"Men kutgandan ham a’lo o‘tdi". Xonanda Husanning ilk konsertidan reportaj

O‘zbek estrada xonandasi Husan 25−26-iyun kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida o‘zining ilk yakkaxon konsertini taqdim qildi. Ijodkorning 14 yillik ijodiy faoliyatidagi birinchi konsertida Afisha.uz muxbirlari ham mehmon bo‘lib, foto va video reportaj tayyorlashdi.
Konsert xonandaga mashhurlik olib kelgan va o‘z paytida hit qo‘shiqqa aylangan “Sog‘indim” taronasi bilan boshlandi. Shundan so‘ng ketma-ket boshqa qo‘shiqlar ijro etildi.
Husan san’at olamiga 2009-yilda kirib kelgan. U o‘tgan vaqt mobaynida nima uchun biror marta ham yakkaxon konsert dasturini namoyish qilmaganini quyidagicha izohladi:
“Buning albatta, o‘ziga xos sabablari bor. Eng katta sabab shuki, ayni ijodim gullagan davrda atrofimdagi ayrim yaqin odamlarim konsert qo‘yishim uchun menga yo‘l ko‘rsatib, maslahat berishmagan. Ya’ni ular to‘siq bo‘lishgan, desam ham bo‘ladi. Yillar o‘tib, Boburxon ismli do‘stimning qistovi va turtkisi bilan 2023-yilda ilk konsertimni taqdim etishga muyassar bo‘ldim. Bu qarorga kelishim ham oson kechmadi. Ikki yil deganda konsert qo‘yish qaroriga keldim”.
Xonandaning aytishicha, konsert taqdim etishdan oldin unda ikkilanish va qo‘rquvlar bo‘lgan.
“Boshida cho‘chidim, qo‘rqdim, xullas hamma narsa bo‘ldi. Odam kelarmikin, biletlar sotilarmikin, nima bo‘larkin, degan fikrlar ko‘p qiynadi. „Yoz faslida konsert berish qiyin, bekor issiq mavsumni tanlabsan“, degan gaplar ham aytildi. Ammo men tavakkal qilib, iyun oyida konsert namoyish etdim. Zal deyarli to‘ldi, konsert o‘zim kutgandan ham a’lo darajada o‘tdi. Issiq kunlarda konsertga kelib, oxirigacha meni qo‘llab-quvvatlab turgan barcha muxlislarimga rahmat aytaman”, — deydi Husan.
“Parijon” nomli konsertda jami 21 ta tarona ijro etildi. Ulardan to‘rttasi yangi tarona, qolgani esa retro qo‘shiqlardan iborat. Shuningdek, Husan vodiylik yosh xonanda Nurzida Isayeva bilan birga “Binafsha” duet taronasini ham kuyladi.
“14 yillik ijodiy faoliyatimda ko‘plab qo‘shiqlar yaratganman. Ular ichida xalqimiz ko‘nglidan joy olganlari ham talaygina. Shu sababli konsert dasturini shakllantirishda biroz qiynaldik. Hammasi eski qo‘shiqlar bo‘lib qolmasligi uchun to‘rtta yangi ijod namunamni konsertda premyera qildim”, — deydi xonanda.
Konsertda qiziqchi Elmurod Haqnazarov mehmon bo‘lib, o‘zining qiziqarli dasturi bilan zaldagilarga kulgi ulashdi.
“Konsertda Husan akaning taklifi bilan boshlovchilik va qiziqchilik vazifasini bajaryapman. Zal deyarli to‘ldi. Ularning ko‘pchiligi ayollar, ya’ni opa-singillarimiz ekanligini guvoh bo‘ldim. „Musofir“, „Aka“, „Do‘st“ nomli taronalari menga juda yoqdi. Husan akaning kelgusidagi ijodiy faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilab qolaman!”, — deydi Elmurod Haqnazarov.
Dasturda qo‘shiqlarga raqslarni “Toshkent zebolari” ansambli raqqosalari ijro etdi. Konsertga o‘zbek shou-biznesining taniqli vakillari, xususan, “Ummon” guruhi solisti Zohid Risqiyev va uning rafiqasi Kamola Artiqova, xonanda Vohidjon Isoqov, aktyor Dilshodbek Kattabekov, vayner Bobur Mansurov va boshqalar mehmon sifatida tashrif buyurishdi.

