"Bo‘ronli dovon" – klassikaning halokatimi yoki vizual inqilob?

E’lon qilingan sana· 293
"Bo‘ronli dovon" – klassikaning halokatimi yoki vizual inqilob?

2026-yilning fevral oyi jahon kinematografiyasi uchun ehtiroslar bo‘roni bilan boshlandi. Emili Brontening o‘lmas asari asosida rejissyor Emerald Fennell tomonidan suratga olingan “Bo‘ronli dovon” (Wuthering Heights) filmi katta ekranlarga chiqdi. Filmning dunyo bo‘ylab premyerasi 9-fevral kuni Sidneyda boshlangan bo‘lsa, 12−13 fevral kunlari Buyuk Britaniya va AQSH kinoteatrlarida “Sevishganlar kuni” arafasida keng namoyish etila boshladi.

Oskar mukofoti sovrindori Emerald Fennell ushbu klassik asarni mutlaqo kutilmagan uslubda qayta jonlantirdi. Bosh rollarni Gollivudning eng talabgir yulduzlari Margo Robbi va Jeykob Elordi ijro etgan. Biroq film ilk namoyishdanoq tomoshabinni ikki lagerga bo‘lib yubordi: ba’zilar uni vizual san’atning yuksak namunasi va yangi avlod uchun “Bronte renessansi” deb aytayotgan bo‘lsa, boshqalar asarning klassik ruhi va tarixiy haqiqatlari qo‘pol ravishda buzilganidan norozi.

“Bo‘ronli dovon” jahon adabiyotidagi eng ko‘p ekranlashtirilgan asarlardan biri hisoblanadi. Keling, avvalo eng muhim va mashhur versiyalar bilan tanishsak. 1939-yildagi “Bo‘ronli dovon” filmi Gollivudning Oltin davri mahsuli bo‘lib, muvaffaqiyatli klassik versiya hisoblanadi. U Oskar mukofotiga loyiq ko‘rilgan. 1992-yildagi Jyulet Binosh va Ralf Fayns ijrosidagi talqin romanning to‘liq qismini o‘z ichiga olgani bilan qadrli.

2011-yilda ishlangan filmda esa ilk bor Xitkliff rolini qora tanli aktyor ijro etgan (kitobdagi ta’riflarga sodiq qolgan holda). Filmda musiqa deyarli yo‘q, tabiat tovushlari va realizmga urg‘u berilgan. 2009-yilgi filmda esa Tom Xardining ijrosi Xitkliffning ichki g‘azabini kuchli ochib bergan. Qizig‘i shundaki, bosh rol ijrochilari hayotda ham turmush qurishgan.

Lekin 2026-yilgi versiya kitobdan ancha-muncha farq qiladi. Fennell asardagi Ketining akasi Xindli obrazini (xotini va o‘g‘li bilan birga) butunlay olib tashlagan va Xindlining ichkilikbozlik hamda qimorbozlik odatlarini otasiga yuklagan. Shuningdek, u romanning ikkinchi yarmini — Keti va Xitkliffning ulg‘aygan farzandlari haqidagi qismini ham o‘chirib yuborgan (Keti kitobda qiz tug‘adi, ammo bu filmda bolasi qornidayoq o‘ladi). Xitkliffning qorachadan kelgani ham chetlab o‘tilgan. Hamma narsani biluvchi uy xizmatchisi Nelli kitobdagi eng murakkab qahramon. U kitobda mehribon va ijobiy obraz edi, biroq filmda Keti va Xitkliffni ayirib yuborgan yovuz xizmatkorga aylangan.

Sidneydagi premyera chog‘ida Margo Robbi sahnaga chiqib, tomoshabinlarni shovqin solishga chorladi va bu film sukut saqlab tomosha qilish uchun yaratilmaganidan ogohlantirdi. Filmning bosh qahramoni va prodyuseri bo‘lgan Robbining shu birgina jumlasi Emerald Fennellning yangi loyihasidan nimani kutish kerakligini tushuntirib berdi. Ya’ni “Bo‘ronli dovon"ning bu talqini klassika emas, ko‘proq qiy-chuvli spektaklga o‘xshaydi.

Emili Brontening bu asarini kitobxonlarning necha avlodi sevimli asari deb biladi, son-sanoqsiz talabalar uni o‘rgangan, u adabiyotning barcha shakllariga ta’sir qilgan va pop-madaniyatga shu qadar singib ketgan. Agar siz kitobning ashaddiy muxlisi va klassika himoyachisi bo‘lsangiz, Fennellning bu talqini sizga yoqmaslik ehtimoli juda yuqori. Fennell romandagi nozik jihatlarni olib tashlab, asosiy e’tiborni Keti va Xitkliffning hissiy jihatdan zo‘ravonlikka asoslangan munosabatlariga qaratgan. Fennell Bronte nomining ahamiyatini hali bilmaydigan yoshlargarom eta etuvchi ommabop tomosha yaratdi. Bu shunday tajribaki, tomoshabinni ekran qarshisida hayqirishga, kulishga va hayajonlanishga majbur qiladi.

