Buyuk Britaniya tomonidan Ibn Sino haqidagi hujjatli film suratga olinadi

O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida Saba Productions media kompaniyasi vakili Fiona Kashli bilan uchrashuv o‘tkazilib, Abu Ali ibn Sino hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan hujjatli filmni suratga olish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda Gazeta.uz “Dunyo” axborot agentligiga tayanib xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, loyiha tadbirkor Ehson Rahbar homiyligida amalga oshirilmoqda. Uchrashuv davomida elchixona vakillari filmda buyuk alloma siymosini talqin qilishda tarixiy haqiqatni buzmasdan, uni asl holicha yoritish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, Ibn Sinoni g‘arb ilm-fani va tibbiyotiga katta ta’sir ko‘rsatgan, butun insoniyatga tegishli sharq mutafakkiri sifatida namoyon etish zarurligi qayd etildi.
Fiona Kashlining ma’lum qilishicha, ijodiy guruh 3−5-aprel kunlari Istanbulda suratga olish ishlarini yakunlab, 6-aprel kuni O‘zbekistonga yetib keladi. Asosiy suratga olish jarayonlari 7−12-aprel kunlari Buxoro viloyatida — alloma tug‘ilib o‘sgan hududda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, loyiha O‘zbekistonning boy tarixiy va intellektual merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, shuningdek Ikkinchi Renessans davri vakillarining jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini keng yoritishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQShlik rejissyor tomonidan olti yil davomida suratga olingan “Amir Temur” tarixiy filmi premerasi bo‘lib o‘tgan edi. Ushbu film premyerasidan tayyorlangan taqrizni e’lon qilngan edi.