Otabek Madrahimov, Yunka va YPX xodimlari: “Million” jamoasining 2026-yilgi konserti qanday o‘tdi? Reportaj

O‘zbekistondagi taniqli kulgu jamoalaridan biri “Million” 1−10-aprel kunlari navbatdagi yakkaxon konsertini taqdim etdi. Afisha.uz muxbiri shov-shuvli konsert berishga odatlangan jamoaning “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida o‘tgan dasturidan reportaj tayyorladi.

Konsert avvalida “Million"chilar “Formula — 1” o‘yinlari ishtirokchilari kiyimida poygaga oid sahna ko‘rnishini namoyish etdi.

Jamoa a’zolari bu yilgi dasturda jamiyatdagi muammolarga ko‘proq ahamiyat qaratgan. Qo‘pol munosabatga duch kelayotgan YPX xodimlari, haydovchilik guvohnomasisiz rulga o‘tirayotgan yoshlar, jamiyatdagi tengsizlik, korrupsiya va poraxo‘r rahbarlar, xo‘jako‘rsinlik, qamoqxonada jazo muddatini o‘tayotgan mahbuslar kabi ko‘plab ijtimoiy masalalarni kulgu orqali nishonga urgan.

Yunka — maktab o‘quvchisi, Ruhsora Emm — ingliz tili o‘qituvchisi
Xonanda Farruh Fazel va uning musiqiy jamoasi “Million"ning har konsertida sahna ko‘rinishlariga bezak berib, qo‘shiqlar ijro etib keladi. Bu yil ham ushbu an’ana guvoh bo‘ldik.
“Million” jamoasi bilan ishlashning plyuslari juda ko‘p. Bitta misol, turli tillar va uslubdagi qo‘shiqlarni kuylab, o‘z iste’dodimni ko‘rsatib beraman. Minus tarafini hali ko‘rmadim. Jamoa konsertlaridagi ishtirokim ijodimga katta ta’sir ko‘rsatib, ochilmagan qirralarimni namoyon etishda tajriba maydoni hisoblanadi. Katta sahnani ilk bor “Million” orqali ko‘rdim. Davron Kabulovni esa ustozim, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki har tomonlama: muomalasi, o‘zini tutishi kabi fazilatlari bilan ko‘pchilik qatori menga ham ustozlik qiladi. Undan juda ko‘p narsalarni o‘rganib kelyapman. Jamoani boshqarish va har bir a’zo ko‘ngliga qarab, qo‘llab-quvvatlash oson ish emas. Uning bu boradagi tajribasi va hatti-harakatlariga ham havas qilaman", — deydi Farruh Fazel.

Joriy yilgi konsertda bir qancha taniqli insonlar ham turli sahna ko‘rinishlarida chiqish qildi. Ulardan biri Yunka taxallusi bilan tanilgan instabloger va qo‘shiqchi Yunetta Akopyan bo‘lib, u “Kosmos” yigitlari tarkibida rol ijro etdi.

“Million” konsertida sahnaga chiqish kichik bir orzu edi. Taklif mendan chiqdi va “Kosmos” guruhi tarkibida shahardan qishloqqa kelib o‘qiyotgan maktab o‘quvchisi rolini ijro etyapman. Jamoadagi barcha akalarning tajribasi bor, aktyorlik mahorati ham kuchli. Ular bilan birga ishlab, oz bo‘lsa ham nimadir o‘rgandim, katta sahnaga chiqib, tajriba to‘pladim. Bu konsertda ishtirok etish bir tarafdan qiyin bo‘ldi, ammo o‘ziga yarasha zavqi ham bor. Mazkur yutug‘imni yaqinlarim, ayniqsa, ayam va dadam qo‘llab-quvvatladi. Mening orzum amalga oshsa, ular baxtli bo‘ladi. Agar “Million” yoki “Kosmos"da guruh a’zosi bo‘lish taklifi berilsa, albatta, qabul qilaman”, — deydi Yunka.

