"Yalala bobo yalla"`ning yangi talqini muallifi – Elyor Meliboyev konsertidan reportaj

E’lon qilingan sana· 4 802
"Yalala bobo yalla"`ning yangi talqini muallifi – Elyor Meliboyev konsertidan reportaj

“Artist” teleloyihasidagi ishtiroki hamda “Yalala bobo yalla” qo’shig’ini qayta kuylab, mashhurlikka erishgan xonanda Elyor Meliboyev 30-oktabr kuni ilk yakkaxon konsert dasturini taqdim etdi. 22 yoshidayoq “Xalqlar do’stligi” san’at saroyida to’liq jonli ijroda muxlislariga imtihon topshirgan xonanda konsertidan Afisha.uz muxbirlari reportaj tayyorladi.

Uch blokdan iborat konsertda jami 21 ta tarona to’liq jonli ijro etildi. Ular orasida “Yalala bobo yalla”, “G'iybatchilar”, “Davosan” kabi xit qo’shiqlar qatori o’nlab yangi ijod mahsullari ham kuylandi. Dasturni qiziqchi Elmurod Haqnazarov olib bordi.

“Yalala bobo yalla” qo’shig’ining ilk ijrochisi bo’lgan xonanda va taniqli teleboshlovchi Soat Sharipov ham konsertga tashrif buyurib, zalning old qatorida mehmon bo’lib o’tirdi.

“Elyorga hech qanday nafim tegmagan bo’lsa ham meni o’ziga ustoz deb biladi va hurmat qiladi. U ancha yillar oldin ijro etgan „Yalala bobo“ qo’shig’imni qayta kuylab, yana hayot bag’ishladi. Bu tarona hamma joyda jarang sochyapti, yosh-u keksa birdek sevib tinglayapti. Bundan albatta, xursandman. Elyorning bugungi katta muvaffaqiyati bilan tabriklayman”, — dedi Soat Sharipov.

Konsertda Elyor Meliboyevning ko’plab qarindoshlari, xususan, ota-onasi va buvisi ham mehmon bo’ldi. Xonanda minglab muxlislari qarshisida onasiga guldasta, dadasiga esa chopon kiydirib, ularga minnatdorchilik bildirdi. Shundan so’ng, repertuaridan o’rin olgan “Ota” va “Ona” taronalarini ijro etdi.

“Farzandim kichkinaligidan san’atga juda qiziqadi. Televizor va radioda jaranglagan qo’shiqlarga o’yinga tushardi, to’ylarda esa sozandalarning yoniga borib, ularni tomosha qilardi. Undagi bunday qiziqishni ko’rib, 5-sinfligidan musiqa va san’at maktabiga berganmiz. Biz har doim farzandlarimizning qiziqishini qo’llab-quvvatlaganmiz. Elyorbekning bugungi yutuqlariga erishib, el nazariga tushishini tasavvur qilmaganmiz, tushimizga ham kirmagan. O’g’limning „Ona“ taronasini muxlis sifatida ko’p eshitaman, ta’sirli chiqqan”, — dedi xonandaning otasi Zuhriddin Mehmonov.

Elyor Meliboyev konsertdan bir necha hafta oldin muxlislari o’rtasida chellenj o’tkazgan edi. Tanlovda g’olib bo’lgan uch ishtirokchi sahnada yana “Davosan” taronasini jonli ijroda kuylab, o’zaro bellashdi. Zaldagilarning olqishi g’olibni aniqlab berdi. Tanlovda yutgan qiz va chellenjda u bilan birga qo’shiq aytib, qatnashgan ikki dugonasiga tashkilotchilar tomonidan Dubayga sayohat uchun yo’llanma taqdim etildi.

Konsertda faqat bitta duet tarona kuylandi, aniqrog’i, Elyor Meliboyev “Chorbog'i bolo” taronasini hamkasbi Hojiakbar Ro’zimetov bilan birga ijro etdi.

Dasturda o’zbek san’atining taniqli vakillari, jumladan, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artistlar — Abdulla Qurbonov, Mehriddin Rahmatov, Lola Ahmedova, xonanda A’lo Rahimova, qiziqchi Zokir Ochildiyev, instabloger DiliMe, “Dizayn” jamoasi a’zosi Sa’dulla Fathullayev va boshqalar tashrif buyurdi.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