“Hali ham Netflix’da ko‘rishimiz ehtimoli yo‘q emas”: “Dacha” triller filmi rejissyori bilan suhbat

O‘zbek kinosida triller filmlar kam uchraydi, yaqinda ijtimoiy tarmoqlar mana shunday film haqida gapirishni boshladi. Uning nomi ham o‘zgacha — “Dacha”. Bu yo‘nalishdagi filmlar kamligi yetmagandek, borini ham kinoteatrda namoyish etishga ruxsat tegmadi: rejissyor Sunnat Nomozovning triller-slesher janridagi “Dacha” filmi kinoteatrda qo‘yish uchun ruxsat berilmagan. Afisha.uz rejissyor bilan bog‘lanib, film, taqiq va uning faoliyati haqida suhbatlashdi.
Mana shu filmlar atrofidagi shovqin atrofida rejissyorning o‘zi turdi: u ijtimoiy tarmoqlarda film haqida gapirib chiqdi, intervyular berdi, shoularda filmni Netflix’ga sotmoqchi ekanini aytdi va hokazo. Lekin bu rejissyorning ismi ko‘pchilikka tanish bo‘lmasligi mumkin. Xo‘sh, Sunnat Namozovning o‘zi kim?

Sunnat Namozov 1992-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Kino va media sohasida 10 yildan beri faoliyat olib beradi. Uning eng mashhur loyihalaridan biri — “Musiqa bu sevgi” filmi hisoblanadi. Bosh rollarni Asal Shodiyeva va Shohruhxon ijro etgan filmda u rejissyor bo‘lib ishlagan.
Qiziq tomoni shundaki, Sunnat Namozov bu soha bo‘yicha o‘qimagan, u umuman, oliy ma’lumotli emas. Uning so‘nggi o‘qish manzili Surxandaryodagi pedagogik kollej bo‘lgan.
Uning tarjimai holidan sezish mumkinki, “Dacha” — rejissyorning hozirgacha bo‘lgan eng katta loyihasi.
“Bu film faoliyatimdagi eng yirik loyiham va bu eng katta risklarimdan bittasi. Chunki buning ortida juda katta risklar yotibdi. Hozirgi kungacha. Xudo xohlasa, keyin bundan kattalarini ham qilishga harakat qilamiz”, — deydi u.
Birinchi katta loyiha uchun nega aynan triller janri tanlangan? Ustiga ustak bunday loyihalar o‘zbek kinosi uchun yangilik hisobalanadi.
“Menga triller janri, dinamik narsalar yoqadi. Hayotim ham tinch, osuda bo‘lsa, hammasi joyida bo‘lsa ham nimadir yetishmaydigandek tuyulaveradi. Undan tashqari, o‘zbek kinosida hech kim anchadan beri qo‘l urmayotgan, hamma qo‘rqib yurgan mavzu bo‘lgani uchun ham oldim. Lekin o‘zim shu janrni yurakdan xohlaganim uchun ham qo‘l urdim”, — deydi rejissyor.
Film chiqmasidan oldin yaxshigina tabiiy reklama bo‘ldi. Bunga asosiy sabablardan biri kinoteatrlarda namoyish etishga ruxsat berilmagani bo‘ldi, undan keyin odamlarda qiziqish yanada kuchaydi.