Bundan tashqari inflyuyenser va xonanda Ruhsora Emm ham o‘z taronalari hamda o‘qituvchi roli bilan sahna ko‘rinishlarda qatnashdi.
“Million” konsertida qo‘shiq kuylashni orzu qilardim. Menga bilet olib kelgan yigitlarga minnatdorlik bildirarkanman, “Keyingi yil albatta, mehmon san’atkor sifatida jamoa dasturida chiqish qilaman va bunga bir yil tayyorgarlik ko‘raman”, dedim. Bir necha kun o‘tib, Davron aka bilan ko‘rishdik va taklif bildirdi: “Bitta sahna ko‘rinishida ingliz tili o‘qituvchisi rolini ijro qilib ko‘ring, siz inglizchani yaxshi bilasiz, bu tajriba bo‘ladi”, deb qoldi. Bunga bajonidil rozi bo‘ldim. 10 kun davomida ingliz tili o‘qituvchisi rolidan tashqari “Gaza Bas”, “Qafaslar” kabi bir qancha qo‘shiqlarimni ham kuyladim. Bu men uchun juda hayajonli kechdi. Chunki aynan katta sahnada jonli kuylash tajribam yetarli emasdi va “Million” menga katta tajriba bo‘ldi", — deydi Ruhsora Emm.
Konsertning maxsus mehmoni — Otabek Madrahimov
“Million"ning har bir konsertida taniqli va el sevgan TOP san’atkorlar mehmon bo‘lib, sahnaga chiqishi an’anaga aylangan. Ikki yildirki, xorijda istiqomat qilayotgan vatandosh san’atkorlarning mehmon bo‘lishi odatga kirdi. 2025-yilgi konsertda Rossiya Federatsiyada yashab, ijod qilayotgan afsonaviy xonanda Sogdina retro qo‘shiqlari bilan qatnashgan edi.

Bu yilgi dasturda esa ancha yildan beri Amerikada yashayotgan 90-yillarning mashhur xonandasi Otabek Madrahimov “Malika Budur”, “Omad”, “Lola” kabi xit qo‘shiqlari bilan konsertga yana-da fayz bag‘ishladi.
“Jamoa konsertida chiqish qilish taklifi ikki yil oldin tushgan edi. Ba’zi sabablarga ko‘ra, ishtirok eta olmagandim, 2026-yilga nasib qilgan ekan, qatnashyapman. Yurtimga qaytib kelib, katta sahnada yana chiqish qilishim va muxlislarim bilan diydor ko‘rishishimga sababchi bo‘lgan Davron Kabulov hamda uning „Million“ jamoasiga minnatdorlik bildiraman”, — deydi u.

“12 yillik tanaffusdan so‘ng muxlislarim qarshisida qo‘shiqlar aytish ham katta baxt, ham ulkan mas’uliyat. Xuddi 35 yil oldin ilk bor katta sahnaga chiqqandek his-tuyg‘ular o‘tdi. Aslida biz ijodkorlar shu xalq, ya’ni muxlislar bilan tirikmiz. Ularni hech qachon ajratmayman, har biri o‘ziga yoqqan taronalarni tanlab eshitadi. Sahnaga chiqqanimda qanday kutib olayotganini o‘zlaringiz ko‘rib turibsizlar. Shu sababli muxlislarimning barchasini har doim yaxshi ko‘rganman va judayam sog‘inganman”, — deya qo‘shimcha qildi Otabek Madrahimov.
Xonanda joriy yilning dekabr oyida Toshkentda yubiley konsertini qo‘yish rejasi borligini ta’kidladi.

“Farzandlarim xorij universitetlarida o‘qishni orzu qilgan edi va ularning istaklarini qo‘llab-quvvatladik. Bolalarim katta bo‘lib qoldi, nabiram ham bor. Buyog‘iga endi hammasi o‘z aravasini tortib ketadi, biz ham o‘z faoliyatimizni davom ettiramiz. Shu sababli Vatanimga qaytdim. Toshkentda ijodimni davom ettirmoqchiman, Amerikaga ham borib kelib yuraman. Meni sog‘ingan muxlislarim uchun ko‘plab sovg‘alar tayyorlab qo‘yganman. Yil davomida yangi taronalari taqdim etaman. Dekabrda esa yubiley konsertim bo‘lib o‘tadi, hozir shunga tayyorgarlik jarayonlari bilan bandman. Shuningdek, kinodagi faoliyatim ham davom etadi”, — deydi Madrahimov.
Konsertdan koʻproq suratlarni quyida tomosha qilishingiz mumkin.