“Ummon baribir ummonde”. “Ummon”ning Humo Arena’dagi konserti qanday o‘tdi? Reportaj

E’lon qilingan sana· 972
“Ummon baribir ummonde”. “Ummon”ning Humo Arena’dagi konserti qanday o‘tdi? Reportaj

O‘zbek estradasining taniqli guruhlaridan biri “Ummon” 19-may kuni Humo Arena’da yakkaxon konsertini namoyish qildi. 10 yillik tanaffusdan so‘ng jamoa vakillari: Zohid va Shohrux ishtirokida o‘tgan “Sog‘inganim mani” nomli dasturda hit taronalar ijro etildi. Afisha.uz muxbirlari konsertdan reportaj tayyorladi.

2008-yilda Zohid Risqiyev tomonidan tuzilgan va “Sokin tun” taronasi bilan shuhrat qozongan “Ummon” guruhi 18 yil davr ichida jamoaviy oltinchi konsertini Humo Arena’da taqdim etdi.

10 yillik tanaffusdan so‘ng namoyish qilingan konsert uch blokdan iborat bo‘lib, ikki soat davom etdi. Unda guruh vakillari birgalikda yaratgan va o‘z davrida hitga aylangan 30 ga yaqin qo‘shiqlar kuylandi. “Qanday unutding?”, “So‘nggi tola”, “Dengiz”, “Yo‘q” singari taronalarni 10 mingga yaqin muxlislar jo‘rovoz bo‘lib ijro etdi. Ayrim taronalarda guruh vakili marhum Jasur Rafiqovning ovozi ham yangradi. Bu esa Humo Arena’dagi muxlislarning yana-da olqishiga sabab bo‘ldi.

Bir paytlar Munisa Rizayeva, Shahzoda kabi taniqli xonandalar bilan aytilgan duetlarning birortasi konsertda jarang sochmadi.

“O‘zimizning 400 dan ziyod taronamiz bor. Ular ichidan 30 ga yaqinini saralash ham oson kechmadi. Duet aytish rejamizda bor edi. Lekin unga tayyorgarlik ko‘rishga ulgurmadik, vaqt yetmadi. Shu sababli bu safar duet bo‘lmadi”, — deya izoh berdi Shohrux.

“Mehnati orqali katta muxlislar armiyasiga ega bo‘lishdi”

Fanzonada “Ummon"ning muxlisi bo‘lgan taniqli shou-biznes vakillari va blogerlar ham ko‘rinish berdi.

“Hamkasb sifatida guruh yigitlarini juda ham hurmat qilaman. Turli negativ fikrlar aytilib, toshlar otilgan vaqtlarda ham ijod qilib, olg‘a intilishdan to‘xtashmadi. Mehnati orqali juda katta muxlislar armiyasiga ega bo‘lishdi. Ozgina sinov kelganda ham bir-birini qo‘llab-quvvatlab, yana sahnaga chiqqani ularning yutug‘i. Buyog‘iga ijoddan hech qachon to‘xtashmasin. Qo‘shiqlarini yurakka yetib boradigan darajada ijro qilishlari yoqadi. O‘zim ham ko‘p qo‘shiqlarini muxlis sifatida sevib tinglayman”, — deydi Oybek va Nigora dueti vakili Nigora.

“12 yildan beri „Ummon“ muxlisiman. Guruh tarqalib ketgunga qarad yaratilgan barcha qo‘shiqlarni yoddan bilaman. „Ummon“ hozir yana birga ekani albatta, quvonarli holat. Yangi qo‘shiqlar aytib, bizni xursand qilishdan to‘xtab qolishmasin. Bu so‘nggi tola bo‘lmasin, har doim hammasi davomiy bo‘lsin”, — deydi bloger Kamola Oripova.

“Muxlislar sog‘inchini his qildik”

Konsertdan so‘ng guruh vakillari jurnalistlarga intervyu berarkan, dastur ular kutgan darajadan ham a’lo o‘tganini ta’kidladi.

“Bilasizmi, sahnaga chiqishdan oldin juda ham kuchli hayajonda bo‘ldik. Chunki 10 yil davomida birga sahnaga chiqmagan edik. Sahnada muxlislar sog‘inchini albatta, his qildik. To‘g‘risini aytsam, konsert bu darajada bo‘ladi, deb o‘ylamagandik, kutganimizdan ancha zo‘r bo‘ldi. Buning uchun muxlislarimizga rahmat aytamiz, bizlarni qo‘llab-quvvatlagani va unutmaganidan cheksiz xursand bo‘ldik”, — deydi Shohrux.

“Muxlis bevafo bo‘ladi, degan gapni juda ko‘p eshitamiz. Lekin “Ummon"ning muxlislari bunday emas ekan, buni bugun isbotlashdi. Chunki 10 yillik tanaffusdan keyin ko‘p xonandalar san’atni tark etdi, hozirgi xitlar ham ikki-uch oy yashayapti. Ammo 10 yil ijod qilmasak ham bizning muxlislar qo‘shiqlarimizni tinglashdi, ulg‘ayishdi. Ular qatori biz ham o‘z taronalarimiz bilan katta bo‘ldik”, — deya qo‘shimcha qildi Shohrux.

Guruh a’zolari keyingi yil ham konsert berish reja qilinganini aytdi.

“Bu dasturdan keyin viloyatlar bo‘ylab tur o‘tkazamiz. Yaqin orada Samarqand, Buxoro, Navoiyda konsertlar qo‘yamiz. Keyingi yilga ham Humo Arena’da va hudadlarda tur konsertlar berishni rejalashtiryapmiz”, — deydi Zohid.

Koʻproq suratlarni quyida tomosha qilishingiz mumkin.

Mirolim Isajonov
Muallif va fotosuratchi
Mirolim Isajonov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling