtkazilishini ma’lum qildi. Quyida uning treyleri taqdim etilgan.