“O‘rgimchak odam: yangi kun” filmi O‘zbekistonda 9 mlrd so‘mdan ko‘proq kassa yig‘di

“O‘rgimchak odam: yangi kun” filmining O‘zbekistondadagi kassasi uchinchi prokat haftasidan so‘ng 9 milliard 450 million so‘m (796 ming dollar)ga yetgan.
Milliy kino san’ati saroyi (Panorama)ning Instagram’dagi sahifasida Tom Holland ishtirokidagi o‘zbek tiliga dublyaj qilingan video ham e’lon qilindi.
Unda aktyor o‘zbekistonlik tomoshabinlarga minnatdorlik bildirib, kinoteatrlarda O‘rgimchak odam sarguzashtlaridan bahramand bo‘lishga chaqiradi.
“Yangi kun” jahon prokatida uchinchi haftadayoq 2,022 milliard dollar kassa yig‘gan. Kartina bu marraga eng tez yetib kelgan filmlar orasida ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu natijani undan tezroq faqat “Qasoskorlar: Intiho” qayd etgan.
Film avvalroq “O‘rgimchak odam” haqidagi eng kassabop kartinaga aylangan va jahon prokatidagi daromadlari bo‘yicha Marvel kinoshaharchasining top-3 loyihalari qatoridan joy olgan edi.