Paramount Warner Bros. Discovery bilan birlashuviga to‘sqinlik qilgan da’volarni hal qildi

Paramount Skydance Warner Bros. Discovery bilan birlashish jarayonida yana bir muhim bosqichdan o‘tdi. Kompaniya Kaliforniya va Nyu-Yorkni ham o‘z ichiga olgan AQShning 12 shtati bilan sud da’volarini kelishuv orqali hal qildi.
Shtatlar Paramount va WBD bitimi raqobatga zarar yetkazishi mumkin, deb hisoblab, unga qarshi da’vo kiritgan edi. Yangi kelishuvga ko‘ra, birlashgan kompaniya AQSh kino ishlab chiqarishiga yiliga kamida 300 mln dollar qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltirishi kerak.
Shuningdek, kompaniya dastlabki ikki yilning har birida kamida 30 ta film, keyingi uch yilda esa yiliga 32 ta film chiqarish majburiyatini oldi. Ushbu talab bajarilmasa, har bir chiqarilmagan film uchun 30 mln dollar to‘lanadi.
Kelishuv hozircha sud tomonidan tasdiqlanishi kerak. Bitim yakunlansa, Paramount va Warner Bros. studiyalari, shuningdek, CBS, CNN, HBO Max va Paramount+ kabi yirik media aktivlari yagona kompaniya tarkibiga birlashadi.