Bu klassik adabiyotning iste’molchi jamiyat bilan to‘qnashuvidir. Keti va Xitkliff qayta topishgach, na keng dashtlar, na kareta va na bolalikdagi xaroba yotoqxona ularning yashirin ishqiy sarguzashtlaridan chetda qolmaydi. Ularning yaqinligi shu darajaga yetadiki, hatto eng ashaddiy ishqiy fanfishn yozuvchilari ham uyalganidan qo‘llarini klaviaturadan tortib olishlari ajabmas. Balki mualliflar biroz tiyilib, asarning nozik jihatlari va ijtimoiy tanqidiga ko‘proq joy ajratishlari kerakmidi, degan fikr tug‘iladi.

Dunyoga Gollivudning eng jozibador va shov-shuvli ikki yulduzi ishtirokidagi ehtirosli talqinni va’da qilgan Fennell qahramonlarning bir-biriga bo‘lgan vahshiyona intilishini bor bo‘yicha ko‘rsatishga ahd qilgan. Hatto kitobdan ancha yiroq bo‘lgan, ommaviy qatl va behayo ishoralar bilan boshlangan muqaddima ham tomoshabinning boshiga zarbadek tushib, bu film maktabdagi adabiyot darsiga mutlaqo o‘xshamasligini uqtiradi. Fennell tomoshabinni shokka tushirish yoki hech bo‘lmaganda uyg‘otib yuborish ishtiyoqidan voz kechmaydi. U anaxronizm (tarixiy nomuvofiqlik) va mubolag‘aga asoslangan vizual hamda musiqiy uslubni qo‘llaydi. Fennell qiz va yigit o‘rtasidagi bog‘liqlikni aka-singilcha mehrdan tortib, nafratli xohishgacha ko‘rsatib beradi.

Margo Robbi va Jeykob Elordi Gollivudning mahoratli aktyorlaridir. Ammo ular ekranda hissiy jihatdan bir-biriga bog‘lanmaydi. Ishlab chiqarishning haddan tashqari hashamati ularni qog‘oz qo‘g‘irchoqlarga aylantirib qo‘yadi. Aktyorlar ehtiros uchqunlarini yaratadilar, ammo ruhlarning tutashuvi yoki “Bo‘ronli dovon"ni nafrat va muhabbat qissasiga aylantirgan o‘sha vayronkor g‘azab filmda yetishmaydi. Filmdagi liboslar, dekoratsiya, vizual tasvirlar asosan ayol tomoshabinlarni o‘ziga torta oladi.

Tanqidchilar kartinani qaynoq, ammo hayratsiz kutib olishdi. Ularning fikri bir nuqtada yakdil: film vizual jihatdan betakror. Operatorlik ishi, liboslar, gotik atmosfera va bosh qahramonlar o‘rtasidagi kuchli ehtiros — bularning barchasi oliy darajada. The Hollywood Reporter nashri allaqachon filmni “hissiyotli, provokatsion va vizual jihatdan hashamatli” deb atadi. Asosiy e’tiroz esa romandagi syujet va qahramonlar xarakterining soddalashtirilgani. Eng ashaddiy tanqidchilar, xususan The Guardian, filmni haddan tashqari stilizatsiya qilingan va yuzaki deb baholadilar.

Emili Bronte tomonidan 1847-yilda yozilgan ushbu kitob Viktoriya davri adabiyotining eng noodatiy namunalaridan biri hisoblanadi. Roman “hikoya ichidagi hikoya” tamoyili asosida qurilgan. Voqealar xizmatkor Nelli tilidan so‘zlab beriladi. Kitobda ko‘plab vaqt chiziqlari, turli avlod vakillari va murakkab qahramonlar mavjud bo‘lib, bu matnni ko‘p qatlamli va psixologik jihatdan teranlashtiradi.

Emerald Fennellning filmi esa klassik adabiyotning ekrandagi an’anaviy davomi emas, balki unga tamomila yangicha va bahsli qarashidir. Rejissyor Emili Brontening psixologik teranligini vizual hashamatga, qahramonlarning ichki iztiroblarini esa tashqi ehtiros va estetikaga almashgan. Margo Robbi va Jeykob Elordining ishtiroki filmning tijoriy muvaffaqiyatini ta’minlasa-da, ular yaratgan obrazlar kitobxonlar uchun ikki qo‘g‘irchoqning Yorkshir dashtlaridagi ishqiy sarguzashtlaridek tuyulishi tabiiy. Biroq aynan mana shu noan’anaviylik filmni 2026-yilning eng ko‘p muhokama qilinadigan kino-hodisasiga aylantirdi.

Agar siz uchun kino — bu avvalo vizual lazzat va zamonaviy shou bo‘lsa, Fennellning talqini sizni maftun etadi. Ammo agar “Bo‘ronli dovon"dan Brontega xos ruhiyat va tarixiy teranlikni kutayotgan bo‘lsangiz, yaxshisi uning avvalgi versiyalarini ko‘rganingiz ma’qul. Nima bo‘lgan taqdirda ham, bu film klassikaga bo‘lgan qiziqishni qayta uyg‘otdi, bu esa uning katta yutug‘i bo‘lishi mumkin.

Film ayni kunlarda poytaxtimiz kinoteatrlarida namoyish etilmoqda.

Nodirabegim Ibrohimova
Muallif
Nodirabegim Ibrohimova
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
"Bo‘ronli dovon" – klassikaning halokatimi yoki vizual inqilob? — Toshkent Afishasi