Ikki avlodni uchrashtirgan shou. Afsonaviy "Bolalar" guruhi konsertidan reportaj

E’lon qilingan sana· 3 587
Ikki avlodni uchrashtirgan shou.  Afsonaviy "Bolalar" guruhi konsertidan reportaj

1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida afsonaviy “Bolalar” guruhi o‘zining navbatdagi konsertini muxlislariga taqdim qildi. Poytaxtdagi Humo Arena kompleksida o‘tgan shou dastur o‘ziga xos tarzda kechdi. Afisha.uz muxbirlari konsertda mehmon bo‘lib, eksklyuziv foto va video reportaj tayyorladi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, “Bolalar” guruhi solisti Tohir Sodiqovning aytishicha, konsertga uch oy davomida tayyorgarlik ko‘rilgan.

“Bu safargi konsertga nafaqat maktab bitiruvchilari, balki qo‘shiqlarimizni tinglab ulg‘aygan va bugun ota-ona maqomiga erishgan avlod vakillari ham tashrif buyurganidan xursand bo‘ldik. Shou konsertimizda ikki avlod vakillarini birlashtirganimiz bizni juda quvontirmoqda. Dasturga tayyorgarlikni uch oy oldin boshlagandik. Chiptalarni arzon narxlarda sotdik. Shu bois ham zal to‘la bo‘ldi. Konsertdan ko‘nglim yuz foiz to‘lmagan bo‘lsa-da, ammo muxlislarning birgalikda jo‘r bo‘lgani va raqslarga tushgani san’atkor sifatida meni quvontirdi”, — deydi Tohir Sodiqov.

Konsertda o‘z davrida hit bo‘lgan va haligacha sevib tinglanadigan retro taronalar ham, bir qancha yangi qo‘shiqlar ham kuylandi. “Bir necha yuzlab qo‘shiqlar orasidan saralab, konsert repertuarini shakllantirish oson bo‘lgani yo‘q, albatta. Ham katta avlod vakillari, ham yosh muxlislarimga yoqadigan ijod namunalarimni ijro etishga qaror qildik”, — deydi san’atkor.

Tohir Sodiqov ijodiy faoliyati davomida bir qator hamkasblari bilan omadli duet taronalar yaratgan. Ammo konsertda birorta ham duet kuylanmadi. Lekin san’atkor rossiyalik marhum hamkasbi Yuriy Shatunov qo‘shiqlaridan ijro etdi.

Konsertda Tohir Sodiqovning shogirdlari, xususan, “Bojalar” guruhi solisti Jahongir Poziljonov ham o‘z qo‘shiqlaridan aytdi.

“Shou dastur zo‘r o‘tdi. Ayniqsa, bolalagimni esladim. Sahnaga chiqayotib, balkonga qaragan paytim yoshligim yodga tushdi. Chunki „Bolalar“ guruhining hamma konsertida balkonda o‘tirib, tomosha qilardim. Lekin Tohir Sodiqovga shogird tushib, yonlarida yuraman deb hech o‘ylamaganman. Ularning qo‘llab-quvvatlashi sababli ham bugungi darajaga yetdik, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Ustozimga uzoq umr tilayman”, — deydi Jahongir Poziljonov.

Dastur mobaynida qiziqarli o‘yin tashkil etildi, ya’ni Tohir Sodiqov va Jahongir Poziljonov sahnadan turib, to‘rt tarafga koptok uloqtirdi. Uni qo‘lga kiritgan to‘rt nafar muxlis sahnaga taklif etildi va ularga AQSHdan olib kelingan gitaralar sovg‘a qilindi.

“Konsertda gitara sovg‘a qilish biz uchun an’anaga aylangan. Oldingi dasturlarimizda ham ko‘p gitaralar tuhfa qilganmiz. Mehmon bo‘lib kelgan muxlislar biror narsali bo‘lib ketishsa, o‘zimizni baxtli his qilamiz. Biz bergan gitaralar orqali kimlardadir yo‘nalishimizga qiziqish uyg‘onsa, balki kimdir gitara chalishni o‘rganib, san’at yo‘lini tanlasa ajabmas. Maqsadimiz ham shu aslida”, — deydi Tohir Sodiqov.

Konsert haqiqiy shou darajada o‘tdi. Yosh muxlislar ham, katta avlod vakillari ham qo‘shiqlarni birgalikda ijro etdi, raqslarga tushdi. Jonli ijrodagi konsert barcha mehmonlarda unutilmas xotiralar qoldirgan bo‘lishi shubhasiz.

Batafsil reportajimizni bizning YouTube kanalimizda tomosha qiling:

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling