Disney’ning “Rapunzel” remeyki premyera sanasi ma’lum bo‘ldi

D23 konventida “Rapunzel” to‘liq metrajli badiiy remeykining premyera sanasi e’lon qilindi. Disney filmi xalqaro prokatga 2028-yil 31-martda chiqadi.
Bosh rollarni Tigan Kroft (Rapunzel), Milo Manxaym (Flinn Rayder), Ketrin Xan (Gothel ona) va Diego Luna ijro etadi. Loyiha aka-uka Grimmlar ertagi hamda 2010-yilda chiqqan “Rapunzel: Chalkash voqea” multfilmi asosida yaratilgan.
Syujetga ko‘ra, uzun sochli malika Rapunzel baland minorada qamalib qolgan. U makkor onasining nazorati ostida yashaydi, biroq qaroqchi Rayder bilan tanishgach, yaxshiroq hayot izlab qochib ketadi.
Remeykni suratga olish ishlari shu yozda boshlangan. Rejissyor — “Eng buyuk shoumen” va “Yaxshiroq bo‘lish: Robbi Uilyams tarixi” filmlari bilan tanilgan Maykl Greysi. Ssenariyni Jennifer Keytin Robinson moslashtirgan.