"Bunyodkor" stadioni Jennifer Lopes konsertini oʻtkazish uchun tayyormi?

16-iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Kreativ turizm — O‘zbekiston turizmi rivojining yangi drayveri” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib oʻtdi. Shuningdek, anjuman davomida Toshkentda 7-avgust kuni boʻlib oʻtadigan Jennifer Lopesning konserti haqida ham soʻz bordi.
Matbuot anjumanida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisining birinchi o‘rinbosari Elmurod Najimov, Turizm qoʻmitasi raisning birinchi oʻrinbosari Jamshid Abdusalomov va “iTicket.uz” sayti vakili Teymur Taymazov ishtirok etdi.
Qayd etilishicha, Jennifer Lopesning konserti o‘z ko‘lami va miqyosi bo‘yicha Oʻzbekistonda o‘tkaziladigan eng yirik musiqiy tadbir bo‘ladi. “iTicket.uz” chipta operatori ma’lumotlariga ko‘ra, chiptalarning 40 foizini dunyoning 50 dan ortiq mamlakatiga mansub tomoshabinlar xarid qilgan.
“Bizda konsertga parallel ravishda Oʻzbekistondagi diqqatga sazovor joylar, muzeylar va boshqa tadbirlarga ham chipta sotiladi. Konsert sanasi va unga yaqin kunlarda Toshkent, Buxoro, Samarqand va Xivadagi tadbirlarga ham chiptalar sotuvi oʻsdi”, — deydi Teymur Taymazov.
Shuningdek, 25 mingga yaqin tomoshabinni sig‘dira oladigan “Bunyodkor” stadioni keng ko‘lamli konsertlarni o‘tkazish uchun maxsus modernizatsiyalashtirilgani ma’lum qilindi.
“Jennifer Lopes bilan kelishuvga qadar biz „Bunyodkor“ stadionida ikkita eksperiment oʻtkazdik. Maydonimiz qanchalik chidamli ekanini bilish uchun konsert davomida stadionda boʻladigan barcha kerakli asbob-uskunalarni olib bordik. Eksperiment davomida yarim tonna yukni 2 kvadrat maydonga qoʻydik va ikki sutka qoldirdik. Ikki kundan keyin tekshirganimizda gazon bilan hammasi yaxshi ekanini koʻrdik, eksperiment yaxshi oʻtdi. Stadion konsertni qabul qilishga tayyor”, — deydi Elmurod Najimov.
Ma’lumot uchun, Jennifer Lopesning konsertiga chiptalar sotuvi davom etmoqda va ularni 1 040 000 so‘mdan 4 100 000 so‘mgacha boʻlgan narxda xarid qilish mumkin.
Jennifer Lopes
"Milliy" (Bunyodkor) stadionida Jennifer Lopesning konserti boʻlib oʻtadi.
Jennifer Lopez ilk bor Toshkentda konsert beradi
Jahon yulduzi Up All Night — LIVE IN 2025 jahon sayyor chiqishi doirasida O‘zbekistonda kontsert beradi.