1-avgust kuni ZO‘R TV telekanalida Sharof Rashidov haqidagi "Davr qahramoni" hujjatli filmi namoyish etiladi

1-avgust kuni soat 18:00 da ZOʻR TV telekanalida davlat arbobi Sharof Rashidov hayoti va merosiga bagʻishlangan “Davr qahramoni” hujjatli filmining premyerasi boʻlib oʻtadi. Film oʻzbek va rus tillarida namoyish etiladi.

BWG Production tomonidan 7SABER koʻmagida yaratilgan ushbu keng koʻlamli filmni suratga olish olti yil davom etgan. Suratga olish ishlari uchta mamlakatda: Oʻzbekiston, Belarus va Rossiyada boʻlib oʻtgan.

Film Sharof Rashidovning hayoti va faoliyati haqida boʻyicha oʻsha avlodning erishgan natijalari, xususan, fan, san’at, kosmik tadqiqotlar va boshqa sohalardagi yutuqlar prizmasi orqali hikoya qiladi.
“Davr qahramoni” yaratilish va qulash haqida hikoyadir. Filmda Orol dengizi fojiasi, Sovet Ittifoqining Afgʻonistonga bostirib kirishi va “paxta ishi” kabi noqulay savollar ham koʻtariladi.

“Albatta, “Davr qahramoni” filmining bosh qahramoni Sharof Rashidovdir, biroq bu film bunyod etgan, yaratgan, xatolarga yo‘l qo‘ygan, shu bilan birga o‘z davri sharoitida mislsiz natijalarga erishgan avlod haqida ham hikoya qiladi. Bu quvonch va dard ko‘pincha yonma-yon yurishi, taqdirlarni “kontekstdan uzib olib”, ularni “damnatio memoriae"ga (bu inson haqidagi har qanday xotirani, go‘yo u hech qachon mavjud bo‘lmagandek, butunlay o‘chirib tashlashga qaratilgan oʻlimdan keyingi jazo turi — tahr.) aylantirish naqadar oson ekani haqidagi filmdir”, — deya ta’kidladi ssenariy muallifi va rejissyor Ruslan Saliyev.
Filmni yaratishda yetakchi tarixchilar, mutaxassislar, Sharof Rashidovning zamondoshlari va oila a’zolari — qizi Gulnora Rashidova va nabirasi Sevara Rashidova ishtirok etgan.

Film ishtirokchilari orasida akademik Sa’dulla Iskandarov, kosmonavt Vladimir Jonibekov, kinorejissyor Ali Hamroyev, me’mor Sergo Sutyagin, xorijlik tadqiqotchilar va Nikolay Rijkovning noyob arxiv xotiralari bor.

Film ustida quyidagi odamlar ishlagan:
- Rejissyor va ssenariy muallifi: Ruslan Saliyev;
- Bosh prodyuser: Sherzod Umarov;
- Ovoz prodyuseri: Kamran Toʻychiev;
- Postanovkachi operator: Sarvar Sobirov.
Filmning yopiq namoyishidan olingan fotosuratlarni ushbu havola orqali tomosha qilish mumkin.
Sharof Rashidov haqidagi "Davr qahramoni" hujjatli filmining yopiq namoyishi boʻlib oʻtdi. Foto
22-iyul kuni Cinematica kinoteatrida Sharof Rashidov hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan "Davr qahramoni" hujjatli filmining yopiq premyerasi boʻlib oʻtdi.