"Dangal", "The Karate Kid", "Freedom Writers": ustoz va murabbiylar haqidagi 10 ta film

Afisha.uz 1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ular haqidagi qiziqarli hamda ta’sirli filmlarni jamladi.
Ustozni har kim har xil davrda uchratadi. Bu maktabdagi muallim, tajribali hamkasb, sport murabbiyi yoki oʻz hunarini oʻrgatgan hunarmand bo‘lishi mumkin. Ularning ta’siri ba’zan ancha keyin anglanadi: mustaqil qaror qabul qilayotganda, qiyin ishga qo‘l urganda yoki endi boshqa birovga yo‘l koʻrsatayotganda.
Birinchi ish kunini eslash mumkin. Hamma nimadir bilan band, siz esa eng oddiy savolni berishga ham tortinasiz. Shunda yoningizga kelib, ishni birma-bir tushuntirgan, xatolarni tuzatishga vaqt ajratgan inson bo‘lganmi? Yoki til kursida gapirishga uyalganingizda sabr bilan tinglagan, yo universitetda birgina suhbat bilan kasbingizga qarashingizni o‘zgartirgan ustoz-chi?
Kinoda ham bunday munosabatlarning ko‘rinishi ko‘p. Ushbu filmlarda bilim va tajriba bilan birga ishonch, mas’uliyat, mehr, ba’zan esa og‘riqli saboqlar ham ustozdan shogirdga o‘tadi.
Mona Lisa Smile

1953-yil. San’at tarixi o‘qituvchisi Ketrin Uotson nufuzli Uellsli ayollar kollejida ish boshlaydi. Talabalar bilimli, darslarga tayyor, biroq ularni o‘rab turgan muhit kelajakni ko‘pincha muvaffaqiyatli turmush qurish bilan bog‘laydi. Ketrin esa qizlarni o‘z oldilaridagi boshqa imkoniyatlarni ham ko‘rishga undaydi.
San’at asarlarini muhokama qilish asta-sekin hayotiy tanlovlar haqidagi suhbatga aylanadi. Birovning qarashini takrorlash bilan o‘z fikriga ega bo‘lish orasidagi farqni anglash oʻrganiladi.
Filmni qiziqarli qiladigan jihatlardan biri — ustozning o‘zi ham sinovdan o‘tishi. Shogirdni erkin tanlovga undash, uning siz kutmagan qarorini ham qabul qilishga tayyorlikni talab etadi.
Freedom Writers

Yosh o‘qituvchi Erin Gruell ishlay boshlagan sinfda bolalar o‘rtasida ishonchsizlik kuchli. Ularning hayotiga ko‘chadagi zo‘ravonlik, irqiy ziddiyatlar va oilaviy muammolar aralashgan. Bunday sharoitda darslikdagi topshiriqlarni bajarish ko‘pchilik uchun birinchi o‘rinda turmaydi.
Erin o‘quvchilariga kundalik tutishni taklif qiladi. Asta-sekin daftar sahifalarida sinfda ovoz chiqarib aytish qiyin bo‘lgan kechinmalar paydo bo‘ladi.
“Freedom Writers"ning qiziq jihati — o‘qituvchi ham o‘quvchilarini tinglashni o‘rganishida. Matn yozish, adabiyot yoki inson hikoyalariga qiziqsangiz, film sizga ayniqsa yaqin bo‘lishi mumkin.
Les Choristes

Kleman Matyo qattiq intizom hukmron bo‘lgan o‘g‘il bolalar internatiga tarbiyachi bo‘lib ishga kiradi. Bu yerda tartib buzilishiga javob odatda qat’iy jazo muqarrar. Musiqachi Matyo esa bunday vaziyatda bolalar bilan til topishish uchun xor tashkil etadi.
Bolalarning mashg‘ulotlarga munosabati, bir-birini tinglashi va umumiy ishda o‘z o‘rnini topishi hikoyaning asosiy kuchiga aylanadi.
“Les Choristes” musiqaning insonlar va munosabatlar oʻrtasidagi vazifasini his qilish uchun ham yaxshi tanlov: qo‘shiqlar voqeaga shunchaki bezak bo‘lib qo‘shilmaydi, aksincha qahramonlar o‘rtasidagi yaqinlikni shakllantiradi.
Cinema Paradiso

Kichkina Salvatore mahalliy kinoteatrga oshiq. Uni ekrandagi voqealar bilan birga tasvirni paydo qiladigan apparat va uning yonida ishlaydigan kinomexanik Alfredo ham qiziqtiradi. Shu qiziqishdan boshlangan tanishuv bolaning kelajagiga ta’sir qiladigan ustoz-shogird munosabatiga aylanadi.
Alfredo unga kinoplyonka va proyektor bilan ishlashni o‘rgatadi. Suhbatlar, birga o‘tkazilgan vaqt va kundalik mehnat orqali Salvatore uchun butun bir kasb olami ochiladi. Filmda ustozlikning go‘zal, biroz g‘amgin tomoni ham bor: bir kun shogird ulg‘ayib, o‘z yo‘lidan ketishi kerak bo‘ladi.
“Cinema Paradiso"ni kasb tanlashingizga sababchi bo‘lgan insonni eslab tomosha qilish mumkin. U ilk qiziqishimizga jiddiy qaragan, bilganini bizdan ayamagan kishilar keyingi yutuqlarimizda qanday yashashini his qildiradi. Kino, xotira va minnatdorlik birlashgan ta’sirli asar.
Finding Forrester

Jamal basketbolni yaxshi o‘ynaydi, ammo uning yana bir qobiliyati bor — u yozadi. Yolg‘iz yashaydigan mashhur adib Uilyam Forrester bilan tanishuvi yigitning shu iste’dodiga jiddiyroq qarashiga sabab bo‘ladi. Ularning uchrashuvlari asta-sekin matn, mehnat va o‘ziga ishonch haqidagi mashg‘ulotlarga aylanadi.
Bu yerda ijodni shunday holatlari bor: ilk urinishlar, tanqidni qabul qilish, o‘z uslubini izlash, yozganlarini boshqalarga ko‘rsatishga jur’at topish. Forrester va Jamalning yaqinligi bir tomonlama ta’sir bilan cheklanmaydi. Yosh shogird ham adibning yopiq hayotiga o‘zgarish olib kiradi.
Birinchi maqolasi, hikoyasi yoki ssenariysini kimlargadir o‘qishga berganlar bu filmni alohida his qilishi mumkin. Ishingizga vaqt ajratib, undagi imkoniyatni ko‘ra oladigan odamning borligi ijod yo‘lining boshida naqadar muhimligini eslatadi.
The Kingʻs Speech

Bo‘lajak qirol Jorj VI uchun omma oldida so‘zlash og‘ir sinov: u bolaligidan duduqlanadi. Nutq ustida ishlaydigan mutaxassis Lionel Log bilan uchrashuvlar esa noan’anaviy mashqlar, tortishuvlar va asta-sekin shakllanadigan ishonch bilan kechadi. Mas’uliyat ortgani sari ular birga qilayotgan ishning ahamiyati ham oshadi.
Lionelning qirol bilan munosabati orqali film o‘rganishning nozik tomonini ko‘rsatadi. Yordamni qabul qilish uchun ba’zan mavqe, g‘urur va muvaffaqiyatsizlikdan qo‘rquvni chetga surishga to‘g‘ri keladi. Tajribali mutaxassisning sabri esa mashqlarning o‘zi qadar muhim bo‘lib chiqadi.
Film katta yoshda til o‘rganayotgan, nutqi ustida ishlayotgan yoki yangi vazifaga moslashayotganlarga yaqin kelishi va yoqishi aniq. Ba’zan, inson yuksak mavqega erishganda ham unga ishongan, kamchiligidan uyaltirmay ishlashga yordam beradigan kishiga ehtiyoj sezadi.
Taare Zameen Par

Sakkiz yoshli Ishanning tasavvuri ranglarga boy, ammo o‘qish va yozish unga qiyinchilik tug‘diradi. Kattalar uning holatini ko‘pincha dangasalik yoki quloqsizlik deb tushunadi. Internatga yuborilgan bolaning hayotida yangi rasm o‘qituvchisi paydo bo‘lgach, vaziyatga boshqacha qarash imkoni tug‘iladi: u Ishanning qiyinchiliklari ortida disleksiya borligini payqaydi.
Filmda ustozning muhim fazilati — shoshilinch xulosa qilmasligidadir. Nikumb bolaning nimada qiynalayotganini, nimaga qiziqishini tushunishga harakat qiladi. Ishanning o‘ziga ishonchi uchun esa bunday e’tibor va sabrning o‘rni katta hamda muhim hisoblanadi.
Voqealar maktabda kechsa ham, bu savol har qanday ta’lim va kasbiy muhitga tegishli: o‘rganuvchi siz tushuntirgan usulda o‘zlashtira olmasa, boshqa yo‘l izlashga tayyormisiz? Endi ish boshlagan xodimga yoki biror ko‘nikmani egallayotgan katta yoshli insonga munosabatda ham shu sabr kerak bo‘ladi.
Filmning eng ta’sirli tomoni — voqealarni bolaning hislari orqali ko‘rsatishi. Tanbeh eshitaverish, boshqalar bilan taqqoslanish va tushunilmaslik uning kundalik hayotida qanday iz qoldirayotganini ko‘rish mumkin. Shu sabab ustozning sabri va e’tibori ham tomoshabinga kuchliroq ta’sir qiladi.
Dangal

