Disney “Malika va qurbaqa” asosida spin-off film suratga oladi

Disney studiyasi 2009-yilda ekranlarga chiqqan “Malika va qurbaqa” multfilmidagi Tiana qahramoniga bag‘ishlangan alohida badiiy film ustida ishlamoqda.
Loyiha ssenariysi mualliflaridan biri “Oskar” mukofotiga nomzod bo‘lgan, “Eyforiya” va “Maykl” filmlari yulduzi Kolman Domingo bo‘ladi. Asl multfilm Disney’ning qo‘lda chizilgan so‘nggi animatsion filmi bo‘lib, dunyo bo‘ylab 271 mln dollar kassaga ega chiqqan.
Multfilm syujeti 1920-yillardagi Nyu-Orleanda yashovchi ofitsiant Tiana haqida hikoya qiladi. U sehr ta’sirida qurbaqaga aylangan shahzoda Navinni o‘pgach, o‘zi ham qurbaqaga aylanadi va ular inson qiyofasiga qaytish yo‘lini izlaydi.
Spin-off syujeti hozircha oshkor qilinmagan. Eslatib o‘tamiz, Disney+ 2023-yilda “Tiana” nomli serialni e’lon qilgan edi, biroq loyiha amalga oshmagan. Shu bilan birga, Disney hozir “Rapunsel"ning to‘liq metrajli remeyki ustida ham ishlamoqda.