“Biz ham bir yashasak maylimi?”: Jaloliddin Ahmadaliyev konsertidan eksklyuziv reportaj

Zamonaviy o‘zbek estrada xonandasi, ko‘plab mashhur qo‘shiqlar ijrochisi Jaloliddin Ahmadaliyev 29-maydan 1-iyunga qadar “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida navbatdagi konsertini o‘tkazmoqda.
“Biz ham bir yashasak maylimi?” deb nomlangan dasturda qo‘shiqlar to‘liq jonli ijro etilmoqda. Afisha.uz muxbirlari konsertdan eksklyuziv foto va video reportaj tayyorladi.
To‘liq jonli ijroda o‘tayotgan konsert 2 ta blokdan iborat. Jaloliddin Ahmadaliyev jami 22 ta tarona ijro etmoqda. Ular orasida xit darajasiga yetgan qo‘shiqlar ham, hali hech qayerda jarang sochmaganlari ham bor.
Xonandaning “19 yil” qo‘shig‘i bilan boshlangan dasturda birorta ham duet tarona yo‘q. Bu haqda Jaloliddin Ahmadliyevning o‘zi shunday deydi:
“Bu safar ham oddiylik va soddalikka ahamiyat qaratdik. Muxlislar qo‘shiqlarimni eshitish uchun keladi. Shu sababli ularga faqat qo‘shiq aytishni maqsad qildim. Jami 20 tadan ortiq tarona kuyladim. Duet masalasiga vaqt bo‘lmadi, ochig‘i”.
Konsert prodyuseri Barno Mirzaqobilovaning so‘zlariga ko‘ra, muxlislar talabi bilan konsert kunlariga yana bir kun qo‘shilgan.
“Jaloliddin bilan ikki yildan buyon hamkorlik qilib kelyapman. Uni o‘z o‘g‘limdek ko‘raman, u ham ona deb murojaat qiladi (kuladi). Joriy yilda uch kunlik konsert qo‘yish reja qilingan edi. Ammo muxlislar talabi bilan 1-iyun sanasida ham konsert taqdim etishga qaror qildik. Chiptalar kassalarda ham juda erta sotilib bo‘lindi, ammo haligacha talab katta. Konsert juda ko‘tarinki ruhda o‘tyapti. Eng ahamiyatlisi shuki, konsert oxirigicha zalni hech kim tark etmayapti. Zalda 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan muxlislarni ko‘rishingiz mumkin. Bu albatta, bizni quvontiradi”, — deydi u.
Barno Mirzaqobilova 2023-yilgi konsertda ko‘proq nimalarga ahamiyat qaratilgani haqida gapirarkan, “Bu yilgi konsertda ham raqqosalardan foydalanmadik, teatrlashtirilgan sahna chiqishlari yo‘q. Muxlislar xonandani tinglash uchun pul sarflab tashrif buyuradi va hech narsaga chalg‘imay, qo‘shiq eshitgisi keladi. Shuning uchun qo‘shiqlar to‘liq jonli ijroda aytilyapti. Har kungi konsert davomida kamchiliklarimiz ko‘zga tashlanyapti, rivojlanyapmiz. Jaloliddinning o‘zi ham o‘sishni xohlaydi va har bir narsaga ahamiyat qaratadi”, — deydi konsert prodyuseri.
Konsertga “Bravo” kulgi jamoasi a’zosi Umid Umarov hamda “Maksimum” kulgi jamoasi vakili Oybek Teshaboyev boshlovchilik qilmoqda. Qiziqchi Jamshid Normatov ham o‘z repertuari bilan tomoshabinlarga kulgu ulashmoqda.
“Jaloliddinni o‘tgan yilgi konsertida Shahlo, Jamshid va men qatnashgan edik. Bu yil ham taklif qildi, keldim va bundan albatta, xursandman. Boshlovchilikni yaxshi olib borishga harakat qilyapmiz. Bu safargi dasturda ham zal to‘la tomoshabin. Ular orasida yoshlar ham, keksalarni ham ko‘rish mumkin. Hatto Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistondan muxlislar kelyapti. Koreyalik yigitning sahnada Jaloliddin Ahmadaliyev qo‘shig‘ini aytganiga sizlar ham guvoh bo‘ldingiz. Xonandaga ulkan zafarlar tilayman. Omad kelganda o‘zini yo‘qotmasdan, elga xizmat qiladigan yaxshi inson bo‘lib yuraversin!”, — deydi “Bravo” kulgi jamoasi a’zosi Umid Umarov.
Reportaj tayyorlash davomida shunga guvoh bo‘ldikki, konsert rejissyori, grimyor va raqqosalarni uchratmadik. Xonanda bor e’tiborini sozandalarga va jonli ijroga qaratgan. Jonli ijrodagi konsertda 40 nafarga yaqin gitarachilar va boshqa o‘nlab musiqachilar ham yaxshigina mehnat qilayotgani yaqqol bilinib turibdi.
To’liq reportajni bizning YouTube sahifamizda tomosha qiling:

