Real voqealarga asoslangan jinoiy drama: "Jurnalist" filmiga taqriz

Oʻzbekistonda 27-iyun kuni Matbuot va ommaviy axborot vositlari vakillari kuni (qisqaroq qilib aytganda, jurnalistlar kuni) hisoblanadi. Shu munosabat bilan 26-iyun kuni Milliy kino san’ati saroyida “Yoshlik” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan “Jurnalist” filmi premyera qilindi.
Avvalroq filmning yopiq namoyishi ham oʻtkazilgandi. Unda Afisha.uz muharriri ham ishtirok etdi va quyida kinokartina haqida fikrlarini bildiradi.

Shu vaqtgacha butun dunyoda jurnalistlar va ular to‘qnash kelishi mumkin bo‘lgan muammolar haqida ko‘plab kinolar ishlangan. Ularda asosan surishtiruv jarayonlariga va uning oqibatlariga eʼtibor beriladi. O‘zbekistonlik ijodkorlarning “Jurnalist” filmi syujetida ham bir surishtiruv tarixini ko‘rishimiz mumkin.

Lekin ushbu kinokartina janrning kanonlari kabi ikki aktdan (surishtiruv va natijalar) emas, balki uch aktdan iborat bo‘lib, unda bosh qahramonning surishtiruvni boshlaguncha bo‘lgan davri ham ko‘rsatiladi. Bu film yaratuvchilarining jamiyat kayfiyatini yaxshi tushunishi va uni filmga ko‘chira olganini ko‘rsatadi.

Gazetada ishlaydigan jurnalist qiz (bosh qahramon) avvaliga universitetda birga o‘qigan va hozir faqatgina internetda mashhur bo‘layotgan odamlardan shovqinli “intervyular” olayotgan kursdoshining oldiga boradi.

Keyin esa o‘qishni bitirib, blogerlik bilan shug‘ullanishni boshlagan hamda shantaj sabab qamalgan va hozirda taksichilik qilayotgan ikkinchi kursdoshi bilan surishtiruvga ketadi. Bu ikki personajlarning shaxsiyati, albatta, media sohasida ishlayotganlar uchun tanish ko‘rinadi.

“Menga katta pul taklif qilinganda olmaydigan odamlarning tabiatini o‘rganish juda qiziq”, — dedi rejissyorlardan biri yopiq premyera kuni. Haqiqatan ham filmdagi qahramonlar tabiatida o‘zbek kinosidagi obrazlarga xos bo‘lmagan reallik ko‘rinadi. Ular har safar pul / pora taklif qilinganda olishadi. Albatta, bosh qahramon ham shunday vaziyatga duch keladi, ammo u qanday qarorga kelganini filmni ko‘rish orqali bilib olishingiz mumkin.

Kino bir jinoyat ishi ortidan surishtiruv haqida bo‘lsa-da, bugungi kunda real hayotdagi jurnalistlarning faoliyatini anglatmaydi. Bunda rejissyorning holatga ancha drama elementlarini qo‘shganini sezish mumkin. Biroq aynan shu “Jurnalist"ning tomoshabopligini oshiradi.

Asosiy rollarning 80 foizini yosh aktyor va aktrisalar ijro etgan. Xususan, bosh rollarni ijro etgan Malika Habibullayeva va Umid Uzoqovni kelajakda boshqa loyihalarda ham ko‘rish qiziq bo‘ladi. Filmdagi asosiy antogonist obrazini gavdalantirgan Bobur Yo‘ldoshevni esa oxirgi vaqtlarda faqat jinoiy dramalarda ko‘ryapmiz.

Bundan tashqari, bugungi kunda agar biror o‘zbek filmining aktyorlar tarkibida Murod Nasimov bo‘lmasa, uni suratga olishga ro‘xsat berilmaydigandek tassurot ham uynonadi. Kinoda u asosiy antogonistning farzandi sifatida ko‘rinadi va ancha karikaturik rolni ijro etgan. Murod Nasimov bu — Murod Nasimov. Unga ortiqcha taʼrifning keragi yo‘q.

Filmni toʻliq tomosha qilgandan soʻng, uning real voqealarga asoslangani haqida ma’lumotlar e’lon qilindi.
Bosh qahramonning prototipi Mohigul Suvonova kinokartinada gʻoya mualliflari qatoridan joy olgan. Buning ta’siri bilan bir qatorda filmni koʻp kino koʻrgan va uni yaxshi tushunadiganlar ishlaganini his qilish mumkin.
Chunki operatorlik ishida ham, syujetdagi tugunlar, ularning yechilishi va turli dialoglarda Gollivud nafasi seziladi. Qaysidir tomondan Janubiy Koreyaning “Memory of Murder” yoki Qozogʻistonning “Qop-qora odam” kinolariga ham oʻxshab ketadi.

Shuningdek, kinokartina ijodkorlari lokatsiyalar bilan jiddiy shugʻullangani aniq. Surxondaryo viloyatidagi Xoʻjamoyxona qishlogʻi va uning kunduz vaqtidagi chiroyli, tundagi esa qoʻrqinchli peyzajlari auraga chuqurroq kirishni ta’minlaydi.

Xulosa qilib aytganda, oʻzbek kinosi yana bir yaxshi drama bilan boyidi deyish mumkin.