"Odisseya"gacha: yunon mifologiyasi asosida ishlangan 7 ta film (+bonus)

E’lon qilingan sana· 1 619
"Odisseya"gacha: yunon mifologiyasi asosida ishlangan 7 ta film (+bonus)

Rejissyor Kristofer Nolan qadimgi yunon mifologiyasiga mansub Gomerning “Odisseya” eposi asosida shu nomli filmni ishladi. Kinokartina butun dunyoda 17-iyul kuni premyera qilindi. Biroq Oʻzbekistonda namoyish bir haftaga kechikishi ma’lum boʻldi va 23-iyul kuni katta ekranlarga chiqariladi.

Afisha.uz “Odisseya” kinoteatrlarga yetib kelguncha yunon mifologiyasi asosida ishlangan boshqa filmlar haqida ma’lumot beradi.


Troy

“Troy” kinokartinasi ham Gomer asari asosida boʻlib, “Illiada"ning ekranizatsiyasi hisoblanadi. Yunon mifologiyasini oʻrganish uchun eng avvalo “Illiada” va “Odisseya"ni oʻqish (bizning holatda esa koʻrish) tavsiya etiladi. Kinokartinada bosh rolni Bred Pitt oʻynagani ham unga boʻlgan qiziqishni oshiradi.

Syujetga ko‘ra, Troya shahzodasi Paris Sparta podshosi Menelayning rafiqasi Yelenani olib ketadi. Uning akasi shoh Agamemnon Troyani zabt etish uchun bundan bahona sifatida foydalanadi. Yengilmas Axilles boshchiligidagi yunon qo‘shini shaharni qamal qiladi. O‘n yillik urush Troya oti ayyorligi bilan yakunlanadi.

Filmni tomosha qilish.


Yason va argonavtlar

Ushbu film koʻp marta oʻzbek telekanallarida ham namoyish etilgan boʻlib, koʻplab tomoshabinlarni bolaligiga qaytarishi mumkin. Argonavtlar haqidagi mif yunon dengizchilarining Qora dengiz qirgʻoqlariga suzib kelishlari koʻhna tarixini aks ettiradi.

Zulmkor Peliy o‘z jiyani Yasondan butunlay qutulmoqchi boʻladi va unga olis Kolxidaga borib, u yerdan bebaho Oltin moʻynani olib kelishni buyuradi. Yason dunyodagi eng tezyurar kemani qurib, sarguzasht izlovchilar jamoasiga bosh bo‘lib, hali hech kim va hech qachon qaytib kelmagan joylarga mislsiz sayohatga otlandi.

Filmni tomosha qilish.


Immortals

2011-yilda premyera qilingan va bosh rolni Genri Kavil ijro etgan kinokartinani yunon mifologiyasiga asoslangan “Qasoskorlar” deyish mumkin. Rejissyor Tarsem Singx vizual jihatdan Uyg‘onish davridagi san’at asarlari uslubida jangari film yaratgan deyish mumkin.

Hukmronlikka chanqoq boʻlgan shoh Giperion inson zotini qirib tashlab, ma’budlarni yakson qilmoqchi. Urush ma’budi Aresning qoʻllari bilan yasalgan Epir kamoni yordamida Tartar togʻlariga minglab yilga qamab qoʻyilgan Titanlarni ozod qiladi. Ma’budlar telba shohga qarshi chiqishga qodir emas. Ularning yagona umidi — Titanlar bilan kuchlari teng boʻlmagan jangga kirishgan qahramon Tesey. Zevsning shaxsan oʻzi boshchiligidagi Olimp ma’budlari, bashoratchi Fedra va ayyor qul Starvos qahramonga iblislar bilan boʻlib oʻtuvchi dahshatli toʻqnashuvda yordam beradi.

Filmni tomosha qilish.


300

Rejissyor Zak Snayderning ilk ishlaridan biri boʻlgan spartaliklar haqidagi film ham kult darajasiga aylanib ketgan. Kino kadrlari orqali yaratilgan memlar esa haligacha foydalaniladi. Keyinchalik “300” filmining sikvellari ham suratga olingan.

Kinokartinada miloddan avvalgi 480-yilda Fermopil yaqinidagi qonli jang haqida hikoya qilinadi, unda shoh Leonid boshchiligidagi uch yuz jasur spartalik fors shohi Kserksning ko‘p ming kishilik qo‘shini yo‘lini toʻsadi.

Filmni tomosha qilish.


Alexander

Yunon mifologiyasidagi yana bir qahramonlardan biri Aleksandr Makedonskiy hisoblanadi. U oʻzbekistonlik tomoshabinlar uchun ham tarix darsliklari orqali tanish hisoblanadi. Entoni Xopkins va Kolin Farrel kabi aktyorlar tarkibi filmning darajasini oshiradi.

Aleksandr halok bo‘lganidan 40 yil o‘tgach, Makedonskiyning eng yaqin safdoshlaridan biri, uning vafotidan keyin Misr noibi bo‘lgan keksa Ptolemey buyuk sarkardaning g‘alabalari tarixini so‘zlab berishga va yozishga qaror qiladi. Sakkiz yil davomida Aleksandr Makedonskiy qo‘shini Sharqqa, Dunyo okeani qirg‘oqlariga qarab harakat qiladi. G‘arbiy va Markaziy Osiyoni zabt etgan Makedonskiy sirli va qadimiy Hindiston zaminiga birinchi bo‘lib qadam qo‘yadi. U Troya, Gerakl va Axillesning qahramonliklari haqidagi afsonalarni eshitib, bolaligidayoq shu haqda orzu qilardi…

Filmni tomosha qilish.


The Odyssey

Ushbu mavzudagi jamlanmani “Odisseya"siz tasavvur qilib boʻlmaydi. Kristofer Nolangacha ham bir qator ijodkorlar tomonidan ushbu hikoya film, serial yoki multfilm tarzida ishlangan. Armand Assante bosh rolni oʻynagan kinokartina hatto Emmi mukofotiga ham loyiq koʻrilgan.

Yildan yilga yunonlar Troya ostonalarida jang qilib keldi. Minglab jangchilar halok bo‘ldi. Ma’budlar kim tomonda ekanini hech kim bilmasdi. Yunonlar nolidi va ularning ayyor podshosi Odissey Troyaga kirish yo‘lini o‘ylab topdi. 10 yillik qamaldan so‘ng ular g‘alaba qozonishdi. Odissey esa mag‘rurlanib, ma’budlarga qarshi chiqdi. Haqoratlangan dengiz ma’budi Poseydon uni Itaka qirg‘oqlariga hech qachon yetib bormasligi, o‘g‘li va xotinini ko‘rmasligi uchun dengiz to‘lqinlarida abadiy sargardon bo‘lishga mahkum etdi.

Filmni tomosha qilish.


Oedipus Rex

“Shoh Edip” — Sofoklning mashhur fojiaviy asari bo‘lib, unda bashoratdan qochishga uringan, ammo uni amalga oshirgan Fiva hukmdori haqida hikoya qilinadi. Ushbu asarni 1967-yilda italiyalik mashhur rejissyor Paolo Pazzolini oʻz uslubida ekranlashtirgan.

Urushdan oldingi Italiyada yosh er-xotin o‘g‘il farzand ko‘radi. Biroq ota xotinini o‘g‘lidan rashk qiladi va voqealar antik davrga koʻchadi. Unda endi tugʻilgan chaqaloqni o‘ldirish uchun cho‘lga olib ketishadi. Chaqaloq qutqariladi, Edip deb ism qoʻyiladi va Korinf shohi va malikasining o‘g‘li sifatida tarbiyalanadi.

Filmni tomosha qilish.


Bonus: Shoh Edip spektakli

“Shoh Edip” oʻzbekistonlik ijodkorlar orasida ham mashhur asar hisoblangan. Sofokl asari 1971-yilda Iosif Radun va Shuhrat Qayumov tomonidan sahnalashtirilgan.

Spektakl oʻzbek tomoshabini uchun Shukur Burxonovning buyuk ijrosi bilan ham yodda qolgan.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling