Jiddiy mavzudagi samimiy komediyaning davomi: "Xudo asrasin 2" filmiga taqriz

17-sentyabrdan Oʻzbekiston kinoteatrlarida qirgʻizistonlik ijodkorlar tomonidan suratga olingan “Xudo asrasin 2” filmining namoyishi boshlandi. Afisha.uz muxbiri premyerada ishtirok etdi va quyida kinokartina haqida oʻz fiklarini bildiradi.

Omadli chiqqan filmning davomi suratga olinishi zamonaviy dunyo uchun yangilik emas. Biroq yaxshi sikvel ishlash hozirgi kunda kinematografiyadagi asosiy muammolardan biri hisoblanadi. “Xudo asrasin” filmining ikkinchi qismi esa birinchi filmdagi samimiy komedik ruhni saqlab qolgan. Markaziy Osiyo komedik filmlar boʻyicha 2000-yillar boshida Gollivudda kuzatilgan holatni boshdan kechirmoqda. Koʻplab qozoq yoki qirgʻiz komediyalari ancha primitiv va jismoniy yumor ustiga qurilgan boʻlsa-da, tomoshabinda katta qiziqish uygʻota oladi.

Birinchi film yakunida ikki bosh qahramon qamoqqa olingandi. Ikkinchi qismda ular qamoqdan chiqib, birinchi film voqealari boʻlib oʻtgan qishloqda yashab, yaxshi hayot boshlash va jamiyat bilan integratsiya boʻlishga harakat qiladi. Biroq qishloq odamlari ularni hali ham bandit, deb hisoblaydi va qabul qilishni xohlamaydi. Ayni shu qismda Markaziy Osiyodagi davlatlarda muammolar qanchalik oʻxshash ekanini sezish mumkin. Shu vaqtda bosh qahramonlarga militsiya xodimlari tomonidan bir vazifa taklif etiladi. Ular oʻzlarini xuddi mullalardek tutib, jinoiy guruhni aniqlashi kerak. Bunda ularga bir militsiya xodimi ham yordam beradi.

Kinokartina Qirgʻiziston uchun ham yaxshi reklama sifatida ishlaydi. Albatta, goʻzal peyzajlar kadrda bir necha bor namoyish etiladi. Shuningdek, filmda saundtreklar sifatida Aftok ismli qoʻshiqchining ijodidan (ayniqsa, “Ход” treki) foydalanilgan boʻlib, kinokartina atmosferasini toʻliq ochib beradi.

Albatta, zamonaviy mavzular ham chetda qolmaydi. Kinokartina sunʼiy intellekt va dipfeyk kabi XXI asrning eng aktual muammolaridan biriga yuzlanadi. Yechim taklif qilmaydi (bunga majbur ham emas), namoyish etadi, ogohlikka chaqiradi. Bundan tashqari, qahramonlarning ichki dunyosidagi oʻzgarishlar, bir-biri va tashqi dunyo bilan munosabatlari Markaziy Osiyo komediyalaridagi dramaning darajasini oshirishga harakat qiladi. Film yakunida voqealar tezlashib ketgandek tuyiladi va primitivlik oshadi.

Kino “Xudo asrasin"ning birinchi qismini sevib tomosha qilganlar uchun, albatta, manzur keladi. Umuman olganda qiyin oʻtgan kun yoki haftani yakunlash uchun ham yaxshi variant hisoblanadi. Bundan tashqari, yakunda uchinchi qism ishlanishiga ham ishora qilingani film muxlislari uchun yaxshi xabardir.
Ushbu havola orqali 2025-yilda ishlangan ilk kinokartinani tomosha qilish mumkin. “Xudo asrasin 2” filmi uchun chiptalarni Afisha.uz orqali xarid qilish mumkin.
Kinoteatrlarda “Xudo asrasin 2” filmi namoyishi boshlandi
O‘zbekiston kinoteatrlarida 17-sentyabrdan “Xudo asrasin 2” filmining namoyishi boshlandi.