AQShda “Chempion” filmining maxsus premyerasi bo‘lib o‘tdi

E’lon qilingan sana· 36
AQShda “Chempion” filmining maxsus premyerasi bo‘lib o‘tdi

AQShning Filadelfiya shahrida o‘zbek kinosining yangi loyihasi — “Chempion” badiiy filmining maxsus namoyishi bo‘lib o‘tdi. Premyera Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashayotgan o‘zbek oilalari va yosh tomoshabinlarni bir joyga jamladi.

Jahon chempionati arafasidagi sport kayfiyati fonida namoyish etilgan film bolalar va o‘smirlarda matonat, maqsad sari intilish hamda g‘alabaga ishonch kabi qadriyatlarni targ‘ib etadi.

Namoyish ishtirokchilari xorijda voyaga yetayotgan o‘zbek bolalari uchun ona tilidagi sifatli kontent muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, bunday filmlar milliy madaniyat, qadriyatlar va Vatan bilan bog‘liqlik tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdilar.

“Chempion” filmi Bolalar kontentini rivojlantirish markazi buyurtmasiga asosan suratga olingan. Loyiha Sport vazirligi hamkorligida amalga oshirilgan. Film rejissyori Alisher Uzoqov, postanovkachi operator Jahongir Ibrohimov, postanovkachi rassom Ibrohim Namozov. Kartina “Uzakov Production” studiyasi tomonidan ishlab chiqarilgan.

Shuningdek, filmning yaratilish jarayoni, suratga olish maydonchasidagi qiziqarli lahzalar va ijodiy jamoa faoliyati haqida tayyorlangan maxsus reportajni ham Afisha.uz'da tomosha qilish mumkin.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling