"Bu kız bi’ afet": Toshkentda Zeynep Bastik`ning konserti bo'lib o'tdi

E’lon qilingan sana· 6 862
"Bu kız bi’ afet": Toshkentda Zeynep Bastik`ning konserti bo'lib o'tdi

10-iyun kuni Toshkentda joylashgan Xalqaro forumlar saroyida turkiyalik taniqli xonanda, raqqosa va aktrisa Zeynep Bastikning ilk yakkaxon konserti bo’lib o’tdi. Mart oyida o’tkazilishi kerak bo’lgan konsert Turkiyadagi zilzilalar tufayli iyun oyiga kechiktirilgan edi. To’liq jonli ijroda o’tgan mazkur tadbirda Afisha.uz muharrirlari mehmon bo’lib, maxsus eksklyuziv reportaj tayyorladi.

Konsert boshlanish vaqtidan biroz oldin biz tashrif buyuruvchilar bilan suhbatlashib, ularning fikrlari bilan qiziqdik.

“Zeynep Bastikni biz anchadan beri sevib, qo’shiqlarini tinglab kelamiz. Mart oyida konsert ko’chirilganini eshitganimizda ham chiptalarni qaytarmadik. Intizorlik bilan kutyapman”.

“Zeynep Bastik hozirda bizning oilaviy sevimli xonandamiz. Farzandlarim ham, o’zim ham mazza qilib eshitaman. Mashinada yurganimizda ayniqsa uning qo’shiqlarini sevib tinglab kelamiz”.

“Bodrumda dam olib yurganimizda uning konsertiga bormoqchi bo’lgandik, lekin iloj bo’lmagan. Toshkentga kelayotganini eshitib, darrov chiptalarni oldik. Kuylari juda yoqimli, o’zi ulardanda yoqimli qiz”.

Konsertga turli millat vakillari tashrif buyurganini, Ozarbayjon va Turkiya fuqarolari juda ko’pchilikni tashkil etganini ko’rish mumkin edi.

Zeynep o’zbekchada salomlashib, “Konsertimga xush kelibsiz” deya dasturini o’zining “Sana Bayılıyorum” qo’shig’i bilan boshladi. Toshkentlik tomoshabinlar uni juda iliq kutib oldi. Dasturdan uning mashhur “Uslanmıyor Bu”, “Yalan”, “Savastim Harbiden”, “Felaket” singari xit qo’shiqlari o’rin oldi.

Har bir qo’shiqlar ijrosi orasida Zeynep tomoshabinlar bilan to’gridan to’gri suhbatlashib, turli hazillar bilan yaxshi kayfiyat ulashardi.

“Kayfiyatlar qanday? Bilasizmi, men Toshkentga ilk marotaba tashrif buyurishim. Konsertdan oldin sayr qildik. Umrimdagi eng mazali mantilarni tatib ko’rdim”, — deya kulib qo’ydi xonanda.

Zeynep o’zining yangi “Eyvah” nomli qo’shig’ini ham kuyladi. Taqdim etilganiga ko’p bo’lmagan mazkur qo’shiqni tinglovchilar u bilan birga barralla kuyladi. “Wow! Kutmagandim!” — deydi xonanda.

Jonli ijro, raqslar, tashrif buyurgan har bir tinglovchiga alohida e’tibor — konsert juda samimiy ruhda o’tganidan dalolat berar edi.

Ko’pchilikka juda tanish bo’lgan Ezhel`ning “Felaket” qo’shig’ini Zeynep kaver sifatida ijro etgan. Ushbu tarona yangrashidan oldin u tomoshabinlarga yuzlandi:

“To'g'risini aytsam, konsertlarimda mehmonlar o’tirganini ko’rganimda biroz ranjiyman. Shu sababli yaqinroq keling, raqsga tushing, zavqlaning!” — deya xonanda sahna oldiga barchani chorladi.

Qo’shiq yangrashni boshlar ekan Zeynep mikrofonni tomoshabinlarga tutdi. Konsert oxirigacha tashrif buyuruvchilar xonanda bilan birga sahna oldida turib, raqsga tushishdi.

“Konsertdan juda mazza qildim. To’g’ri, ajoyib tarzda o’tishiga ishonardim, lekin Zeynep bu darajagacha meni ruhlantiradi deb o’ylamagandim. Yana kutib qolamiz!”, — deydi muxlisalardan biri.

To’liq reportaj bizning YouTube kanalimizda:

Nozima Xoshimova
Muallif
Nozima Xoshimova
Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling