“Uning qahramonligi Odisseydan kam emas”. O‘zbekistonda “Shiroq” badiiy filmi suratga olinmoqda

E’lon qilingan sana· 500
“Uning qahramonligi Odisseydan kam emas”. O‘zbekistonda “Shiroq” badiiy filmi suratga olinmoqda

2500 yildan ziyod tarixga ega Shiroq afsonasi ilk bor badiiy film sifatida katta ekranga olib chiqilmoqda. Nazar Eshonqul ssenariysi asosida Muzaffar Erkinov rejissyorligida suratga olinayotgan kartinada Shiroqning nafaqat jasorati, balki ichki kechinmalari, oilasi va qahramonlikka olib kelgan voqealar ham ochib beriladi.

Shiroq obrazini aktyor Elbek Fayziyev ijro etmoqda. Uning rafiqasi rolini Yulduz Rajabova, onasini esa O‘zbekiston xalq artisti Dilorom Karimova o‘ynamoqda.

Afisha.uz muxbiri film rejissyori Muzaffar Erkinov bilan bog‘lanib, loyiha haqida suhbatlashdi.

“Maqsad — vatanparvarlik g‘oyasini uyg‘otish”

Rejissyorning aytishicha, filmda maktab darsliklari orqali yaxshi tanish bo‘lgan Shiroq voqeasi qayta hikoya qilinsa-da, asosiy e’tibor qahramonning ichki kechinmalari, oilasi va uni jasoratga yetaklagan sabablarga qaratiladi.

“Shiroq — vatanparvarlik timsoli. Hammamiz maktab darsliklari orqali uning burun va qulog‘ini kesib, dushmanni cho‘lga boshlab ketgani haqidagi voqeani yaxshi bilamiz. Lekin ssenariyni hozirgi zamonga moslab, dunyo ko‘ra oladigan darajaga olib chiqishga harakat qilyapmiz”, — deydi Erkinov.

Ijodiy guruh tarixchilar, etnologlar va arxeologlar bilan hamkorlikda ishlamoqda. Kiyimlar, qurol-yarog‘lar va boshqa rekvizitlar tarixiy manbalar asosida tayyorlangan. Kartina uchun 500 dan ortiq kiyim tikildi.

Muzaffar Erkinov uchun filmning asosiy g‘oyalaridan biri — vatanparvarlik bilan birga urushning inson va jamiyatga ta’sirini ko‘rsatishdir.

“Urush boshqa joyda bo‘lyapti, mening oilamga ta’sir qilmaydi”, deb fikr yuritish xato. Urush hammaga: tinch aholi, xalqlar va millatlarga albatta, ta’sir ko‘rsatadi, bunga befarq bo‘lmaslik kerak. Uning yovuzligi haqida ham gapirishimiz lozim. Asosiy maqsadimiz — yoshlarda vatanparvarlik g‘oyasini uyg‘otish", — deydi u.

Rejissyorning aytishicha, qahramon film boshida tomoshabin tasavvur qilgan an’anaviy jasur Shiroqdan farq qiladi.

“Inson sifatida har birimizning o‘z qarashlarimiz bor. Ayrimlar urushdan chetda qolishni, tinch hayotni tanlashi mumkin. Lekin yoshlar tarbiyasida vatanparvarlikka e’tibor berish kerak. “Shiroq"da ham ayrim voqealar uning xarakteriga ta’sir qiladi va u o‘zgaradi”, — deydi rejissyor.

Nega aynan Shiroq?

Muzaffar Erkinov Shiroqni Odisseya singari qayta-qayta ekranlashtirish mumkin bo‘lgan ulkan tarixiy qahramon, deb hisoblaydi.

“Odisseya” asari uzoq yildan beri ekranlashtiriladi va har safar dunyo bo‘ylab keng muhokama qilinadi. Kristofer Nolanning ham “Odisseya” filmi hozir barcha davlatda ko‘rilyapti. Shiroq afsonasining qahramonlik borasida Odisseydan hech kam joyi yo‘q. Bu 2500 yillik tarixga ega bo‘lgan qahramonlik. Bundan tashqari, Shiroqqa yoshligimdan qiziqaman, maktabimizdagi spektaklda uning rolini ham o‘ynaganman", — deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Shiroq davri Amir Temur davridan 1800 yil oldingi davr bo‘lib, uning madaniyati, kiyimi, qurollari va turmush tarzi keyingi asrlardan keskin farq qiladi.

“Biz buni oddiy ko‘rsatmoqchi emasmiz. Qulog‘i kesiladi va cho‘lga ketadi, degan ma’lum voqeaning o‘zi bilan cheklanmaymiz. Ko‘plab voqealar, qahramonlar va antagonistlar qo‘shilgan. Jang sahnalari, drama, qasos ruhi — hammasini berishga harakat qilyapmiz”, — deydi Erkinov.

Qayerlarda suratga olinadi?

Filmning asosiy sahnalari “O‘zbekfilm” pavilyonlarida suratga olinmoqda. Jumladan, Nur qal’asining ichki qismi dekoratsiya sifatida barpo etildi. Yaqin kunlarda Nur qal’asining tashqi ko‘rinishi Toshkent viloyatidagi tog‘ etaklarida suratga olinadi.

Shuningdek, ba’zi voqealar Sirdaryo viloyatida — Gulistondan qariyb 60 kilometr uzoqlikdagi hududda tasvirga tushirildi. Sentyabrda esa ayrim sahnalar Buxoro cho‘llarida syomka qilinadi.

“300−400 kishi bilan cho‘lda issiqda ishlash qiyin. Shuning uchun havoning sal pasayishini kutdik. Sentyabrda Buxoroda suratga olishni boshlaymiz”, — deydi rejissyor.

Bosh rolni kim ijro etyapti?

Shiroq obrazini aktyor Elbek Fayziyev ijro etmoqda. Uning rafiqasi rolini Yulduz Rajabova, onasini esa O‘zbekiston xalq artisti Dilorom Karimova o‘ynamoqda.

Filmda Abduhalil Mingnorov, Boir Xolmirzayev, Ma’rifat Ortiqova kabi aktyorlar ham ishtirok etmoqda. Rejissorning aytishicha, aktyorlar kasting va sinovlar orqali tanlangan, shuningdek, chet ellik aktyorlarni ham jalb qilish rejalashtirilgan.

Premyera qachon?

Suratga olish ishlarini sentyabr-oktyabr oylarida yakunlash rejalashtirilgan. Biroq filmdagi jang sahnalari va kompyuter grafikasi ko‘p vaqt talab qiladi.

“Grafikalari juda qiyin. Jang sahnalarida odamlar sonini ko‘paytirish va boshqa effektlar bor. Agar shu yil oxiriga tayyorlay olsak, yangi yil arafasida premyera qilish niyatimiz bor”, — deydi Muzaffar Erkinov.

Rejissyorning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda avval Shiroq haqida multfilm ishlangan, ammo badiiy film sifatida birinchi marta ekranlashtirilmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
“Uning qahramonligi Odisseydan kam emas”. O‘zbekistonda “Shiroq” badiiy filmi suratga olinmoqda — Toshkent Afishasi