Mahershala Ali “Blade” filmi bekor qilinganini tasdiqladi

E’lon qilingan sana· 675
Mahershala Ali “Blade” filmi bekor qilinganini tasdiqladi

Ikki karra “Oskar” sovrindori Mahershala Ali Marvel Studios’ning uzoq yillardan beri kutilayotgan “Blade” filmi suratga olinmasligini tasdiqladi. Aktyor GQ nashriga bergan intervyusida loyiha endi uning ishtirokisiz qolishini aytdi.

“Agar ular filmni suratga olishni istaganida, biz uni allaqachon suratga olgan bo‘lardik. Ammo bunday bo‘lmadi. Endi esa men oldinga harakat qilyapman”, — dedi Ali.

Yangi “Blade” filmi ilk bor 2019-yilda Comic-Con festivalida e’lon qilingan edi. O‘tgan yillar davomida loyiha bir necha bor rejissyorini almashtirdi va oxir-oqibat Marvel relizlar jadvalidan noma’lum muddatga olib tashlandi.

2025-yilda Mahershala Ali hali ham vampir ovchisi roliga qaytishga tayyorligini bildirgan edi. 2026-yil iyul oyida esa Marvel Studios prezidenti Kevin Faygi aktyor bilan filmni suratga ololmaganidan afsusdaligini tan olgan.

“Blade” obrazining eng mashhur ekran talqini 1998−2004-yillarda suratga olingan trilogiyada Uesli Snayps tomonidan ijro etilgan. Aktyor keyinchalik “Dedpul va Rosomaxa” filmida ham ushbu rolga qisqa muddatga qaytgandi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling