"Million"ning 10 yillik yubiley konsertidan reportaj

E’lon qilingan sana· 3 931
"Million"ning 10 yillik yubiley konsertidan reportaj

O‘zbekistondagi taniqli kulgi jamoalardan biri hisoblangan “Million"ning tashkil etilganiga 10 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan jamoa 1−14-may kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida yubiley konsertini muxlislariga taqdim etmoqda. Afisha.uz muxbirlari konsertning 4-kuni dasturda mehmon bo‘lib, eksklyuziv foto va video reportaj tayyorladi.

Jamoa yetakchisi Davron Kabulovning tahlillariga ko‘ra, “Million” o‘tgan 10 yil vaqt mobaynida “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida 114 kun konsert bergan. Unga yarim millionga yaqin tomoshabin tashrif buyurgan.

“Qo‘shni respublikalar, viloyatlar, amfiteatrlar va boshqa saroylardagi konsertlarni qo‘shib hisoblasak, “Million"ning tomoshabinlari milliondan oshibdi. YouTube orqali ko‘rishlar soni esa milliardga yaqinlashmoqda. Bu ham kichkina natija emas nazarimda. Bu hammasi byudjetdan bir so‘m pul olmaydigan jamoaning natijalari. O‘ylaymanki, ikkinchi o‘n yillikda “Million” yangicha ko‘rinishda sahnaga chiqadi”, — dedi u.

Yubiley konsertning maxsus mehmoni O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova bo‘ldi. Davron Kabulovning aytishicha, 10 yildan buyon taniqli va afsonaga aylangan san’atkorlar jamoa konsertida maxsus mehmon sifatida qatnashayotgan bo‘lsa, Yulduz Usmonova ular orasida pul masalasida savdolashmagan birinchi san’atkor bo‘lgan.

“10 yil davomida sahnada turib, muxlislarni ushlab turish oson emas. Shuning uchun jamoani 10 yillik yubiley bilan tabriklash uchun keldim. Davronjonni boshqa joylarda ham ko‘rib turaman, salom-aligimiz bor. Ijodkor sifatida hurmat qilaman. Chunki u ijodiga jiddiy yondashadigan yigit. Jamoadan kimlardir ketib qoladi va yangisi qo‘shiladi, bu davom etadigan jarayon. Ammo shunday holatlarda ham “Milion"ni ushlab turgan odam bu — Davron bo‘ladi. Jamoaning kelgusi ijodiy faoliyatiga ulkan zafarlar tilayman”, — deydi Yulduz Usmonova.

Dasturda oilaviy va jamiyatdagi ba’zi muammolar, so‘nggi paytlarda internetda trendga chiqqan holatlar hazil sifatida sahnaga olib chiqilgan.

Konsertga har kuni o‘zbek shou-biznesining taniqli vakillari mehmon sifatida tashrif buyurib, zalda tomoshabinlar qatori o‘tirib, chiqishlarni tomosha qilmoqda.

4-may kuni ham ko‘plab mashhur san’atkorlar, xususan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Samandar Hamroqulov, kinorejissyor Rustam Sa’diyev, xonanda Feruza Jumaniyozova, teleboshlovchilar Jamshid Umrzoqov va Zara Shirinova hamda boshqalar mehmon bo‘ldi.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