Puarodan Devid Millzgacha: detektivlar haqidagi 13 ta film va serial

E’lon qilingan sana· 1 027
Puarodan Devid Millzgacha: detektivlar haqidagi 13 ta film va serial

Ba’zi janrlar bor — ularni shunchaki tomosha qilmaymiz, balki ichiga kirib ketamiz. Detektiv va yuristlar haqidagi filmlar aynan shunday toifaga kiradi. Ular bizni oddiy tomoshabindan bir zumda tergovchi, advokat yoki sudya roliga o‘tkazadi. Har bir detalni kuzatamiz, taxminlar qilamiz, dalillarni tahlil qilamiz va hatto qahramonlardan oldinroq yechim topishga urinib ko‘ramiz.

Bu janrning jozibasi shundaki, u faqatgina sirli voqealarni ochish bilan cheklanib qolmay, inson tafakkurini ishga soladi. Har bir murakkab tugun, har bir kutilmagan burilish tomoshabinning mantiqiy fikrlashini sinovdan o‘tkazadi. Detektiv va yuristlar haqidagi filmlar bu aslida orzu qilingan rollarni qisqa vaqtga bo‘lsa ham yashab ko‘rish imkoniyati. Balki hayotda biz jinoyatlarni ochmasmiz yoki sudlarda bahslashmasmiz, ammo ekran qarshisida o‘tirib, shu jarayonlarning bir bo‘lagiga aylanamiz.

Bu gal aynan shunday hislarni beruvchi film va seriallarni bir joyga jamladik.


Sherlok Holms

Roʻyxatimizni bu personajga atalgan film va serillarsiz boshlash ilojsiz boʻlar edi. Barcha davrlarning eng sevimli izquvari Janob Holms haqida turli davlatlarda turlicha talqindagi ikki yuzdan ortiq film ishlangan, ammo biz hozir ulardan eng yaxshilarini berib oʻtamiz.

“Sherlok Holms va Doktor Vatson sarguzashtlari”

Sherlok Holms haqidagi eng muvaffaqiyatli va klassik ekranlashtirishlardan biri bo‘lib, 1979−1986-yillar oralig‘ida suratga olingan. Loyiha rejissyori Igor Maslennikov bo‘lib, unda Holms obrazini Vasili Livanov, doktor Vatsоn rolini esa Vitali Solomin ijro etgan. Ushbu serial bir nechta televizion filmlar ketma-ketligidan iborat bo‘lib, ular orasida “Sherlok Holms va doktor Watson bilan tanishuv”, “Qonli yozuv”, “Baskervillar iti” kabi mashhur qismlari mavjud.

Ko‘pchilik tomoshabinlar uchun aynan shu serial — “haqiqiy Sherlok Holms” obrazi hisoblanadi, chunki u haddan tashqari dramatizatsiyasiz, sokin, mantiqiy va juda tabiiy uslubda ishlangan.

Filmni tomosha qilish.


“Sherlok”

Bu serialdagi obraz Sherlok Holms obrazining zamonaviy va eng mashhur talqinlaridan biri bo‘lib, 2010−2017-yillar oralig‘ida BBC tomonidan suratga olingan. Ushbu serialda Sherlok rolini Benedikt Kamberbetch, doktor Vatsоn obrazini esa Martin Friman ijro etgan.

Serial voqealari hozirgi zamon London shahrida kechadi va klassik detektiv hikoyalar yangi texnologiyalar, internet va zamonaviy jamiyat bilan uyg‘unlashtirilgan holda qayta talqin qilinadi. Mazkur talqinning o‘ziga xos jihati shundaki, voqealar rivojining yuqori tempi, murakkab syujet burilishlari va vizual uslubidir. Tomoshabin Sherlockning fikrlash jarayonini ekranning o‘zida “ko‘ra oladi”: dalillar, xulosalar va bog‘lanishlar grafik tarzda ifodalanadi. Bu esa serialni nafaqat detektiv, balki intellektual triller darajasiga olib chiqadi.

Serialni tomosha qilish.


“Sherlok Holms”

Mashhur rejissyor Gay Ritchi tomonidan suratga olingan Sherlock Holmes obrazi eng dinamik va zamonaviy talqinlaridan biri hisioblanadi. Film 2009-yilda ekranlarga chiqib, detektiv janriga aksion va sarguzasht elementlarini olib kirgani bilan ajralib turadi. Unda Sherlok rolini Robert Dauniy ijro etgan bo‘lib, u qahramonni noodatiy, biroz tartibsiz, eksentrik, ammo nihoyatda zukko va kuzatuvchan detektiv sifatida gavdalantiradi. Doktor Vatsоn rolini esa Juyd Lov ijro etibgan. Filmning oʻziga xos jihati Gay Richining uslubidagi jang sahnalari va voqelarni oldindan koʻra olish sahnalari boʻlib, bu filmga dinamika olib kirgan.

Film muvaffaqiyatidan so‘ng uning davomi “Sherlock Holmes: A Game of Shadows” ham suratga olingan bo‘lib, unda Sherlock bu safar o‘zining asosiy dushmani Professor Moriarti ga qarshi kurashadi.

Filmni tomosha qilish.


“Yosh Sherlok”

Bu serial detektivimizning hali mashhur detektivga aylanishidan oldingi yoshlik davrini tasvirlovchi o‘ziga xos ekran asarlaridan biridir. Film voqealari Sherlokning maktab davrida boshlanib, uning kelajakdagi buyuk izquvar sifatida shakllanish jarayonini ochib beradi. Serial rejissyori Gay Ritchi.

Asarda yosh Sherlock nihoyatda kuzatuvchan, mantiqiy fikrlashga moyil va atrofdagi eng kichik detallarni ham e’tibordan chetda qoldirmaydigan o‘smir sifatida tasvirlanadi. Aynan shu davrda u doktor Jon Vatson bilan tanishadi va ularning do‘stligi keyinchalik mashhur detektiv duetga aylanishining boshlanishi sifatida ko‘rsatiladi.

Serial hali yangi boʻlsa ham tomoshabinlar tomonidan yaxshi baholangan va hozircha u faqat 1 mavsumdan iborat.

Serialni tomosha qilish.


“Enola Holms”

“Enola Holms” filmi Sherlok Holms olamiga yangicha nigoh bilan qaraydigan, sarguzasht va detektiv unsurlarni uyg‘unlashtirgan zamonaviy film hisoblanadi. Asarda voqealar mashhur detektivning singlisi Enola Holmes atrofida rivojlanadi. Filmda Sherlok rolini Henri Kevill ijro etgan bo‘lsa, Enola obrazini Milli Bobbi Bravn jonlantiradi.

Mazkur film klassik detektiv hikoyalarni yengil, jonli va zamonaviy uslubda taqdim etadi. Unda hazil, sarguzasht birlashib, tomoshabinni boshidan oxirigacha qiziqtirib qoʻyadi.

Filmni tomosha qilish.


“Elkyur Puaro”

Elkyur Puaro obrazi mashhur yozuvchi Agata Kristi tomonidan yaratilgan eng taniqli detektiv obrazlardan biri bo‘lib, o‘zining o‘tkir aqli, tartibga bo‘lgan mukammal munosabati va noodatiy uslubi bilan ajralib turadi.

Puaro belgiyalik sobiq politsiyachi bo‘lib, keyinchalik xususiy detektiv sifatida faoliyat yuritadi. U jinoyatlarni kuch yoki qurol bilan emas, balki “kichik kulrang hujayralari” — ya’ni mantiqiy fikrlashi orqali ochadi. Har bir ishda u tafsilotlarga katta e’tibor beradi, inson psixologiyasini chuqur tahlil qiladi va eng murakkab jinoyatlarni ham izchil mulohaza orqali yechadi.

Bu obraz asosida ko‘plab filmlar va seriallar yaratilgan. Eng mashhurlaridan biri bu oʻzimizga qadrdan boʻlgan “Puaro” seriali bo‘lib, unda Puaro rolini David Sushe ijro etgan. Ushbu serial detektivning eng mukammal ekran talqinlaridan biri sifatida e’tirof etiladi.

Serialni tomosha qilish.

Shuningdek, so‘nggi yillarda Kennet Brana tomonidan suratga olingan “Murder on the Orient Express” va boshqa filmlarda ham Puaro obrazi yangicha talqinda namoyon bo‘lmoqda.

Filmni tomosha qilish.


“Ruhshunos”

Bu serial noodatiy detektiv serial bo‘lib, unda jinoyatlar kuch bilan emas, aql va psixologiya orqali ochiladi. Bosh qahramon Patrik Jeyn o‘tkir kuzatuvchanlikka ega bo‘lgan mutaxassis bo‘lib, u odamlarning harakatlari va his-tuyg‘ularini o‘qish orqali eng murakkab ishlarni ham yechadi. Bu serialda klassik detektivlardan farqli ravishda, dalillardan ko‘ra inson xatti-harakati va ruhiyati markazga chiqadi. Shu jihati bilan u tomoshabinni nafaqat voqeani kuzatishga, balki har bir qahramonning ichki dunyosini tahlil qilishga chorlaydi.

