Yaponiya bilan hamkorlikda o‘zbek animelari yaratiladi

Yaponiya kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ilk bor animatsiya va kompyuter grafikasi sohasi uchun mutaxassislar tayyorlash dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, vazirlik hamda ELF-IN Co., Ltd o‘rtasida animatsiya va CG (computer graphics) sanoatini rivojlantirish, shuningdek, ushbu yo‘nalishda malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan Anglashuv memorandumi imzolangan.
Hamkorlik doirasida animatsiya sohasida professional mutaxassislarni tayyorlash uchun 700 ming AQSh dollaridan ortiq grant ajratilishi kutilmoqda. Muzokaralarda iqtidorli yoshlar uchun yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish, yumshoq ko‘nikmalarni rivojlantirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish, masofaviy xizmatlarni kengaytirish hamda raqamli xizmatlar eksportini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Loyiha doirasida Yaponiya bozoriga yo‘naltirilgan animatsiya ta’limi yo‘lga qo‘yilib, dars jarayonlariga yetakchi yapon mutaxassislari jalb etiladi.

Shuningdek, kompaniyaning O‘zbekistondagi sho‘ba korxonasini ochish va yuqori maoshli ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, hamkorlik orqali milliy o‘zbek anime mahsulotlarini yaratish va ularni xalqaro bozorlarga olib chiqish imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Mutasaddilar ushbu tashabbus O‘zbekistonning global AT xizmatlari eksportidagi o‘rnini mustahkamlash, ijodiy sanoatni rivojlantirish hamda yoshlar bandligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.