Mandela, De Goll, Pinochet: prezidentlar haqida 10 ta film va seriallar

Prezidentlar hayoti va faoliyati haqidagi filmlar kinematografiyada alohida oʻrin tutadi. Davlat rahbarlari haqidagi filmlar qaysi janrda ishlanishidan qat’i nazar, doimo o‘zining muxlislarini topadi. Bu mavzuning o‘ziga xosligi shundaki, u rejissyorlarga janrlar borasida erkinlik imkonini beradi. Shu bois ham ekranlarda qat’iyatli yetakchilar haqidagi og‘ir dramalar bilan bir qatorda, siyosiy jarayonlarni kulgi ostiga oluvchi komediyalarni, hatto davlat arboblarini g‘ayritabiiy kuchga ega inson qilib koʻrsatuvchi mistik filmlarni ham uchratish mumkin.
Afisha.uz avvalroq AQSh prezidentlari haqidagi kinokartinalar haqida maqola e’lon qilgandi. Quyida esa boshqa prezidentlar haqidagi film va seriallar boʻyicha ma’lumot beradi.
The Iron Lady

2011-yilda premyera qilingan “The Iron Lady” filmi Buyuk Britaniya Bosh vaziri (de fakto: birinchi shaxs) boʻlgan Margaret Tetcher hayoti haqidagi biografik film hisoblanadi. Bosh rolni ijro etgan Meril Strip ushbu roli uchun “Eng yaxshi aktrisa” nominatsiyasida Oskar mukofotini qoʻlga kiritgan.
The Death of Stalin

Ushbu qora yumorga boy tarzda ishlangan “Death of Stalin” siyosiy satirik filmi Rossiyada taqiqlangan. SSSR bosh kotibi boʻlgan Iosif Stalin 1953-yil 5-mart kuni vafot etadi. Film Stalindan keyingi hokimiyat uchun boʻlgan siyosiy kurash voqealari haqida ham hikoya qiladi.
Sovet ittifoqi, 1953-yil. Butun mamlakat bir odamdan qoʻrqib, titraydi. Mart oyining boshida Bosh kotib vafot etadi. U olamdan o‘tgach, hokimiyat uchun kurash, poyga boshlandi!
Dave

Siyosiy komediya janrida ishlangan ushbu filmga “prezidentlar haqidagi eng quvnoq film”, deya ta’rif beriladi. Shuningdek, bu Golivudda mashhur boʻlgan Zolushka haqidagi hikoyaning ilk zamonaviy variantlaridan biri hisoblanadi.
AQSh prezidentining rasmiy tashrifi chog‘ida unga zarba berildi. Bu voqea Mitchell o‘z ma’shuqasi bilan ko‘ngilxushlik qilayotgan vaqtda sodir bo‘ldi. Prezident yordamchilari Alan Rid va Bob Aleksandr ishga yollash boʻyicha agentlikni muvaffaqiyatli boshqargan Deyv Kovikdan vaqtincha prezidentning o‘rnini bosishni so‘raydi. Amaldagi prezident va Deyv bir-biriga juda o‘xshaydi. Shuhratparast yordamchilar sabab ideal koʻringan operatsiyaning muammolari chiqishni boshlaydi.
Darkest Hour

Buyuk Britaniyaning eng mashhur bosh vazirlaridan biri boʻlgan Uinston Cherchil haqida koʻplab filmlar suratga olingan. Ushbu film ularning eng yangilaridan biri hisoblanadi. Kinokartina Buyuk Britaniya va, albatta, amerikalik ijodkorlar hamkorligida ishlangan.
Bu favqulodda vaziyatda hokimiyatga kelgan Uinston Cherchillning Buyuk Britaniya bosh vaziri lavozimidagi birinchi va hal qiluvchi qadami haqidagi hikoyadir. Natsistlar armiyasining muvaffaqiyatlari Britaniya jamoatchiligini hayajonga solgan, ammo boshqa siyosatchilarning bosimi va qo‘rquviga qaramay, Cherchill Gitler bilan kelishuvga borishdan bosh tortadi.
De Gaulle

Umuman olganda Ikkinchi jahon urushi mavzusini davom ettiramiz. Britaniyani qutqargan Cherchildan Fransiya uchun jang qilgan va keyinchalik prezidentga aylangan Sharl de Goll haqidagi hikoya oʻtamiz.
Filmda de Gollning 1940-yil 18-iyundagi nutqidan to 1969-yilda hokimiyatdan ketguniga qadar deyarli o‘ttiz yillik hayoti haqida hikoya qilinadi. De Gollning jahon siyosatining eng yuqori cho‘qqilariga aql bovar qilmaydigan darajada tez ko‘tarilishi Fransiyaning undan ham tezroq qulashi paytida boshlanadi. 1940-yilning o‘n yettinchi iyunida de Goll Bordodan Londonga uchib ketadi, ertasi kuni, 18-iyunda esa Britaniya radiosi orqali fransuz xalqini qarshilik ko‘rsatishga chaqiradi. Yigirma ikkinchi iyunda Fransiya taslim bo‘lish to‘g‘risidagi bitimni imzolaydi. Fransiya uchun g‘oyat og‘ir bo‘lgan 1940-yilning yozida fransuz armiyasida provinsiya ichkarisida joylashgan piyoda askarlar polkiga qo‘mondonlik qilgan polkovnik de Gollning siyosiy faoliyati boshlanadi.
Graf

