Yolqin Toʻychiyev uslubidagi tarixiy film: "Ulug' Amir va Donna Mariya" filmiga taqriz

Milliy kino san’ati saroyida 9-aprel kuni rejissyor Yolqin Toʻychiyevning tarixiy janrdagi “Ulug' Amir va Donna Mariya” filmi premyera qilindi. Kinokartina direktori mashhur rejissyor Jahongir Qosimov, ssenariy muallifi esa Oʻzbekiston Xaql yozuvchisi Xayriddin Sulton hisoblanadi.
Kino turkiyalik ijodkorlar bilan hamkorlikda suratga olingan. Bu filmni oddiy tarixiy dramadan ko‘ra, Gollivudga yaqinlashishga urinayotgan loyiha sifatida ko‘rsatadi. Har holda, mualliflar “katta masshtabli kino” qilishni maqsad qilgani seziladi.

Filmda asosiy qahramon Mojariston (Vengriya) qirolining nabirasi Donna Mariya hisoblanadi. Kinokartinaning asosiy syujeti ushbu qahramon atrofida aylanadi. “Ulug' Amir va Donna Mariya"dagi asosiy voqea sifatida 1402-yilda Anqara shahri yaqinida Amir Temur va Boyazid Yildirim oʻrtasida kechgan jang tanlangan. Ba’zi tarixchilar ushbu jangni Amir Temurning eng muhim gʻalabalaridan biri, deb ham ataydi.

Film uchun ajoyib uslub tanlangan, ya’ni tomoshabin avvalo hozirgi kunda yashayotgan Mariya hayoti bilan tanishadi. U 1400-yillardagi Mariyaning avlodi hisoblanadi. U ogʻir kasalga chalingan va oxirgi paytlarda ekzistensial kayfiyatda. Uning koʻziga oʻrta asrlarda yashagan ajdodi Donna Mariya koʻrinishni boshlaydi.

Syujetga koʻra, 1400-yillarda Usmonlilar imperiyasi sultoni Boyazid Yildirim tomonidan Yevropaga xavf tugʻiladi, Mojaristonga nisbatan jang ochiladi. Jangdagi mag‘lubiyatdan so‘ng Mariya asirga tushadi va sulton haramiga olib ketiladi. Filmda uning asirlikdagi hayoti salkam bir yil davom etgani ko‘rsatiladi. Ammo qahramon taqdirga tan bermaydi va doim qochishga harakat qiladi.

Keyin esa tarixiy burilish nuqtasida Anqara jangi oldidan Amir Temur qoʻshinlari uni qutqaradi. Syujetga ko‘ra, Anqara jangida Mariya Amir Temur qoʻshinlari safida qasos uchun janga kiradi. Parallel ravishda tomoshabinga hozirgi Mariyaning boshidan oʻtayotgan voqealar liniyasi ham koʻrsatiladi. U qalligʻi bilan janjallashib qoladi va ketadi. Shu bilan birga yaponiyalik vrach koʻrigida ham boʻlib turadi. Bu filmga global ohang beradi.

Umuman olganda filmni haqiqiy “xalqalar doʻstligi” namunasi deyish mumkin. Chunki unda Vengriya, Ispaniya, Oʻzbekiston kabi davlatlar namoyish etilishidan tashqari, qahramonlar ingliz, venger, ispan, yapon, turk va oʻzbek tillarida soʻzlashadi.

Film davomida zamonaviy dunyodagi Mariya ajdodini qutqargan Amir Temurga rahmat aytish uchun Samarqandga yoʻl oladi. Buni Sevara Nazarxonning “Samarqandga kel” qoʻshigʻi va ogʻir kuy bezab turadi. Kinokartinaga saundtrek juda omadli tanlangan deyish mumkin, chunki bu qoʻshiq bir vaqtning oʻzida tomoshabinni oʻrta asrlarga olib ketadi, shu bilan birga muxlislarning koʻz oldiga zalvorli Samarqand shahri ham keladi.

Vizual tomondan film kutilganidan kuchliroq chiqqan. Ayniqsa, tarixdagi Mojaristonda boʻladigan sahnalar puxta ishlangan, kostyumlar va muhit Gollivud tarixiy filmlari atmosferasiga yaqinlashganini sezish mumkin.
Ammo kinokartinadagi jang sahnalarida dinamika tushib ketadi. Amerikalik ijodkorlar tomonidan ishlangan “Amir Temur” filmi bilan solishtirganda bu seziladi. Shu bilan birga, filmning yarmiga kelib holat oʻzgaradi. Katta masshtabli sahnalarda kompyuter grafikalarining sifati ancha pastga tushib ketgan.

Tarixiy janrdagi filmlar uchun ma’lum qoliplar boʻlsa-da, Yolqin Toʻychiyev “Ulug' Amir va Donna Mariya"da ham muxlislari uchun tanish boʻlgan uslubini saqlab qola olgan. Buni bir urinishda uzilmasdan olingan uzun kadrlar orqali sezish mumkin. Yolqin Toʻychiyevning avvalgi filmlari orqali tanish boʻlgan melanxolik, ogʻir kayfiyat ham filmning asosida turadi.
Shuningdek, zamonaviy epizodlardan tarixiy epizodlarga olib oʻtuvchi “perexod"lar ham oʻziga xosligini ta’kidlash lozim. Kinokartina Amir Temur haqida emas. Hukmdor unda fon sifatida xizmat qiladi, ekranda ham koʻp vaqt ajratilmagan. Uning oʻrniga yana bir tarixiy shaxs Mavlono Jaloliddin Keshiyga e’tibor qaratiladi. Filmda Donna Mariyaning tilini topib, u bilan suhbatlashadigan ham, uni e’zozlaydigan ham Keshiydir. Bunday ikkinchi darajali personajlarning asosiy planga chiqishi ham oʻsha davr nuqtai nazaridan muhimdir.

“Ulug‘ Amir va Donna Mariya” — o‘zbek kinosi uchun noodatiy (jahon kinosi uchun esa odatiy) yo‘nalishda qilingan tajriba. Film katta tarixiy fonni shaxsiy drama bilan bog‘lashga urinadi va bu har doim ham mukammal ishlamaydi. Ammo urinishning oʻzi ham yuksak baholanishi mumkin. Kinoni “tarixiy filmlar toʻlqini"dan oʻrin olgan boshqa filmlardan ajratib turadigan jihat ham shunda.

Bu loyiha muhim signal boʻlib, o‘zbek kinosi katta tarixiy hikoyalarni global tilga moslab aytishga harakat qilayotganini koʻrsatadi. “Ulug‘ Amir va Donna Mariya” mukammal emas, toʻgʻri yoʻnalishda. Agarda, bu yo‘l davom etsa, yanada kuchli va ishonarli kinokartinalar paydo bo‘lishi ehtimoli yuqorilashadi.
Taxtgacha boʻlgan ogʻir yoʻl: amerikalik ijodkorlar ishlagan "Amir Temur" filmiga taqriz
27-mart kuni Cinematica kinoteatrida amerikalik ijodkorlar tomonidan ishlangan “Amir Temur” filmining yopiq premyerasi boʻlib oʻtdi. Film rejissyori sport mavzusidagi “Iron Cowboy” hujjatli filmi bilan taniylgan Jeykob Shvarts hisoblanadi. Bosh rolni “NCIS: Los Angeles” serialida oʻynagan Kristian Mortensen ijro etgan. Shuningdek, u filmning prodyuseri ham hisoblanadi. Qayd etilishicha, suratga olish ishlari Xiva shahrida, Tuproqqal’a shahar xarobalarida, shuningdek, Qozogʻistonda boʻlib oʻtgan.