Sobiq kurashchi Mahavir Singx Phogat xalqaro maydonda erisha olmagan yutuqlarini farzandlari davom ettirishini istaydi. Qizlari Gita va Babitaning kuchi hamda qat’iyatini payqagach, ularni kurashga tayyorlashga kirishadi. Tonggi mashqlar, qat’iy tartib va tinimsiz mehnatga atrofdagilarning istehzosi ham qo‘shiladi: qizlarning kurash bilan shug‘ullanishini hamma ham tushunavermaydi.
Haqiqiy sportchilar hayotidan ilhomlangan “Dangal"da otalik va murabbiylik bir-biriga chambarchas bog‘langan. Mahavir qizlarining imkoniyatiga ishonadi, ular uchun o‘zi bilgan yo‘lni ochishga urinadi. Shu bilan birga, uning talabchanligi ota orzusi bilan farzand istagi o‘rtasidagi chegarani ham o‘ylashga majbur qiladi.
Filmning eng qiziq jihatlaridan biri — shogird ulg‘aygan sari ustoz bilan munosabati ham o‘zgarishi. Mustaqillik, kelishmovchilik va o‘z yo‘lini sinab ko‘rish bu munosabatning tabiiy qismiga aylanadi. Kurash sahnalari hayajon bag‘ishlasa, ularning ortidagi ishonch va mehnat hikoyaga hissiy kuch berib turadi.
Super 30

Matematikaga iste’dodi bor, ammo yaxshi ta’lim olishga puli yetmaydi. Anand Kumar ismli bosh qahramon kam ta’minlangan oilalardan chiqqan 30 nafar bilimli yoshni tanlab, ularni Hindiston texnologiya institutlariga kirish imtihoniga bepul tayyorlashga kirishadi.
Bolalarning oldida murakkab masalalardan tashqari kambag‘allik, tengsiz sharoit va o‘z imkoniyatlariga shubha kabi to‘siqlar turadi. O‘qituvchi ularga bilim berish bilan birga shu qo‘rquvni yengishga ham yordam beradi.
“Super 30"dagi ustozlikning ta’sirli tomoni — boshqa bir insonning kelajagiga katta umid bilan alohida vaqt, mehnat va ishonch sarflashida. Anand shogirdlaridan ko‘p narsani talab qiladi, o‘zi ham ularning taqdiriga befarq qaray olmaydi. Filmni ko‘rib, bir paytlar siz uchun qo‘shimcha vaqt ajratgan, qobiliyatingizni jiddiy qabul qilgan va kattaroq maqsadga undagan insonni eslashingiz mumkin.
The Karate Kid

Onasi bilan Xitoyga ko‘chib kelgan o‘n ikki yoshli Dre yangi muhitga moslashishda qiynaladi. Tengdoshlarining zo‘ravonligiga duch kelgan bolaga janob Xan yordam beradi. Oddiy ta’mirlash ustasi bo‘lib ko‘ringan bu inson aslida kung-fu ustasi boʻladi, u Drega o‘zini himoya qilishni o‘rgata boshlaydi.
Dre tezroq jang qilishni o‘rganishni istaydi, Xan esa mashg‘ulotlarni sabr, diqqat va intizomdan boshlaydi. Ularning munosabati davomida bola o‘z kuchini anglashni, qo‘rquviga yuzlanishni va harakatlari uchun javob berishni o‘rganadi. Mashqlar bilan birga o‘zaro ishonch ham shakllanib boradi.
Filmning qiziq va samimiy tomoni shundaki, ustoz ham o‘z dardi va zaifliklariga ega inson sifatida ko‘rsatiladi. Shogirdining hayotini o‘zgartirayotgan Xan undan ham ruhiy tayanch topadi. Shu bois “The Karate Kid"ni tomosha qilganda, yaxshi ustoz-shogird munosabati ikkala insonni ham o‘zgartirishi mumkinligini his qilasiz.
Ustozlarning hayotdagi o‘rnini ko‘pincha o‘zimiz birovga nimanidir o‘rgata boshlaganimizda yaxshiroq tushunamiz. Yangi hamkasbning savoliga javob berayotib, bir paytlar bizga ham shu ishni sabr bilan tushuntirishganini eslaymiz. Yoki qiyin qaror oldida yillar avvalgi bir suhbat yodimizga tushadi.
Balki, sizning ustozingiz bilan hech qanday umumiy suratingiz yo‘qdir. U bilan bir necha oy ishlagandirsiz yoki hayotingizning muhim bir davridagina yo‘llaringiz kesishgandir. Ammo bugun qilayotgan ishingizda, odamlarga munosabatingizda, o‘zingizga bo‘lgan ishonchingizda uning hissasi bor.
1-oktyabr ana shu insonlarni eslash uchun ham yaxshi bahona. Ularga shunchaki minnatdorchilik izhorlaridan tashqari, aynan nimani o‘rganganingizni, qaysi yordami yoki ishonchi siz uchun muhim bo‘lganini ayting. Bir paytlar siz uchun alohida ajratgan vaqti, mehnatlari hayotingizda qanday natijalar bilan davom etayotganini bilish — ustoz uchun eng qadrli xabarlardan biridir.
Robin Uilyams, Metyu Perri, Uill Smit: ustoz va murabbiylar haqidagi 7 film
Bugun, 1-oktyabr kuni Oʻzbekistonda "Ustoz va murabbiylar kuni" nishonlanmoqda. Koʻplab odamlarning yaxshi hayotga erishishiga asosiy sababchi boʻlgan insoni, albatta, ustozi boʻladi. Afisha.uz bayram munosabati bilan ustoz va murabbiylar haqidagi filmlarni bir yerga jamladi.