"Mashaqqat sari" ("Breaking Bad") seriali suratga olingan uyni strimer sotib oldi

Strimer Edin Ross “Mashaqqat sari” (“Breaking Bad”) serialidagi Uolter Uaytning Albukerkedagi uyini 1,3 million dollarga sotib oldi, deya yozmoqda The New York Post.
“Men ba’zi potensial xaridorlar aytgan narxdan qimmatroq toʻlashga majbur bo‘ldim, lekin men mamnunman,” — dedi Ross jonli efirda o‘z auditoriyasiga va o‘sha paytda eng yuqori narxni taklif qilganini qo‘shimcha qildi. Blogerning aytishicha, u uyni Uolter Uayt uyining aniq nusxasiga aylantirishni rejalashtirmoqda.
Nyu-Mexikodagi koʻchmas mulkning avvalgi egalari serial muxlislaridan bezor boʻlgani uchun uni sotishga qaror qilgan. Sobiq uy egasining aytishicha, bu yerga kuniga 300 ga yaqin avtomobil aynan shu uyni koʻrish uchun keladi. Muxlislar nafaqat Uolterning uyi fonida suratga tushishni, balki serialdagi mashhur tomga otilgan pitsa sahnasini ham takrorlashni xohlashadi.

2025-yil yanvar oyida ko‘chmas mulk egasi Kintana uyni 4 million dollarga sotmoqchi boʻlgan, ammo bu narx uning bozor bahosidan o‘n baravar ko‘p edi. U bunday narxni muzeyga aylantirishi mumkin bo‘lgan kolleksionerlar yoki investorlarning qiziqishiga umid qilgan rieltorlar maslahati bilan qoʻygandi. Biroq, bu reja yashash hududini tijoriy hududga aylantirishni taqiqlovchi qonun tufayli chippakka chiqadi.

Bir oy o‘tgach Kintana binoni yana sotuvga qo‘ydi, ammo bu safar 90% chegirma bilan. Uyni 400 ming dollarga sotib olish mumkin edi, ammo Ross uni uch baravar qimmatroqqa sotib oldi.