Mayli Sayrus "Hannah Montana" serialining 20 yilligi munosabati bilan qaytmoqda

Amerikalik xonanda va aktrisa Mayli Sayrus “Hannah Montana” serialining 20 yilligiga bag‘ishlangan maxsus qismda suratga tushadi. Bu haqda u X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Maxsus epizod 24-mart kuni Disney+ platformasida namoyish etiladi. Qayd etilishicha, loyiha tomoshabinlarga afsonaviy obraz yaratilish jarayoni haqida “chuqurroq nigoh” taqdim etadi.
“‘Hannah Montana' har doim hayotimning bir qismi bo‘lib qoladi. Oddiy teleserial sifatida boshlangan loyiha mening va millionlab muxlislarning hayotini shakllantirgan umumiy tajribaga aylandi. Yillar o‘tsa ham bu serial odamlar uchun shunchalik muhimligicha qolayotgani bilan faxrlanaman”, — deya fikr bildrigan Sayrus.
Uning aytishicha, maxsus epizod serialning 20 yilligini nishonlash va yillar davomida qo‘llab-quvvatlab kelgan muxlislarga minnatdorlik bildirish uchun yaratilmoqda. Mayli Sayrus yubiley sonida ijrochi prodyuser sifatida ham ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, Hannah Montana 2006−2011 yillarda Disney kanalida efirga uzatilgan bo‘lib, unda Mayli Styuart ismli o‘smir qizning ikki xil hayoti — oddiy maktab o‘quvchisi va dunyoga mashhur pop yulduzi sifatidagi hayoti hikoya qilinadi.