Yevrokomissiya Paramount va Warner Bros. birlashuviga ruxsat berdi

Yevrokomissiya Paramount Skydance va Warner Bros. Discovery kompaniyalari o‘rtasidagi 111 milliard dollarlik qo‘shilish bitimini ma’qulladi. Bu kelishuv yakunlanishi yo‘lidagi so‘nggi muhim bosqichlardan biri hisoblanadi.
Ruxsat shartiga ko‘ra, Paramount kelgusi 13 oy ichida Yevropada Universal bilan filmlar distribyutsiyasi bo‘yicha hamkorligini yakunlashi kerak. Shuningdek, kompaniya kamida 10 yil davomida Universal yoki Disney bilan shunga o‘xshash hamkorlikni yo‘lga qo‘ymaslik majburiyatini olgan.
Yevrokomissiya tekshiruviga ko‘ra, bitim televideniye va kino ishlab chiqarish bozorida raqobatga jiddiy zarar yetkazmaydi, chunki bozorda yetarli miqdorda xalqaro va mahalliy raqobatchilar saqlanib qoladi. Biroq regulyator Paramount va Universal’ning United International Pictures qo‘shma korxonasi distribyutsiya bozorida haddan tashqari ustun mavqega ega bo‘lishi mumkinligini qayd etgan.
Shu bilan birga, AQSHda bitim hali ham sud muhokamasi ostida. Kaliforniya va Nyu-Yorkni ham o‘z ichiga olgan 12 ta shtat uni to‘xtatishni talab qilmoqda. Ularning fikricha, qo‘shilish natijasida AQShdagi yirik kabel telekanallari va kino distribyutorlarining bozordagi ulushi haddan tashqari oshib, narxlarning ko‘tarilishi hamda kontent hajmining qisqarishiga olib kelishi mumkin.