Yetim Klod Pinosh 20 yil Parijdagi yetimxonada yashaydi, ulg‘ayib, Lyudovik XVI armiyasining ofitseriga aylanadi. Yosh yigit vampir edi. Buyuk fransuz inqilobi boshlanganda esa o‘z o‘limini soxtalashtiradi va barcha turdagi inqilobchilarga qarshi ashaddiy kurashchiga aylanadi. U ko‘plab mamlakatlarda bo‘ladi va yillar o‘tib Chiliga joylashadi. U yerda o‘ziga Augusto Pinochet (Chili sobiq prezidenti) nomini beradi.
Oradan uzoq yil oʻtib, yana o‘z o‘limini sahnalashtirgan sobiq diktator chekka joylarda yashaydi va bu dunyoni tark etishni orzu qiladi, ammo umuman o‘lmaydi. Uning huzuriga meros olish va yashirin fondlarni qidirish tashvishiga tushgan bolalar, shuningdek, buxgalter niqobi ostida rohibalar keladi.
Invictus

Filmlarda namoyish etilgan prezidentlar geografiyasini kengaytirishda davom etamiz. Ushbu film janri sport dramasi boʻlsa-da, unda Janubiy Afrika prezidenti boʻlgan Nelson Mandella asosiy obrazlardan biri hisoblanadi.
Film Janubiy Afrika 1995-yilgi regbi bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qilayotgan vaqtda, aparteiddan keyingi davrlar haqida hikoya qiladi. O‘shanda mamlakatning oq tanli va qora tanli aholisi o‘rtasidagi ko‘p yillik tushunmovchilikni tugatish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanishga uringan Nelson Mandelaning birinchi prezidentlik muddati ketayotgan edi.
The Gathering Storm

Yana bir bor Cherchillga qaytamiz, xuddi uning oʻzi 1939−40 yillarda XX asrning eng katta muammolaridan birini hal qilish uchun siyosatga qaytib kelganidek. Bu kinokartina biroz eskiroq (2002-yilda premyera qilingan), ammo avvalgisiga qaraganda mashhurroq hisoblanadi. Film ikkita “Oltin globus” mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Buyuk Britaniya, 1930-yillar. Dunyo Ikkinchi jahon urushi arafasida turipti. Ammo Britaniya parlamenti a’zolari urushning muqarrarligiga ishonmaydi va fashistlar Germaniyasi bilan tinch-totuv yashash yo‘llarini topishga umid qilmoqda. Faqat Uinston Cherchillgina natsizmni Yevropa va Buyuk Britaniya xavfsizligiga tahdid deb biladi. Uning qo‘liga maxfiy hujjatlar tushib qoladi, bu hujjatlar parlamentni uning ogohlantirishlariga quloq solishga majbur qiladi. Cherchillning siyosiy karyerasi yuksalish pallasida, uning shaxsiy hayoti barbod bo‘ladi.
The Regime (mini serial)

HBO kompaniyasi tomonidan suratga olingan 6 qismlik mini serialda bosh rolni Keyt Uinslet ijro etgan. Siyosiy satira janridagi serial voqealari Sharqiy Yevropada boʻlib oʻtadi.
Avtoritar rejimda yashayotgan Yevropa mamlakatining kansleri siyosiy vaziyat keskin o‘zgara boshlaganda o‘z lavozimini saqlab qolishga harakat qiladi.
“Слуга Народа” seriali

“Слуга Народа” seriali ukrainalik ijodkorlar tomonidan 2015−2019 yillarda suratga olingan. Serialda bosh rolni ijro etgan Volodimir Zelenskiy keyinchalik 2019-yilda real hayotda ham Ukraina prezidentiga aylangan. Bu va 2022-yildagi boshqa voqealar sabab serial qayta mashhurlikka erishdi.
Maktabda oʻqituvchi boʻlib ishlaydigan Vasiliy Goloborodko kutilmaganda saylovda gʻolib chiqadi va mamlakat prezidentiga aylanadi. Serialda uning prezidentlik postidagi turli sarguzashtlari namoyish etiladi.
Linkoln, Bush, Obama: AQSh prezidentlari haqidagi filmlar
Amerikada boʻlib oʻtadigan prezidentlik saylovlarini butun dunyo odamlari qiziqish bilan kuzatadi. Hozir AQSh navbatdagi saylovlarni oʻtkazish arafasida turibdi. Kinematografiyada Qoʻshma shtatlar prezidentlari hayotini namoyish etish urfga aylangan. Butun dunyo uchun katta hodisaga aylanadigan voqea oldidan Afisha.uz Amerika prezidentlari haqidagi eng yaxshi filmlar haqida ma'lumot beradi.