Vahima bosh rolda: Virus va epidemiyalar haqida 10 ta mashhur film hamda seriallar

Virus va epidemiyalar haqidagi filmlar odatda oddiy qo‘rqinchli syujetdan ko‘ra kattaroq savollarni o‘rtaga tashlaydi. Insoniyat xavf qarshisida qanday o‘zgaradi, odamlar vahima ichida insoniyligini saqlab qola oladimi va sivilizatsiya qulash yoqasiga insonlarning asl qiyofasi namoyon boʻladimi? Aynan shu sabab pandemiya mavzusi kino tarixida doim dolzarb bo‘lib kelgan.
Turli davrlarda rejissyorlar viruslarni ba’zida ilmiy fantastika, ba’zida zombi-horror, ba’zida esa sof drama vositasida tasvirlashga harakat qilgan. Ayrim kinolar tomoshabinni katta masshtabli halokat manzaralari bilan qo‘rqitsa, boshqalari insonlarning ichki kechinmalari, yolg‘izlik yoki sevgi haqida hikoya qiladi. Ayniqsa koronavirus pandemiyasidan keyin bu mavzudagi filmlarga qiziqish yanada ortdi. Endi ekranlarda ko‘rsatiladigan karantin, izolyatsiya va vahima hissi tomoshabin uchun shunchaki fantaziya emas, balki boshdan kechirilgan tajribaga aylandi.
Afisha.uz quyida ushbu mavzudagi kino va seriallar haqida ma’lumot beradi.
I Am Legend

Ushbu film koʻpchilikda Uill Smitning ajoyib ijrosi bilan assotsiatsiya qilinadi. Biroq filmda bosh rolni Arnold Shvarsnegger oʻynashi, rejissyor sifatida esa ishga Ridli Skott kirishishi kerak boʻlgan. Biroq byudjetning kamligi sabab rejalar oʻzgartirilgan. Kinokartina 2007-yilda premyera qilingan film Richard Metisonning shu nomli asari asosida suratga olingan.
Noma’lum virus yer shari aholisining yarmini nobud qiladi, qolgan yarmini esa vampirlarga aylantiradi. Kasallikka qarshi immunitetga ega bo‘lgan yagona omon qolgan odam tunlari zararlangan vampirlarga qarshi kurashishga, kunduzi esa ziddizahar topishga va epidemiya sabablarini aniqlashga harakat qiladi.
Perfect Sense

2011-yilda suratga olingan fantastik drama Buyuk Britaniyada suratga olingan. Rejissyor Devid Makkenzi aktyor va aktrisa Yuen Makgregor va Yeva Grin bilan birgalikda insoniyat fojia qarshisida qolganda muhabbatni qanday saqlab qolish mumkinligi haqida “qoʻlyozma” yaratgan.
Вunyo barcha odamlarni birin-ketin sezgi organlaridan mahrum qilayotgan sirli epidemiya bilan yuzlashadi. Shu paytda esa epidemiolog Syuzan va oshpaz Maykl orasida g‘alati, ammo juda samimiy sevgi hikoyasi boshlanadi. Odamzotning hayoti oxiriga yaqinlashayotgan bir paytda insoniylikni saqlab qolish qanchalik muhimligi haqidagi hikoya qilinadi.
Contagion

Odatda bunday mavzudagi filmlarda yulduzli aktyorlar tarkibini yigʻish biroz qiyin hisoblanadi. Ammo bu kinokartinada asosiy rollarni Mett Deymon, Keyt Uinslet, Jud Lou, Gvinet Peltrou kabilar ijro etgan. Oʻzbek tiliga “Zararlanish” deya tarjima qilinadigan filmga Stiven Soderberg rejissyorlik qilgan.
Xalqaro shifokorlar tashkiloti AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi bilan birgalikda halokatli virusning tarqalishiga to‘sqinlik qilishga harakat qilishni boshlaydi.
World War Z

Kinokartina zombi filmlari orasida eng katta masshtabli va eng vahimali kinolardan biri hisoblanadi. Umuman olganda Brad Pitt bosh rolni ijro etgan kinokartinada zombilarga qo‘rqinchli mavjudot emas, balki sunami kabi yopiriladigan, shaharlarni soniyalar ichida bosib oladigan va insoniyatni tirik qolish uchun kurashga majbur qiladigan mavjudotlar qilib tasvirlanadi.
BMTning sobiq xodimi Jerri Leyn bir necha soniya ichida odamlarni zombilarga aylantiradigan noma’lum virus epidemiyasining markazida qoladi. Virusga qarshi ziddizahar topishga urinib, Leyn o‘z guruhi bilan deyarli butun dunyo bo‘ylab sayohat qiladi. Endi butun dunyoning taqdiri qil ustida turibdi, Jerri esa uning yagona umidi.
Train to Busan