Serialni tomosha qilish.


“Dekster”

“Dekster” klassik detektivlardan keskin farq qiladigan, nisbatan qora va psixologik triller elementlariga boy serial. Uning markazida Dekster Morgan turadi, kunduz kuni sud-tibbiyot eksperti, kechasi esa jinoyatchilarni jazolovchi yashirin qotil. Dekster boshqalardan farqli o‘laroq, faqat jinoyatchilarni nishonga oladi va o‘zining “qoidalari” asosida harakat qiladi. Shu sababli tomoshabin doim ikki xil hissiyot o‘rtasida qoladi: u jinoyatchi, lekin ayni paytda adolatni tiklayotgandek tuyuladi.

Serialni tomosha qilish.


“Favqulotda Holatlar”

Bu serialni koʻrayotgan istalgan odam oʻzini bir muddatga boʻlsa ham advokat sifatida tasavvur qilgan boʻlsa kerak. Yuristlar hayoti, sud jarayonlari va korporativ o‘yinlarni markazga olgan mashhur serial. Hikoya iqtidorli, ammo diplomga ega bo‘lmagan yigit Mayk Ross va Nyu-Yorkning eng kuchli advokatlaridan biri Harviy Spekter atrofida rivojlanadi. Tepadagi fiml va seriallardan farq qilsa ham serialdagi keskin dialoglar, kuchli xarakterlar va aqlli strategiyalar tomoshabinni oʻziga qiziqtirib qoʻyadi.

Serialni tomosha qilish.


“Haqiqiy detektiv”

Murakkab detektiv hikoyalarga bag‘ishlangan serial bo‘lib, har bir mavsum o‘zining mustaqil syujeti va yangi qahramonlari bilan ajralib turadi. Serialning markazida tajribali detektivlar turadi, ular murakkab jinoyatlarni ochishga harakat qiladi va shu jarayonda inson psixologiyasi, insoniy dardlar va axloqiy ziddiyatlarni ham ochib beradi. Serialda Mattyu Makkonaxi va Vudi Harrilson bosh rollarni ijro etishgan.

Serialni tomosha qilish.


“Zodiak”

Bu film David Fincher tomonidan suratga olingan kriminal triller bo‘lib, haqiqiy voqealarga asoslangan. Film 1960−1970-yillarda San-Fransisko atrofida yashagan mashhur Zodiak ismli qotilining jinoyatlari va uni ushlashga uringan jurnalistlar hamda politsiya xodimlarining hayotini tasvirlaydi.

Filmning asosiy mavzulari: ob’ektiv haqiqatni aniqlash, odamlarning psixologik cheklanishlari, va jinoyatlarni tergov qilishdagi murakkabliklar. “Zodiac” faqat triller sifatida emas, balki inson psixologiyasini chuqur o‘rganadigan detektiv hikoya sifatida ham yuqori baholangan. Tanqidchilar filmni uning realizmi, atmosferasi va Jeyk Jillenhol, Mark Ruffalo va Robert Dauniy kabi aktyorlarning o‘ziga xos ijrosi uchun maqtashgan. Film shuningdek, tarixiy detektiv janrining eng ta’sirli namunalaridan biri hisoblanadi.

Filmni tomosh qilish.


“Yetti”

Yana bir David Fincherning filmi “Se7en” ham trilleri hisoblanadi. Film ikki detektiv Uilliam Somerset va yosh Devid Millz shahar bo‘ylab sodir bo‘layotgan g‘ayrioddiy jinoyatlarni tergov qilayotganini tasvirlaydi. Qotil har bir jinoyatni “yetti katta gunoh” (nafs, hasad, ochkoʻzlik, g‘iybat va boshqalar) asosida sodir qiladi, bu esa voqealarni yanada dahshatli qiladi. Film kutilmagan yakun va Kevin Speyci, Bred Pitt, Morgan Friman kabi aktyorlarning kuchli ijrosi bilan mashhur. “Yetti” nafaqat triller, balki inson tabiati va gunoh mavzusini chuqur o‘rganadigan film sifatida tanilgan.

Filmni tomosha qilish.

Farangiz Akbarova
Muallif
Farangiz Akbarova
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling