"Temir xotin", "Oltin devor", "Qora kamar": koʻrish kerak boʻlgan 10 ta oʻzbek telespektakli

E’lon qilingan sana· 663
"Temir xotin", "Oltin devor", "Qora kamar": koʻrish kerak boʻlgan 10 ta oʻzbek telespektakli

Oʻzbek teatr sanʼati nafaqat shunchaki sahna asarlari, balki xalqning milliy madaniy kodi, oʻtmishi va bugunini koʻrsatuvchi koʻzgu hisoblanadi. Yillar oʻtsa-da, qiymatini yoqotmaydigan, har bir gapirilgan gapi “mem” va iboralarga aylanib ketgan klassik spektakllar borki, ular tomoshabin qalbidan chuqur joy olgan.

Buyuk yozuvchilarning oʻtkir qalami va mahoratli rejissyorlarning yuksak didi mahsuli boʻlgan bu asarlar bugun ham oʻz dolzarbligini yoʻqotmagan va takror-takror namoyish etilmoqda.

Afisha.uz oʻzbek teatr sanʼatining oltin fondidan joy olgan, har bir oʻzbek tomoshabini hayotida kamida bir marotaba koʻrishi kerak boʻlgan spektakllar haqida ma’lumot beradi.

“Temir xotin”

Oʻzbekistonda yovuzchi va dramaturg Sharof Boshbekov pyesasi asosida sahnalashtirilgan spektaklning kino varianti mashhur hisoblanadi. Biroq bosh qahramon obrazini Muhammadsoli Yusupov gavdalantirgan teatr versiyasi ham filmdan qolishmaydi.

Mexanizator Qoʻchqor aka uyga odatdagidek ichib kelib, toʻpolon qilganidan soʻng, uning xotini bolalari bilan uydan ketadi. Shu kuni Qoʻchqor akaning uyiga uning tanishi shaharlik muhandis-robotexnik Olimtoy keladi. Olimtoy shu qishloqqa paxta teruvchi ginoid-robotni olib kelib, sinov ishlarini boshlamoqchi boʻladi. Qoʻchqor akaga robot yoqib qoladi, unga “Alomat” deb ism qoʻyadi. Hatto u bilan oila qurishni ham istab qoladi.


“Parvona”

Spektakl yaxshi va yillar oʻtsa ham tomoshabopligini yoʻqotmasligining sababi pyesaning yaxshi yozilganiga ham bogʻliq. “Parvona” spektakli Uygʻun asari asosida sahnalashtirgan boʻlib, bunda aktyorlarning, xususan, Obid Yunusovning ham shedevr ijrosini ta’kidlamay iloj yoʻq. Butun bir avlod uchun oʻziga yarasha “memlar” yaratib ketgan spektakl klassikaga aylanib ulgurgan.

Sodda qizning yolgʻon muhabbatga parvonadek aldanib qolishi va yakunda chin muhabbat, qonu-qarindoshlar, hatto-ki ilm olish imkoniyatlaridan bebahra qolishi ushbu spektaklda namoyish etiladi.


“Qatagʻon”

Jiddiy mavzuda sahnalashtirilgan “Qatagʻon” spektakli uchun pyesani Oʻtkir Hoshimov yozgan. Bu ismning oʻzi ham sifat kafolatini anglatadi.

Spektaklda Oʻzbekiston tarixidagi mudxish hodisa hisoblanadigan “paxta ishi” yoki “oʻzbek ishi"ning oqibatlari namoyish etiladi. Sobiq Sovet ittifoqi 1984−1989 yillarda ushbu shu nom bilan xalqni qatagʻon qilgan.


“Kelinlar qoʻzgʻaloni” va “Farmonbibi arazladi”

Umuman olganda klassikaga aylangan spektakllar buyuk yozuvchilar qalamiga mansub ekanini tushunish mumkin. Shuningdek, pyesani buyuk rejissyor sahnalashtirishi ham omadning kaliti hisoblanadi. Jumladan, rejissyor Bahodir Yoʻldoshev oʻzbek madaniy kodining bir qismiga aylanib ketgan “Kelinlar qoʻzgʻaloni” va “Farmonbibi arazladi” spektakllarining yaratilishida asosiy vazifalardan birini bajargan.

Farmonbibi mehribon, ammo juda qattiqqoʻl ona boʻlib, oʻzining yetti oʻgʻli va ularning oilalari bilan bir hovlida yashaydi. Eng kenja oʻgʻliga tushgan kelin Nigora Farmon bibiga qarshi “qoʻzgʻolon” koʻtaradi, boshqa kelinlar esa uni qoʻllab-quvvatlaydi. Farmonbibi kelinlariga yon berishga va ularning talablarini bajarishga majbur boʻladi.


“Kunduzsiz kechalar”

Oʻzbek adabiyotidagi katta nomlarni sanashda davom etamiz. Shoir Usmon Azim ssenariysi asosida Abdulhamid Choʻlpon haqida “Kunduzsiz kechalar” spektakli sahnalashtirilgan. Unda bosh rollarni Oʻzbekiston xalq artisti Muhammadali Abduqunduzov va Shohida Ismoilovalar ijro etgan.

“Kunduzsiz kechalar” pyesasi yozuvchi Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlponning taqdiri, qatagʻon yillarining tahlikali damlari hamda haqiqat, adolat uchun kurashgan shoirning fojiasi haqida hikoya qiladi. Oʻz jonini saqlash uchun sotqinlikdan ham toymaydigan odamlarning qiyofasi ham spektaklda koʻrsatiladi.


“Chimildiq”

Koʻplab shedevr oʻzbek filmlari avvaliga spektakl koʻrinishida sahnalashtirilgan. “Chimildiq” ham shular jumlasidan. Bosh rollarni Abdurayim Abduvahobov va Madina Muxtorovalar ijro etgan.

Qadimiy urf odatlarni bajarishni istamayotgan va oʻz xohishiga qarshi tarzda erga berilgan kelin toʻydan keyin uyga ketishni istaydi. Kuyovning va kelinning yangalari esa yosh oilani saqlab qolishga harakat qiladi.


“Oltin devor”

“Oltin devor” pyesasi Erkin Vohidov asari hisoblanadi. Uni rejissyor Toshxoʻja Xoʻjayev sahnalashtirgan. Tomoshabinlar uchun bu komediya oʻziga xos hayotiy yumorga boyligi bilan ham qadrdonga aylangan.

Spektaklning syujet voqealariga koʻra, ikki qoʻshni hovlisi oʻrtasidagi devor ostidan topilgan bir xumchadagi oltinlarning boʻlishishga harakat qiladi va shuning ortidan katta muammolar chiqishni boshlaydi.


“Oyna”

Kinorejissyor va yozuvchi Uchqun Nazarov 1977-yilda yozilgan “Oyna” asarini tomoshabinlarga taqdim etadi. Bosh rollarni Obid Yunusov, Hamza Umarov, Yodgor Sa’diyev va Hojiakbar Nurmatovlar ijro etgan.

Mazkur asarning bosh qahramoni hayotda halollik, haqgoʻylik, adolat me’zonlarini birinchi oʻringa qoʻyadi. Garchan yon atrofdagilar ya’ni yaqinlari uning bu tashviqotini xush koʻrmasada, qahramon insonlar orasida sof adolat boʻlishini xohlaydi. Voqea suvda choʻkayotgan bir insonni qutqarishdan boshlanadi.


“Jaydari kelin”

Yuqoridagi deyarli barcha spektakllar Milliy akademik drama teatrida (sobiq Hamza teatrida) sahnalashtirilgan boʻlsa, “Jaydari kelin” asari Muqimiy nomidagi oʻzbek davlat musiqali teatrida namoyish etilgan. Bu, shuningdek, Munojat Alimboyevaga mashhurlik keltirgan rollardan biri ham hisoblanadi.

Spektaklda yangi oilaga kelib, hurmat, oilaviy an’analar va axloqni o‘rganayotgan yosh kelin haqidagi hikoya qilinadi. Uning oila a’zolari bilan munosabati orqali sabr-toqat, bir-birini tushunish, kattalarni hurmat qilish qadriyatlari ko‘rsatiladi.


“Qora kamar”

Atoqli oʻzbek yozuvchilari atoqli oʻzbek rejissyorlari bilan birgalikda yaratgan shedevr asarlarni keltirishda davom etamiz. Yozuvchi Shukur Xolmirzayev qalamiga mansub asar Bahodir Yoʻldoshev tomonidan 1989-yilda sahnalashtirilgan.

Asarda millat ozodligi, ma’naviyat va fidoyilik timsoli boʻlgan shaxslarning fojiali tanazzuli, shuningdek, xalq ichidagi ichki ziddiyatlar va yovuzlikning kelib chiqish sabablarini ochib beriladi.


“Oʻtkan kunlar”

Buyuk oʻzbek adiblari asarlari bilan boshlangan jamlanma yana bir buyuk adib bilan yakunlanadi. Abdulla Qodiriyning asarini Erkin Xushvaqtov sahnalashtigan. Bosh rollarni Oʻzbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedov, Dilnoza Kubayeva va boshqalar ijro etgan.

Spektaklda xonliklar davrida hayot kechirgan oʻzbek oilalari haqida hikoya qilinadi. Toshkentlik savdogar yigit Otabek margʻilonlik Kumushni sevib qoladi va ota-onasiga aytmay unga uylanadi. Sevgi-muhabbat voqealari bilan bir qatorda oʻsha davrdagi siyosiy holat va tashqi xavflar ham yozuvchi e’tiboridan chetda qolmaydi.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
"Temir xotin", "Oltin devor", "Qora kamar": koʻrish kerak boʻlgan 10 ta oʻzbek telespektakli — Toshkent Afishasi