Katta kino-konsert: "Benom" guruhining yangi qo'shiqlari taqdim etilgan musiqiy dasturdan reportaj

E’lon qilingan sana· 1 558
Katta kino-konsert: "Benom" guruhining yangi qo'shiqlari taqdim etilgan musiqiy dasturdan reportaj

O’zbekistondagi taniqli “Benom” guruhi 27−29-noyabr kunlari “Xalqlar do’stligi” san’at saroyida navbatdagi konsertini namoyish qilmoqda. “Agarda” nomli kino-konsertdan 15 ta tarona o’rin olgan. Afisha.uz muxbirlari to`liq jonli ijroda o’tayotgan dasturning ilk kunida mehmon bo`lib, reportaj tayyorladi.

“Benom” guruhi xonandalari Sarvar va Komil shu yilning aprel oyida ham “Xalqlar do`stligi” san’at saroyida yakkaxon konsertini taqdim etgan edi. Oradan yetti oy o’tib, guruh yana katta sahnada uch kun konsert bermoqda.

“Bir yil ichida ikkinchi marta konsert qo’yishimizga sabab — bu muxlislar talabi, shuningdek, o’zimiz ham mas’uliyatni his qildik. Har yili konsertdan keyin ijodimizga befarq bo`lmagan odamlar ijtimoiy tarmoqlar orqali „biz konsertga tushishga ulgurmadik“, „bilet topa olmadik“ kabi mazmunda turli e`tirozlarini bildiradi. Bahordagi konsertdan keyin ham shunday fikrlarni ko`p eshitdik, o`qidik. Shu bois ham noyabr oyida yana konsert berishga qaror qildik. To’g’risini aytsak, konsert kunlarini e`lon qilishdan oldin biroz cho`chidik, ya`ni bir yilda ikki marta konsert berish ko`plik qilmaydimi, biletlar sotilarmikin, degan ikkilanishlar bo`ldi. Lekin 21-oktabrgacha barcha biletlar sotildi. Bundan juda quvondik. Apreldagi dasturda faqat xit qo`shiqlarimizni aytgandik. Bu safargisi kino-konsert bo`lib, asosan, premyera taronalarni kuylayapmiz”, — dedi guruh vakili Sarvar.

Odatda mezbon san`atkor konsertiga bir qator hamkasblarini taklif etadi, mehmon ijodkor esa uni muxlislar singari zalda qo`llab-quvvatlaydi. Ammo “Benom” guruhi konsertining ilk kunida zalning old qatorida birorta ham taniqli insonga ko`zimiz tushmadi. Hatto, dastur repertuarida duet tarona ham yo`q. Guruh vakillari bunga shunday izoh berdi:

“Duet qo`shiq bo`lishi kerak edi. Ammo ayol hamkasbimiz konsertga bir necha kun qolganida shamollab, ovozini yo`qotib qo`ydi va shuning uchun kela olmadi. Fonogramma bo`lganida kelgan bo`lardi. Biroq biz hamma taronalarni to`liq jonli ijro etyapmiz. Odatda konsertga ikki hafta qolganida, taklifnoma tarqatardik. Bu safar hamma biletlar 21-oktabr kuni sotilib bo`linganini eshitib, xayron qoldik. Birorta ham hamkasbimizni, yaqin san`atkor do`stlarimizni taklif qila olmaganimizdan juda ham hijolat bo`lyapmiz”, — dedi Sarvar.

“Agarda” nomli kino-konsertda jami 15 ta qo`shiq jonli ijro etilmoqda. Shundan, 5 ta tarona karaoke variantda zaldagi muxlislar bilan birga kuynamoqda. Muxlislar orasida nafaqat yoshlarni, balki katta avlod vakillarini ham uchratish mumkin.

Xonandalarning ma`lum qilishicha, “Benom” guruhi 2024-yilning may oyida yana konsert berishni rejalashtirmoqda. Shu tariqa guruh bir yilda ikki marta jonli ijroda konsert taqdim etishni an`anaga aylantirishni maqsad qilganligi ta`kidlandi.

Eslatib o`tamiz, konsert 29-noyabrgacha davom etadi.

To’liq reportajni bizning YouTube kanalimizda tomosha qiling.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