"Muxlislarni misqollab yig‘ganmiz". "Benom" guruhi konsertidan reportaj

E’lon qilingan sana· 1 228
"Muxlislarni misqollab yig‘ganmiz". "Benom" guruhi konsertidan reportaj

Yosh-u keksaning sevimli ijodkorlari bo‘lgan “Benom” guruhi yigitlari 28−30-aprel kunlari navbatdagi konsertini muxlislar e`tiboriga namoyish etdi. Afisha.uz muxbirlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida o‘tkazilgan dasturda mehmon bo‘lib, reportaj tayyorladi.

Konsert taniqli so‘z ustalari: Shukrullo Isroilov va Valijon Shamshiyevlarning “Benom” guruhi yigitlariga taqlid qilib, sahnada qo‘shiq kuylashi bilan boshlandi.

“Guruh yigitlarining ijodini necha yildan beri kuzatib kelayotgan bo‘lsam, ular har doim jonli ijro tarafdori bo‘lgan va konsertlarda ham jonli aytishga harakat qilishadi. Ular muxlislarini ko‘ngliga qaraydigan ijodkor. “Benom"ning konsertida boshlovchilik qilayotganimdan mamnunman. Yigitlarning kelgusi faoliyatlariga omad tilayman”, — dedi Valijon Shamshiyev.

“Benom” guruhi haqida gapiradigan bo‘lsam, bularning o‘zi benom, lekin rosa nomi chiqqan ijodkorlar. Sarvar va Komil juda yaxshi yigitlar: muomalali, aqlli, odobli. Masalan, meni qayerda ko‘rishsa, albatta, so‘rashib, hurmat qilishadi. Ularni muxlislari san’atsevar va yigitlar ijodini yaxshi ko‘rishini konsert davomida ko‘rdim. Qarang, zaldagilar birga qo‘shiq aytyapti. Yigitlar hamisha xalqimiz ardog‘ida bo‘lib, qo‘shiqlar aytib, ijod qilib yuraverishsin", — dedi Shukrullo Isroilov.

“Benom” guruhi a’zosi Sarvarning aytishicha, ular konsert repertuarini muxlislar yodida qolgan hit taronalari bilan shakllantirishga harakat qilgan.

“Konsertga ko‘p rejalar qilgandik, lekin hammasini amalga oshirishga ulgurmay, tushkunlikka tushib qolgandik. Dastur boshlanishiga uch kun qolganida chiptalarning hammasini sotilganidan xabar topdik. Bu bizni judayam quvontirib, ruhlantirdi. Muxlislarimizga minnatdorchilik bildarmiz”, — dedi Sarvar.

Tomoshabinlarning deyarli barchasi konsertning yakunigacha zalda o‘tirib, xonandalar bilan jo‘rovoz bo‘lganiga guvoh bo‘ldik.

“Muxlislarimizni misqollab yig‘ganmiz, ular bizga juda qadrli. Ijodni endi boshlagan paytlarimizda tinglovchilarimiz barmoq bilan sanarli edi. Yillar davomida ularning soni ortdi va konsert beradigan darajaga yetdik. Muxlislarni ijodimizga befarq emasligini bu galgi dasturimizda ham ko‘rib, xursand bo‘ldik”, — dedi Komil.

Uch blokdan ibrorat konsertda jami 21 ta tarona ijro etildi. “Sog‘inaman” va “Musofir ona” qo‘shiqlari premyera qilindi. O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Jenisbek Piyazov bilan esa Caruso ariyasi duet ko‘rinishida kuylandi.

“Konsert rejissyori dasturdan ancha kun oldin bizga sovg‘asi borligini aytib, „Dunyoga mashhur ariyalarni tinglab, mashq qilib turinglar“, degandi. Lekin konsertga aynan Jenisbek Piyazovning kelishini tasavvur ham qilmagandim. Milena Madmusayeva tashrif buyursa kerak, deb o‘ylagandim. Jenisbek aka bilan o‘zimiz yaxshi ko‘rgan ariyani ijro etganimiz ko‘p tomonlama foydali bo‘ldi. Ularga ham rahmat aytib qolamiz”, — dedi Sarvar.

Konsertda o‘zbek shou-biznesining o‘nlab taniqli vakillari mehmon bo‘ldi. Xususan, Oybek va Nigora, aktrisa Luiza Rasulova, vayner Bobur Mansurov hamda boshqalar zalda tomoshabinlar qatorida o‘tirib, hamkasblarini qo‘llab-quvvatladi.

YouTube kanalimizda bizning batafsil reportajimizni tomosha qiling:

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