Buyuk Britaniya va Gollivud filmlaridan uzoq sharqqa yoʻl olamiz. 2016-yilda premyera qilingan ushbu film faqatgina Janubiy Koreyada emas, balki butun dunyodagi horror muxlislari orasida katta e’tiborga tushgan. Bu 2019-yilda Oskar mukofotini qoʻlga kiritgan “Parazitlar” filmi premyerasidan oldinroq yuz bergani ham kinoning darajasini oshiradi.
Kichkina Su-anning tug‘ilgan kuni. Qizcha otasi bilan Seulda yashaydi va Pusan shahriga onasining oldiga borishni juda xohlaydi. Yo‘lda kutilmagan hodisa yuz beradi va mamlakatga sirli virus bostirib keladi. Virus hujumlarini qaytargan yagona shahar — Pusanga ketayotgan poyezd yo‘lovchilari omon qolish uchun kurashishi kerak bo‘ladi. Yoʻl 442 kilometrni tashkil etadi va poyga oxirigacha davom etadi.
12 Monkeys

Bred Pitt 1996-yilda ham viruslar sabab dunyo ostin-ustun boʻladigan filmda rol ijro etgan. Kinoda uning sherigi Bryus Uillis boʻlgan. Keyinchalik film asosida serial ham suratga olingan.
2035-yil… Dahshatli, bedavo virus besh milliard odamni, ya’ni Yer aholisining 99 foizini yo‘q qildi. Tirik qolgan odamlar yer ostida yashashga majbur bo‘ladi. Jinoyatchi Jeyms Koul ixtiyoriy ravishda vaqt mashinasida xavfli sayohatga chiqadi. U olimlarga bu dahshatli virusning kelib chiqish manbasini topishda va sirli “O‘n ikki maymun” jumbog‘ini ochishda yordam berish uchun o‘tmishga qaytishi kerak…
Help

Real hayotda insoniyat kurashgan va yashab oʻtgan eng katta viruslardan biri bu koronavirus hisoblanadi. Butun dunyoda pandemiyaga sabab boʻlgan Covid-19 kinematografiyaga ham oʻz ta’sirini oʻtkazgan. Uning ta’siri haqida bir nechta filmlar ishlangan. Buyul Britaniyaning “Help” filmi ham shular jumlasidan.
Sara Liverpuldagi qariyalar uyiga ishga kiradi va u yerda o‘zining orzusidagi ishni topganga o‘xshaydi. Ayni paytda tashqarida 2020-yilning mart oyi edi va butun dunyoni koronavirus pandemiyasi qamrab olishni boshlagandi.
28 Days Later

Kilian Myorfi bosh rolni ijro etgan film katta mashhurlikka erishgan va trilogiyaga aylangan. Ularning birinchisi 2002-yilda premyera qilingan boʻlsa-da, viruslar haqidagi filmlar ichida klassika hisoblanadi. Kinokartina rejissyor Denni Boylga ham mashhurlik keltirgan.
“Yashil” ekstremistlar guruhi Kembrij primatlar tadqiqot markaziga bostirib kiradi va maxfiy ilmiy laboratoriyadan to‘xtatib bo‘lmaydigan virus bilan zararlangan tajovuzkor maymunni ozod qiladi. Bir necha soniya ichida qon orqali yuqadigan halokatli virus bir zumda zararlanishga olib keladi va har qanday tirik mavjudotga tegsa, uni qonxo‘r maxluqqa aylantiradi.
Pandemiya

Oʻzbekistonlik kinoijodkorlar ham koronavirus mavzusidan chetta qolmagan. 2024-yilda rejissyor Abutolib Adamqulov tomondan 2020-yildagi voqealarga atab, kino ishlangan. Afisha.uz'da ushbu film boʻyicha taqriz ham e’lon qilingan.
Film voqealari Oʻzbekistonda ilk koronavirus aniqlangan fuqaroning Fransiyadan Vatanga qaytishi bilan boshlanadi. Mamlakatda favqulodda holat, karantin e’lon qilingani va doktorlar tinimsiz ishlayotgani va ularning qahramonliklari namoyish etiladi.
Staged seriali (3 mavsum)

Koronavirus sabab nafaqat kinolar, balki seriallar ham suratga olingan. “Staged” seriali minimalistik uslubda suratga olingan boʻlib, kovid davrida mashhur boʻlgan “Uyda qoling” sloganiga mos tushadi. Bosh rollarni shotlandiyalik Devid Tennant va Uelslik Maykl Shin ijro etgan.
Koronavirus pandemiyasi tufayli Vest-End teatri aktyorlari vaqtincha izolyatsiyada ishsiz qoladi. Ammo oʻzlikni yo‘qotmaslik va dunyoda sodir bo‘layotgan voqealardan aqldan ozmaslik uchun ular mashg‘ulotlarni masofadan davom ettirishga qaror qiladi, bu esa ba’zan kulgili va bema’ni vaziyatlarga sabab bo‘ladi.