Aynan nima sabab bilan kinoteatrlarda namoyish etishga ruxsat berishmadi, rejissyorga qandaydir tushuntirish berilganmidi? Sunnat Namozovning ta’kidlashicha, unga aniq-tiniq, mazmunli javob berilmagan.
“Menga ko‘p sabablar aytishdi, lekin men aniq-tiniq, mazmunli javob ololmagandek bo‘ldim. Lekin O‘zbekiston Kinematografiya agentligi rahbari Shuhrat aka Rizayev menga juda yaxshi takliflar berdi. Senga biz boshqa kinolar beramiz, pul ajratib beramiz, sendek talantli rejissyor borligi bizning yutug‘imiz, biz bilan ishlasang, xursand bo‘lamiz, degan takliflarni berishdi. Lekin filmga nisbatan juda ham ko‘p, har bitta detaliga qarshilikka uchraganim uchun aynan bitta, mazmun jihatdan aniq javob ololmadim. Lekin o‘zlarining qonun-qoidalari bo‘yicha ruxsat berolmasligini aytishdi va men buni to‘g‘ri tushundim”, — deydi film muallifi.
Mirshakar Fayzulloyevning “Xayr, fevral” shousida Sunnat Namozov ham ishtirok etib, u bu loyiha ortidan katta qarzga kirib qolgani, filmni Netflix striming platformasiga sotishga harakat qilayotgani haqida gapirgandi.
Shundan keyin rejissyor Istanbulda Netflix agenti bilan uchrashganini ma’lum qildi, Namozovning aytishicha, film ularga yoqqan, ammo platformaning qonun-qoidalari ko‘p bo‘lgani, aniq javob ko‘p vaqt olishi sababli film 4-iyun kuni mahalliy iTV platformasida premyera qilinadigan bo‘ldi. Keyinchalik hamkorlik qilinadigan bo‘lsa, Netflix’da eksklyuziv emas, oddiy premyera bo‘ladi.
“Hali ham filmni Netflix’da ko‘rish ehtimoli yo‘q emas, buyog‘i Allohdan, men sabablarini qilib qo‘ydim”, — deydi rejissyor.
Endi bevosita film haqida gaplashadigan bo‘lsak. Film syujeti bir guruh yoshlarning shahar tashqarisidagi dachaga dam olish uchun borishi bilan boshlanadi. Quvnoq va begʻam koʻringan bu yigʻin ortida esa har bir qahramonning oʻz siri, oʻz gunohi, oʻz xiyonati yashiringan boʻladi. Oddiy hordiq sifatida boshlangan tun asta-sekin qoʻrquv, shubha va hayot-mamot sinoviga aylanadi.
Trillerda aktyorlar juda muhim, qo‘rquv, isterika va boshqa holatlarni ishonchli yetkazib bera olishi kerak. Filmda aktyorlar jamoasi qanday yig‘ildi?
“Mashhur aktyorlardan tashqari tanilmagan yuzlar bo‘lsa ishonchliroq chiqadi, deb o‘yladim. Yoshlarga imkoniyat berib ko‘rishga, kimlardandir qiyin bo‘lsa ham foydalanishga yoki boshqa qirralarini ochishga harakat qilamiz doim, bu kliplarimda ham ko‘rinadi. Ijodkorni hamma ko‘rgan tomonidan emas, boshqa bir jihatlarini ochib berishga harakat qilaman, Shu nuqtai nazardan mashhurlardan tashqari juda ko‘p debyutant aktyor va aktrisalar bor. Xudo xohlasa, ular ham o‘z vazifasini imkon qadar a’lo darajada bajardi, deb o‘ylayman.
To‘g‘ri, hech qaysi ijodkor o‘z ishidan ko‘ngli to‘lmaydi, lekin yomon emas, bu birinchisi — muhim qadam", — deydi u.
Kinokartinada rollarni Murod Nasimov, Behruz Madazimov, Otabek Rahmatullayev, Son Dasom, Fotima Berdiyeva, Kristina Rustamova, Yigitali Jovliyev ijro etgan. Shuningdek, aktyorlar tarkibiga Qozogʻistonning “Sheker” seriali yulduzi Azat Jumadil ham qoʻshilgandi.
Film treyleri allaqachon YouTube’da e’lon qilingan. Uning oxiridagi sahna muharrirlarimizning e’tiborini tortdi.
Unda aktyor Murod Nasimov oq kastyum-shimda kelin ko‘ylakni ushlagan holda yig‘laydi va baqiradi. Xuddi shunga o‘xshash sahna Bred Pitt ijrosidagi mashhur “Bullet train” filmida ham uchraydi. Biz rejissyordan bu rostdan ham o‘xshatish bo‘lgan-bo‘lmagani, yana qanday filmlarga “havola” berib ketilganini so‘radik.
“To‘g‘risini aytaman, menda hech qaysi filmga “havola berish” yoki birortasiga o‘xshatib olish fikri bo‘lmagan, chunki men o‘zim har kuni shu janrda bitta kino ko‘raman. Ssenariy yozishda ham tajriba qilganman: umuman kinodan xabari yo‘q bir kopirayter qizni topib, har bitta personajning roliga o‘zim kirib ko‘rib, o‘zim holatiga tushib, men aytib turganman, kopirayter yozib borgan.
Uning fabulasi (adabiy asarda tasvirlangan voqea-hodisalarning asl vaqt va mantiqiy ketma-ketlikdagi sodir bo‘lish tartibi — tahr.) bo‘yicha Dilshoda Qosimova va Sarvar Karimov akamiz juda ham ko‘p yordam bergan. Tasvirga olish jarayonlarida ssenariydan chiqib ham ketganmiz ba’zida. Ssenariyda yo‘q, lekin qo‘shsa zo‘r bo‘ladigan narsalarni jarayonning o‘zida qo‘shib ketganmiz", — deydi Sunnat Namozov.
Rejissyor bu loyiha ortidan katta miqdorda qarzga kirib qolganini ko‘p joyda aytib bergan. Namozovning aytishicha, iTV premyera uchun beg‘araz maydon bo‘lib, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan. Ta’kidlanishicha, sotuvdan tushgan barcha mablag‘ film rejissyoriga o‘tkaziladi.
“Gap filmning xarajatlari qoplanish yoki qoplanmasligi, undan ko‘p pul topish yoki biror narsali bo‘lib qolishda emas, aytganimdek, muhimi — qadam. Buning ortidan menga bir umrlik qandaydir loyihalar, eng muhimi ishonch kelsa, pulini oqlashdan ham yaxshiroq bo‘ladi, deb o‘ylayman”, — deb suhbatni yakunladi rejissyor.
Bu rejissyorni va boshqa ijodkorlarni ko‘proq o‘zbek kontentini ishlab chiqarishga undash uchun xizmat qiladi. Kinokartinani tomosha qilish uchun uni 30 000 so‘mga xarid qilish kerak bo‘ladi.








